Tramp Grenlandiya, Kanada va Venesuelani AQSH shtatlariga aylantirish rejalari haqida gapirdi
Foto: Reuters
“Alfalfa” klubi tadbirida nutq soʻzlagan AQSH prezidenti Donald Tramp Vashington Grenlandiyani sotib olishni rejalashtirayotganini va Kanada hamda Venesuelani ham AQSH shtatlariga aylantirmoqchi ekanligini haqida gapirdi.
Oq uy rahbari Kanadani AQSHga qoʻshilishni bir necha bor taklif qilgan va bu mamlakatni “Rossiya va Xitoy kemalaridan” himoya qilishga yordam berishini taʼkidlagan. U Grenlandiya misolida ham xuddi shunday degan.
“The Washington Post” gazetasi Oq uy rahbarining nutqini murosasiz va noqulay, kulgili hazillarga toʻla deb yozdi.
Tadbirda Trampning raqiblari, jumladan, “JPMorgan Chase” bosh direktori Jeyms Dimon (yanvar oyida Tramp bank va uning bosh direktoriga qarshi hisoblariga xizmat koʻrsatishdan bosh tortgani uchun 5 milliard dollarlik sud daʼvosi qoʻzgʻatgan), xayriyachi va “Carlyle Group” asoschisi Devid Rubenshteyn (AQSH prezidenti uni Kennedi markazi rahbari lavozimidan boʻshatgandi) va Markaziy bank rahbari Jerom Pauell ham boʻlgan.
Ishtirokchilardan birining soʻzlariga koʻra, Tramp yigʻilganlarga murojaat qilib, shunday degan: “Men bu zaldagi koʻp odamlardan nafratlanaman. Menga koʻpchiligingiz yoqadi. Jin ursin, kim bunday boʻlishini oʻylagan edi?”
Shundan soʻng, AQSH prezidenti “Grenlandiyaga bostirib kirish”ni kuzatib borishi kerakligi bois nutqini qisqartirishga majburligini aytgan. Biroq Oq uy rahbari buni darhol hazilga yoʻygan ekanini aytgan.
“Biz Grenlandiyaga bostirib kirmaymiz. Biz uni sotib olamiz. Grenlandiyani 51-shtat qilish niyatim hech qachon boʻlmagan. Men Kanadani 51-shtat qilmoqchiman. Grenlandiya 52-shtat boʻladi. Venesuela 53-shtat boʻlishi mumkin”, — degan Tramp.
AQSH rahbari, shuningdek, Markaziy bank raisi lavozimiga nomzod Kevin Uorshga ishora qilib, agar u stavkalarni pasaytirmasa, sudga berishini aytgan. Shundan soʻng, AQSH prezidenti yana hazillashayotganini bildirgan.
“The Washington Post” Trampning nutqi stend-ap komediyasiga oʻxshaganini yozdi. Ammo Oq uyning baʼzi hazillari omadsiz chiqqan va zalda noqulay sukunatga sabab boʻlgan. Tramp jurnalistlar bilan muloqotda nutqiga izoh berib, bu “komediya oqshomi” ekanini aytgan.
Bu rostdan hazil edimi?
Bu AQSH rahbarining Kanadani 51-shtat deb birinchi bor aytishi emas. Ikkinchi muddati boshlanishidan oldin ham u hazil bilan Kanadani Qoʻshma Shtatlarga qoʻshilishni va oʻsha paytdagi bosh vazir Jastin Tryudo uning gubernatori boʻlishini taklif qilgan edi.
“Fox News”ning xabar berishicha, bu taklif Tramp Kanada — AQSH chegarasini himoya qilishdagi muammolar va 100 milliard dollardan ortiq savdo kamomadi tufayli Kanadaga tahdid qilgan 25 foizli tariflar muhokamasi paytida paydo boʻldi.
Tryudo 2025-yil boshida isteʼfoga chiqqanidan soʻng, AQSH prezidenti oʻz taklifini takrorladi.
”Kanadada koʻp odamlar 51-shtat boʻlishni xohlashadi. AQSH endi Kanadaning omon qolishi uchun zarur boʻlgan katta savdo kamomadi va subsidiyalarga chiday olmaydi. Jastin Tryudo buni bilgan va isteʼfoga chiqqan”, deb yozgan Tramp oʻzining ”Truth Social” ijtimoiy tarmogʻidagi akkauntida.
Oq uy rahbari Qoʻshma Shtatlarga qoʻshilish Kanadaga iqtisodiy barqarorlik olib kelishi va mamlakatni “Rossiya va Xitoy kemalari” tomonidan yuzaga keladigan tashqi tahdidlardan himoya qilishi mumkinligini qoʻshimcha qildi.
Oʻtgan yilning oʻrtalarida “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida Tramp ”Kanada 51-shtat boʻlishi kerak. Bu haqiqatan ham boʻlishi kerak, chunki Kanada Qoʻshma Shtatlarga toʻliq qaram” ekanligini yana bir bor taʼkidladi. U mamlakatning yangi bosh vaziri Mark Karnini bir necha bor ”gubernator” deb atadi.
AQSH prezidenti xuddi shunday qarashni Grenlandiya misolida ham bildirgan. Tramp bir necha bor orol Rossiya va Xitoy tomonidan tahdid ostida ekanligini, ammo u oʻzini himoya qila olmasligini, chunki uning butun mudofaasi ikkita it chanasidan iboratligini daʼvo qilgan.
”Biz dunyoni himoya qilish uchun muz boʻlagini xohlaymiz. Va ular buni bizga berishmaydi. Biz hech qachon boshqa hech narsa soʻramaganmiz”, — degan edi Tramp Davosdagi Jahon iqtisodiy forumidagi nutqida.
Keyinchalik Oq uy Trampning AQSH bayrogʻini koʻtarib turgan pingvin bilan tushgan fotosuratini eʼlon qildi. Sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan tasvirda ularning Grenlandiya bayrogʻiga qarab birga ketayotgani koʻrsatilgan.
Tramp va Venesuela
Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni qoʻlga olish operatsiyasidan oldin AQSH hukumati tomonidan baʼzi keskin bayonotlar berilgan edi. Xususan, Vashington uni AQSH terroristik tashkilot deb topgan ”Cartel de los Soles”ni boshqarishda aybladi. Trampning oʻzi Maduroni isteʼfoga chiqishga chaqirdi va ”bu oqilona boʻlardi” deb taʼkidladi.
Venesuela prezidenti qoʻlga olinganidan soʻng, Oq uy Vashington “xavfsiz, tartibli va oqilona hokimiyat almashinuvi” amalga oshirilgunga qadar mamlakat ustidan vaqtinchalik nazoratni oʻz qoʻliga olishini eʼlon qildi. Tramp shuningdek, Qoʻshma Shtatlar kelgusi yillarda ”Venesuelaning siyosiy xoʻjayini” boʻlib qolish niyatida ekanligini aytdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abduqodir Husanov yana bir bor “Real Madrid”ga qarshi oʻynaydi
- Bolalar saratoniga qarshi kurash: xalqaro hamkorlikdagi muhim qadam
- Oʻzbekistonning 7 ta moddiy va nomoddiy madaniy meros obyektlari AYSESKO roʻyxatiga kiritildi
- Superliganing 2026-yilgi mavsumi boshlanmoqda
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- Erkaklar ayollarga nisbatan koʻproq kaloriya isteʼmol qilishi kerakmi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring