Tojikiston va Qirgʻiziston rasmiylari: chegaraoldi hududlarda yuz bergan fojia hech qachon takrorlanmasligi kerak

01:33 02 May 2021 Dunyo
1117 0

Kecha, 1-may kuni Tojikiston va Qirgʻiziston oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishib oldi.

Shundan soʻng Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi raisi Saymoʻmin Yatimov va Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi raisi Qamchibek Tashiyev boshchiligidagi tojik-qirgʻiz chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish boʻyicha komissiya yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

“Biz Tojikiston va Qirgʻiziston davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish boʻyicha davlat komissiyasi tarkibida barcha paydo boʻlgan muammolarni, xalqlarimiz va davlatlarimiz uchun tarix sifatida qoladigan nizolarni hal qilish maqsadida yigʻildik. Bugun biz davlatlarimiz rahbarlari tashabbusi bilan juda samarali suhbat oʻtkazdik”, dedi Saymoʻmin Yatimov.

Uning soʻzlariga koʻra, “chegara hududlaridagi fojia — boshqa hech qachon takrorlanmasligi kerak”.

“Ikki xalq bu yerda uzoq tarixiy davrda yashaganligi sababli, ular juda doʻstona, ularning bir-birlariga alohida daʼvolari yoʻq. Biz, siyosatchilar, barcha masalalarni qonuniy asosda hal qilishimiz va xalqlarimizga anʼanaviy tinchlik va doʻstlik sharoitida yashashlariga imkon yaratishimiz kerak”, deydi Yatimov.

“Bugun biz ushbu masalani muhokama qilganimizda, tojik-qirgʻiz yerlarida tinchlik va barqarorlikni taʼminlash manfaatlarini koʻzlab muammolarni hal qilish boʻyicha fundamental kelishuvlarga erishildi. Ishonchim komilki, biz buni qila olamiz — muammolarni iloji boricha tezroq hal qilamiz va bizning xalqlarimiz har doimgidek doʻstlik va oʻzaro anglashuvda yashaydilar, toʻliq barqarorlik taʼminlanadi”, deydi Yatimov.

«Ikki mamlakat manfaatlari yoʻlida toʻrt banddan iborat protokol qabul qildik. Bugun xalqlarimiz qiyin davrlarni, inqiroz davrlarini boshdan kechirmoqdalar. Bizda yuz bergan fojia ikki mamlakat fojiasi. Ayni paytda biz uchrashib, ish olib borishimiz juda qiyin edi. Ammo shunga qaramay, davlatlar rahbarlarining topshirigʻiga binoan biz ushbu tadbirni oʻtkazdik», deydi Qamchibek Tashiyev.

Tashiyevning taʼkidlashicha, chegara yaqinida joylashgan barcha qoʻshinlar va tuzilmalarni doimiy joylariga olib chiqish toʻgʻrisida oʻzaro kelishuvga erishilgan.

Uning qoʻshimcha qilishicha, bugun(1-may)dan boshlab chegara hududida tinchlik va osoyishtalik paydo boʻladi.

“Bundan buyon hurmatli qoʻshnilarimiz va bizning saʼy-harakatlarimiz bilan, Xudo xohlasa, mamlakatlarimizda, ayniqsa chegara hududlarida toʻliq sukunat, tinchlik va osoyishtalik boʻladi. Protokolda qayd etilgan qarorlarimiz amalga oshishiga umid qilamiz”, deydi Tashiyev.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?