Tramp Rossiyaga Ukraina bilan mojaroni yakunlanishi uchun 50 kun muhlat berdi. Yevropaning esa bundan hafsalasi pir boʻldi

Foto: Reuters
AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya — Ukraina mojarosi boʻyicha koʻpchilik kutgan bayonot berdi. U oʻz bayonotida Moskvadan “juda norozi” ekanini aytib, Rossiyaga ultimatum qoʻydi. Yaʼni, agar 50 kun ichida jangovar harakatlar toʻxtamasa, AQSH Rossiya va uning hamkorlariga 100 foizlik ikkinchi darajali majburiyatlarni yuklaydi. Bundan tashqari, AQSH yetakchisi Kiyevni qurol-yarogʻ, jumladan “Patriot” havo mudofaa tizimlari bilan taʼminlashga vaʼda bergan, biroq bu qurollarning pulini Yevropa Ittifoqi davlatlari toʻlaydi.
Tramp Oq uyda NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvdan soʻng oʻtkazilgan brifingda Rossiya va uning prezidenti Vladimir Putindan “juda va oʻta norozi” ekanligini, chunki u ikki oy avval Ukrainadagi mojaro boʻyicha kelishuvga erishishga umid qilganini, ammo bunday boʻlmaganini aytdi. Shu munosabat bilan AQSH rahbari Moskvaga ultimatum qoʻyib, 50 kun ichida mojaroga barham berishni talab qildi.
“Agar biz 50 kun ichida kelishuvga erishmasak, biz juda qattiq tariflarni joriy qilamiz — taxminan 100 foiz. Siz ularni ikkilamchi tariflar deb ataysiz va bu nimani anglatishini bilasiz”, — dedi Tramp.
AQSH prezidenti taklif qilingan cheklovlar joriy qilingan taqdirda Rossiya iqtisodiyotiga zarar yetkazishini, biroq u “bundan qochishni istashini” taʼkidladi.
“Ukraina boʻyicha hech qanday taraqqiyot boʻlmasa, AQSH tomonidan ikkilamchi bojlar joriy etilishi Kongressning maʼqullanishini talab qilmaydi”, — dedi Tramp.
U Putin bilan oʻtkazgan muzokaralarini “juda yoqimli” deb atadi, biroq ulardan hafsalasi pir boʻlganini taʼkidladi.
“Men u bilan ishlarni qanday qilib hal qilish haqida tez-tez gaplashaman, keyin goʻshakni qoʻyib, bu yoqimli suhbat boʻldi, deb aytaman. Keyin esa Kiyev yoki boshqa shaharga raketa zarbasi berishadi”, — dedi Tramp.
Shuningdek, u Putinni “qattiq odam” dedi.
“U qattiq inson. Bu yillar davomida isbotlangan. U koʻp odamlarni — Bush, Klinton, Obama, Baydenni aldagan. Meni esa yoʻq”, — dedi AQSH prezidenti.
Shu oʻrinda Tramp “potensial shunday buyuk davlat” Rossiya Ukraina bilan mojaroga “koʻp odam va koʻp pul” sarflayotganidan afsusda ekanini bildirdi. Tramp Putin bilan “adolatli kelishuv”ga umid qilishini aytib, “adolatli kelishuv nimaligini bilishini” taʼkidladi.
AQSH Kiyevga qurol beradi, ammo…
AQSH prezidenti, shuningdek, Ukrainaga “eng yaxshi harbiy texnika” yetkazib berishda davom etish niyatini tasdiqladi. Biroq, endi sxema oʻzgaradi: Yevropa Ittifoqi hammasiga toʻlaydi.
“Bugun biz Ukrainaga qurol joʻnatish boʻyicha kelishuvga erishdik va ular uchun Yevropa Ittifoqi pul toʻlaydi”, — dedi Tramp.
Uning soʻzlariga koʻra, “Patriot” havo hujumidan mudofaa tizimlari Ukrainaga yaqin kunlar ichida joʻnatiladi: NATO ittifoqchilari oʻz qurollarini Kiyevga oʻtkazadi, AQSH esa keyinchalik oʻz arsenallarini yangi tizimlar bilan toʻldiradi. Tramp Kiyevga topshiriladigan qurollarning narxini “milliardlab dollar”ga baholagan. AQSHning “Axios” portaliga koʻra, AQSH rasmiylari Kiyev uchun ittifoqchilarga birinchi bosqichda taxminan 10 milliard dollarga qurol sotish niyatida, paketga raketalar, havo hujumidan mudofaa tizimlari va artilleriya snaryadlari kiradi.
NATO bosh kotibi Mark Ryutte ham Ukraina “katta miqdorda” harbiy texnika olishini aytdi.
“Bu haqiqatan ham salmoqli”, — dedi u. Uning soʻzlariga koʻra, “Patriot” yetkazib berish faqat birinchi toʻlqin, boshqalari ham boʻladi. Ryutte allaqachon Finlyandiya, Daniya, Shvetsiya, Norvegiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Kanada kabi koʻplab davlatlar bilan bu borada muzokaralar olib borgan.
NATO va AQSHning alyansdagi doimiy vakili Metyu Uitaker Kiyevga qurol yetkazib berishni muvofiqlashtiradi.
Ryutte taʼkidlashicha, agar u Vladimir Putinning oʻrnida boʻlsa, “Ukraina boʻyicha muzokaralarga hozirgidan koʻra jiddiyroq yondashishga arziydimi yoki yoʻqligini oʻylab koʻrardi”.
Yevropaning hafsalasi pir boʻldi
Yevropa Trampning Rossiya haqidagi katta bayonoti natijalaridan hafsalasi pir boʻldi. Germaniyaning “Spiegel” nashrining yozishicha, haqiqatan ham katta bayonot koʻpchilik kutganidan kichikroq boʻlib chiqdi.
Nashr maqolasida Yevropa Oq uy rahbarining Ukrainadagi tinchlik jarayonidagi taraqqiyotga erishilmasa, koʻrmoqchi boʻlgan choralaridan, yaʼni taklif qilingan sanksiyalardan, ayniqsa, hafsalasi pir boʻlgani qayd etilgan.
“Savol shundaki, nima uchun ular buni qilishlari kerak? Aslida, bunday toʻgʻridan-toʻgʻri tariflar, ehtimol, Rossiya iqtisodiyotiga juda kuchli taʼsir koʻrsatmaydi. 2023-yilda Rossiya AQSHga besh milliard dollardan kam mahsulot eksport qildi. 2024-yilda ularning soni bundan ham kamroq edi”, — deyiladi maqolada.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha oliy vakili Kaya Kallas ham AQSH prezidentining Ukrainadagi mojaro boʻyicha kelishuvga erishish uchun muddat belgilash haqidagi bayonotini baholab, 50 kunni uzoq muddat, dedi.
“Bir tomondan, Trampning Rossiyaga nisbatan qattiq pozitsiyasi ijobiy holat. Boshqa tomondan, 50 kun juda uzoq vaqt”, — deydi diplomat.
Tariflar Rossiyadan koʻra, AQSHga koʻp zarar keltiradi
Rossiya Davlat Dumasi Mudofaa qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Aleksey Juravlevning maʼlum qilishicha, ikkinchi darajali majburiyatlar birinchi navbatda Rossiyaga emas, AQSHning oʻziga yuk boʻladi.
“…Biz hozirda AQSH bilan deyarli hech qanday savdo qilmayapmiz, savdo aylanmasi arzimas 8 milliard dollarni tashkil etadi. Shu bilan birga, AQSH Rossiyadan oʻziga kerak boʻlgan uran, titan va palladiyni oladi va ularning narxi oshishi bizning emas, birinchi navbatda ularning iqtisodiyotiga taʼsir qiladi”, — deydi u.
Rossiya Federatsiya Kengashining xalqaro ishlar boʻyicha qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Andrey Klimovning maʼlum qilishicha, Trampning tahdidlari Rossiya uchun “hech qanday halokatli narsa” keltirmaydi, AQSH prezidenti bayonotlarining oʻzi esa uning reytingini oshirishga qaratilgan.
“Tramp yana bir bor amerikalik saylovchilarga u hali ham zoʻr ekanligini va faol nimadir qilishda davom etayotganini koʻrsatmoqchi boʻldi”, — deydi senator.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Sardobaning siri nimada?
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring