Tojikistondan olib kirilgan katta miqdordagi giyohvandlik vositalari toʻxtatib qolindi

Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi va ularni kontrabanda yoʻli bilan mamlakatimizga kiritish holatlariga qarshi kurashish yoʻnalishida Davlat xavfsizlik xizmati va tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qator yirik operatsiyalar oʻtkazildi.
Beshariq tumanida yashovchi, 1992-yilda tugʻilgan fuqaro boshqaruvidagi “Cobalt” avtomashinasi “Rovot” chegara bojxona posti orqali Tojikistondan kirib kelgan vaqtda toʻxtatib tekshirildi. Avtomashina yukxonasiga oʻrnatilgan gaz balloni ichida 53 dona oʻramda yashirilgan giyohvandlik vositalari aniqlandi. Ekspertizaga koʻra, ularning tarkibidan 50 kg 852 gramm “opiy” va 6 kg 927 gramm “gashish” chiqdi. Tergovga qadar tekshiruv jarayonida maʼlum boʻlishicha, moddalar Dushanbe shahridan olib kelingan.
Urgut tumanida yashovchi shaxs boshqaruvidagi “Gentra” avtomashinasi “Samarqand – Navoiy” yoʻnalishida harakatlanib ketar ekan, Narpay tumanida toʻxtatildi. Yukxonadan Tojikistondan olib kelingan 981 gramm “geroin” moddasi topildi.
“Andijon – Namangan” yoʻnalishida harakatlanayotgan “VAZ 2106” avtomashinasi Norin tumanida toʻxtatilib, tekshiruvdan oʻtkazildi. Unda Andijon shahrida yashovchi 1979 va 1986-yillarda tugʻilgan aka-uka fuqarolardan 1 kg 833 gramm “gashish” topildi. Qoʻshimcha tezkor harakatlar davomida ulardan birining uyidan yana 1 kg 469 gramm “gashish” moddasi chiqdi. Maʼlum boʻlishicha, moddalar Tojikistondan kontrabanda yoʻli bilan olib kirilgan. Aka-ukalardan kattasi esa ilgari ham narkotik savdosi uchun sudlangan shaxs boʻlgan.
Qirgʻizistonning Oʻsh shahrida yashovchi, 1985-yilda tugʻilgan fuqaro 3 kg 949 gramm “gashish”ni 28 ming AQSH dollariga shartli xaridorga sotish paytida qoʻlga olindi. Aniqlanishicha, u moddani avvalroq tojikistonlik kuryerlar tomonidan Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida qoldirib ketilgan xufiya joydan olgan.
Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ular “qamoq” ehtiyot chorasi bilan qamrab olindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring