Tourist Police: har bir sayyoh xotirjamligi va xavfsizligi doimo eʼtiborda

16:10 16 Oktyabr 2025 Jamiyat
458 0

Mamlakatimizda turizm sohasi jadal rivojlanib, bu borada qoʻshimcha xizmat koʻrsatish va servis tarmoqlariga katta ehtiyoj tugʻilmoqda. Shu maqsadda davlatimiz rahbarining 2024-yil 18-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasida turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini yanada oshirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga koʻra, Fargʻona viloyati IIB tarkibida Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi tashkil etildi.

— Ayni paytda xodimlarimiz sayyohlar eng koʻp toʻplanadigan va tashrif buyuradigan obyektlar, tarixiy-madaniy obidalar, aeroport, bozor va mehmonxonalarda patrullik xizmati tashkil etadi, — deydi Fargʻona viloyati IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi boshligʻi, podpolkovnik Ulugʻbek Niyazov. — Asosiy maqsad esa ushbu hududlarda jamoat tartibini saqlash, xavfsizlikni taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, sayyohlarning hayoti va sogʻligini himoya qilishga qaratilgan. Boshqarmamizning boshqa xizmatlardan asosiy farqi shundaki, xodimlarimiz nafaqat jamoat tartibini saqlaydi, balki sayyohlar bilan doʻstona muloqot oʻrnatib, ularga kerakli yordam beradi hamda sifatli xizmat koʻrsatadi.

Shu maqsadda barcha xodimlar maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan boʻlib, bir necha xorij tillari, birinchi navbatda, ingliz, turk, rus tilini juda yaxshi bilishadi. Madaniyatlararo muloqot, xorijlik mehmonlarga hamrohlik qilishning huquqiy jihatlari va birinchi tibbiy yordam koʻrsatish kabi koʻnikmalarni egallagan.

Bu borada ayol sayohatchilarni qoʻllab-quvvatlash ham alohida eʼtiborda. Ayni paytda boshqarmada ayol xizmatchilar huquqiy, psixologik va tibbiy yordam koʻrsatishga hamisha tayyor. Sayyohlar oʻz jinsi vakiliga murojaat qilishiga ehtiyoji boʻlgan nozik vaziyatlarda ularga yordam qoʻlini choʻzishadi.

Bundan tashqari, barcha xodimlar birinchi tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha oʻqitilgan. Ehtiyoj boʻlganida sayyohlarni eng yaqin tibbiy muassasaga mustaqil ravishda yetkazib borgunga qadar talab etiladigan sohaviy koʻnikmalarga ega.

Aytish joiz, xodimlar birgina joriy yilning oʻzida Qoʻqonda boʻlib oʻtgan hunarmandchilik festivali, Rishtonda tashkil etilgan kulollar forumi, Margʻilondagi xalqaro maqom festivalida 24/7 rejimida ishlashdi. Shu kunlarda boshqarma xodimlari Fargʻona shahrida tashkil etilgan Fargʻona tinchlik forumida ham kunu tun xizmatda.

Fargʻona koʻchalarida Tourist police lisobidagi xodimlarni koʻrganda, har bir sayyoh va mehmonning koʻngli xotirjam boʻladi. Ayniqsa, ularning tilida muloqot qilishganda xorijiy sayyohlar bundan behad mamnun boʻlishi aniq.

— Oʻtgan oyda Qoʻqon shahrida oʻtkazilgan xalqaro hunarmandchilik festivalida xodimlarimiz turli vaziyatlarda 30 nafardan ziyod xorijlik mehmonlarga xizmat koʻrsatishdi, — deya suhbatimizni davom ettiradi U. Niyazov. — Shu bois bu sayyohlar xodimlarimizga minnatdorlik bildirib, yurtimizga yana kelishga vaʼda berib ketishdi.

Aytish joiz, oʻtgan yili Fargʻona viloyatida 10 ta xalqaro, 15 ta respublika miqyosida, hammasi boʻlib 65 ta yirik tadbir oʻtkazildi. Bu yilgi tadbirlar salmogʻi yanada yuqori ekanligi eʼtiborga molik.

Shuningdek, joriy yilda viloyatda turizm yoʻnalishida 125 ta loyihani ishga tushirish orqali 3,5 mingga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratish maqsad qilingan.

Botir MADIYOROV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер