Agar Tramp Grenlandiyani oʻz taʼsiriga boʻysundirishga qaror qilsa, Yevropa qanday javob qaytarishi mumkin?
Grenlandiya poytaxti Nuukning manzarasi, 2025-yil 3-noyabr.
AQSH prezidenti Donald Trampning Grenlandiyaga boʻlgan daʼvolari tobora qatʼiylashib bormoqda. Agar avvalroq Yevropa hukumatlari buni jiddiy qabul qilmagan boʻlsa, endilikda ular AQSH prezidentining ritorikasini inkor etmayapti va “umidsiz holda” qarshi choralar rejalarini ishlab chiqmoqda, deb yozadi Politico. Nashr jurnalistlari rasmiylar, diplomatlar, ekspertlar hamda NATO vakillari bilan suhbatlashib, Yevropa Trampni Grenlandiyani qoʻlga kiritishdan qanday tiyib qolishi mumkinligi va u baribir bunday qarorga kelsa, qanday variantlar mavjudligini oʻrgangan.
Daniyalik sobiq deputatlardan biri shunday degan: “Hamma shok holatida va qoʻlimizda aslida qanday vositalar borligini yaxshi tasavvur qila olmayapti”. “Ammo bu savollarga javob bizga zudlik bilan kerak”, — deya qoʻshimcha qilgan u.
Murosani izlash
Tramp Grenlandiya AQSH xavfsizligi uchun hayotiy ahamiyatga ega ekanini taʼkidlab, Daniyani Arktikada Rossiya va Xitoy harbiy faolligining ortishiga qarshi yetarli chora koʻrmayotganlikda ayblamoqda. Politicoʻga koʻra, inqirozdan eng tez chiqish yoʻli Trampga buni gʻalaba sifatida koʻrsatish imkonini beradigan, Daniya va Grenlandiyaga esa “yuzni saqlab qolish”ga yordam beradigan kelishuv boʻlishi mumkin. Bunday kelishuvni tuzishda NATO Grenlandiya, Daniya va AQSH oʻrtasida vositachi boʻlib chiqishi mumkin, deydi alyansning sobiq yuqori lavozimli amaldori.
NATOdagi ittifoqdoshlar, shuningdek, Trampga Arktikada Grenlandiya xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan yangi takliflar berishni ham muhokama qilmoqda — garchi orolga Rossiya va Xitoy kemalari tomonidan tahdidlar haqidagi qarashlar koʻpincha boʻrttirilgan, degan fikrlar mavjud boʻlsa ham. NATOdagi uch diplomatning aytishicha, alyans Arktikada mudofaa xarajatlarini oshirish, mintaqada koʻproq harbiy mashgʻulotlar oʻtkazish va Grenlandiyani qoʻriqlash uchun qoʻshin joylashtirish imkonini koʻrib chiqishi kerak.
Politico manbalaridan ikkitasi alyans mintaqada “Arktik qorovul” (Arctic Sentry) deb atalgan harbiy missiyani yoʻlga qoʻyishga ham tayyor boʻlishi lozimligini qoʻshimcha qilgan — bu “Sharqiy qorovul” va “Baltika qorovuli” missiyalariga oʻxshash boʻladi. Manbalardan biriga koʻra, mintaqada alyansni mustahkamlash uchun “qoʻldan keladigan barcha ish maksimal darajada qilinishi shart”.
Koʻproq pul
Bu variantning mohiyatini Politico “Grenlandiyani pulga koʻmish” deb taʼriflaydi. Nashr yozishicha, Trampning ishorasi shundan iboratki, agar Grenlandiya AQSH bilan kelishuv imzolasa, u “amalda Amerika pullariga gʻarq boʻladi”. Shu bois Yevropa Ittifoqi va Daniya grenlandiyaliklarni oʻzlari yanada jozibaliroq shartlarni taklif qila olishlariga ishontirishga urinmoqda.
Sentyabr oyida, Tramp Grenlandiyaga nisbatan daʼvolarini ilgari sura boshlaganidan soʻng, Yevrokomissiya 2028-yildan boshlab yetti yil ichida Grenlandiyaga sarflanadigan mablagʻni ikki barobardan ziyod oshirish (530 million yevrogacha) rejasini taklif qilgan. Bu mablagʻlar Daniyaning oʻz-oʻzini boshqaruvchi hudud sifatida Grenlandiyaga ajratayotgan yordamidan tashqari boʻladi. Hozircha Daniya va Yevropa yordami asosan ijtimoiy taʼminot, sogʻliqni saqlash, taʼlim va “yashil” oʻtishga qaratilgan. Yangi rejalarda esa Grenlandiyaning foydali qazilmalarni mustaqil qazib olishiga urgʻu beriladi, deb yozadi Politico.
Grenlandiya parlamentidagi mustaqillik tarafdori boʻlgan muxolifat deputati Kuno Fenker shunday deydi: “Bizda juda koʻp odamlar qashshoqlik chegarasidan pastda yashaydi, infratuzilma ortda qolgan, resurslarimiz esa Grenlandiyaning oʻziga deyarli foyda keltirmasdan soʻrib olinmoqda — asosiy foydani dat kompaniyalari koʻryapti”.
Politico xulosasiga koʻra, Daniya va Yevroittifoq tomonidan taklif etiladigan jozibali iqtisodiy paket Grenlandiyaning AQSH nazoratiga oʻtib ketishining oldini olish uchun yetarli boʻlishi mumkin.
Iqtisodiy “qarshi hujum”
Bu ssenariy Yevroittifoqda Tramp joriy etgan boj toʻlovlariga javob sifatida muhokama qilingan vositani qoʻllashni nazarda tutadi. Gap Bloomberg “majburlashga qarshi instrument” deb atagan Anti-Coercion Instrument haqida ketmoqda. Uni 2025-yil mart oyida Fransiya ishga solishni taklif qilgan edi. Bu instrument savdo kamsitilishi holatida Yevroittifoqqa keng koʻlamli qarshi choralar koʻrish — savdo va xizmatlarga, intellektual mulk huquqlariga, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarga hamda davlat xaridlariga kirishni cheklash imkonini beradi.
Natijada bu vosita qoʻllanilmadi: Politico yozishicha, iyul oyida tomonlar vaqtinchalik kelishuvga erishgach, u “rafga qoʻyilgan”. Ammo AQSH Yevroittifoq tovarlariga nisbatan boj toʻlovlarini saqlab qolmoqda, shuning uchun Bryussel bu instrumentga yana qaytishi mumkin.
Shu bilan birga, Politico taʼkidlashicha, Tramp Yevroittifoq niyatlarining jiddiyligiga ishonishi ham kerak — chunki avvalgi safar qattiq bayonotlar amaliy natija bermagan edi.
Harbiy javob
Agar AQSH haqiqatan ham Grenlandiyani harbiy kuch bilan qoʻlga kiritishga qaror qilsa, Yevropa buni toʻxtatish uchun juda kam imkoniyatga ega boʻladi, deb yozadi nashr.
Daniyalik harbiy ekspert Tomas Krosbi aytishicha, yevropaliklar “amerikaliklar Grenlandiyaga daʼvo bildirishidan oldin ularga preventiv zarba berish”ni rejalashtirmayapti, ammo AQSHning birinchi qadamiga javob vaziyatga bogʻliq boʻladi. Agar gap “juda kichik” amerikalik guruh haqida ketsa, ularni jinoyat sifatida hibsga olishga urinib koʻrish mumkin. Ammo agar AQSH barcha kuchini ishga solsa, vaziyat butunlay boshqacha tus oladi, deb yozadi Politico.
Huquqiy jihatdan qaralsa, Daniya harbiy yoʻl bilan javob qaytarishga majbur boʻlishi mumkin. 1952-yilda qabul qilingan amaldagi buyruqqa koʻra, Daniya hududiga hujum qilingan taqdirda qoʻshinlar “darhol jangga kirishi, hech qanday qoʻshimcha buyruq kutmasligi va soʻramasligi” lozim.
Shuningdek, Yevroittifoq diplomati taʼkidlashicha, agar Daniya soʻrasa, boshqa Yevropa davlatlari ham Grenlandiyaga oʻz qoʻshinlarini joylashtirish imkonini koʻrib chiqishi kerak — bu AQSH uchun harbiy operatsiyaning “narxini” oshiradi. Bu kuchlar AQSH bosqiniga toʻliq qarshi tura olmasligi mumkin, ammo ular tiyib turuvchi omil vazifasini bajaradi, deb yozadi Politico. Krosbining fikricha, bunday vaziyatda amerikalik harbiylar “yo kuch ishlatishga, yoki ortga chekinishga” majbur boʻlishi mumkin. Biroq u bu strategiya “juda yuqori bahoga”, yaʼni insonlar halok boʻlishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantiradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Xonanda Rahmatillo Yusupov 44 yoshda vafot etdi
- Sizni ajablantiradigan anʼanalar. Dunyo boʻylab yangi yil qanday nishonlanadi?
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Xorijiy valyutalarning oʻzbek soʻmiga nisbatan Yangi yildan keyin amalda boʻladigan qiymati eʼlon qilindi
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring