Trampning Hindistonga nisbatan yangi tarif qarori: savdo urushi yangi bosqichda
AQSH prezidenti Donald Tramp Hindistonga qarshi yangi savdo cheklovlarini joriy qildi. Chorshanba kuni Vashington Rossiya neftini import qilgani uchun Nyu-Dehliga qoʻshimcha 25 foizlik boj eʼlon qildi. Bu bilan Hindiston neftiga jami 50 foizlik tarif qoʻllaniladigan boʻldi.
Bu qaror mutaxassislarning hayratiga sabab boʻldi. Chunki Hindiston AQSH bilan savdo muzokaralarini boshlagan ilk davlatlardan biri boʻlgan va Tramp hamda Modi ommaviy chiqishlarda bir-birini “doʻst” deb atagan edilar.
Soʻnggi haftalarda ikki davlat oʻrtasida kelishmovchilik belgilarini koʻrish mumkin edi. Jumladan, oʻtgan hafta Tramp Hindistonni Rossiya nefti va qurol-yarogʻi sotib olgani uchun tanqid qildi hamda har ikki davlatni “oʻlik iqtisodlar” deb atadi.
Unga koʻra, muzokaralar natija bermayapti va bu holat uning maʼmuriyatini qoniqtirmayapti.
2024-yilda AQSH va Hindiston oʻrtasidagi oʻzaro savdo hajmi taxminan 212 milliard dollarni tashkil etgan. Savdo farqi Hindiston foydasiga 46 milliard dollar atrofida boʻlgan. Modi keyingi besh yilda bu koʻrsatkichni 500 milliard dollargacha yetkazishni rejalashtirayotganini bildirgan edi.
Reutersʼga koʻra, muzokaralar doirasida Hindiston AQSH sanoat mahsulotlariga bojlarni olib tashlashni va mudofaa hamda energetika sohalarida xaridlarni oshirishni taklif qilgan. Avtomobil sanoati lobbisining qarshiligiga qaramay, avtomobil bojlarini ham kamaytirish masalasi muhokama qilingan.
Tramp avvalroq Hindiston va Pokiston oʻrtasidagi soʻnggi mojaroda “sulhga erishishda vositachi” boʻlganini taʼkidlagan. Ammo Nyu-Dehli buni rad etgan va Modi u davrda Tramp bilan muloqotda boʻlmaganini maʼlum qilgan.
Osiyo jamiyati siyosat institutining Janubiy Osiyo tashabbuslari rahbari Farva Aamer fikricha, bu voqealar Hindiston uchun noqulay vaziyat yaratmoqda.
“Hindistonning anʼanaviy sherigi Rossiya bilan aloqalarni saqlagan holda AQSH bilan ham strategik hamkorlikni davom ettira oladimi? Bu — tashqi siyosat uchun jiddiy sinov”, — dedi Aamer.
Hindiston hukumati AQSHning yangi tarifini “adolatsiz va asossiz” deb atadi. Ular Rossiya neftini xarid qilish 1,4 milliard aholisi boʻlgan mamlakatning energiya xavfsizligini taʼminlash uchun zarur ekanini taʼkidlamoqda.
Shu bilan birga, Aamerning soʻzlariga koʻra, Hindiston oʻzini zaif koʻrsatmoqchi emas:
“Modi xalqaro sahnada oʻrniga ega va mamlakat tashqi siyosatini mustaqil boshqarishi lozim”.
AQSHning boj siyosati Hindistondagi ishlab chiqarish salohiyati kengayayotgan paytga toʻgʻri keldi. Masalan, “Apple” kelgusi yildan boshlab AQSHda sotish uchun moʻljallangan barcha iPhone smartfonlarini Hindistonda yigʻishini eʼlon qilgan.
Hozircha elektronika bojlardan ozod, ammo 50 foizlik tariflar mavjud davlatlar biznes uchun xavfli signal hisoblanadi. Bu esa Trampning boshqa tariflari kabi noaniqlikni kuchaytiradi.
Hozirda Hindiston Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi va Xitoy bilan munosabatlarni barqarorlashtirishga harakat qilmoqda. Modi avgust oyi oxirida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etishi kutilmoqda. Bu uning 2020-yildagi chegara toʻqnashuvidan keyin Xitoyga birinchi tashrifi boʻladi.
AQSH va Hindiston oʻrtasidagi munosabatlar sinovli pallaga kirdi. Har ikkala mamlakat bu jarayonda diplomatik yechim va strategik manfaatlar oʻrtasida muvozanatni topishi lozim boʻladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring