Toshkentdan 6 ta gol oʻtkazib qaytgan “Neftchi” va penaltilar seriyasida kubokni boy bergan “Paxtakor”

19:50 13 Sentyabr 2025 Sport
143 0

13-sentyabr kuni Oʻzbekiston Superligasi 21-turi doirasida “Paxtakor” klubi Toshkentda “Neftchi” jamoasini qabul qiladi. Ushbu oʻyin oldidan “oʻzbek klassikosi” tarixidagi eng esda qolarli bahslarni eslab oʻtamiz.

“Neftchi” 2:0 “Paxtakor”

Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligidan keyin oʻtkazilgan birinchi milliy chempionat oʻyinlarida “Paxtakor” va “Neftchi” jamoalari qoʻsh chempionlikni qoʻlga kiritgan. Bu natijada jamoalarning 34-turdagi oʻyini katta ahamiyatga ega boʻldi.

Musobaqa yakunlanishiga 3 ta tur qolganida “Neftchi” jamoasi “sherlar”dan 3 ochkoga ortda borardi. 34-turda ushbu jamoalar Fargʻonada toʻqnash keldi. Ushbu uchrashuv Yuriy Sarkisyan shogirdlarining 2:0 hisobiga gʻalabasi bilan yakunlandi. Oʻyinda kiritilgan gollarga Ravshan Bozorov va Albert Sarayev mualliflik qildi.

“Paxtakor” 5:4 “Neftchi”

1993-yilgi mavsum “Neftchi” jamoasining chempionligi bilan yakunlanadi. Biroq “Paxtakor” turnir yakunlanishiga 6 ta tur qolgan bir paytda boʻlgʻusi chempionni magʻlub etish orqali oʻz muxlislarini xursand qiladi.

1993-yilning 3-oktyabr sanasida “Paxtakor” Toshkentda “Neftchi”ni qabul qiladi. Uchrashuv 5:4 hisobiga mezbonlarning gʻalabasi bilan yakunlanadi. “Sherlar”ning gollariga Murod Aliyev, Noʻmon Hasanov, Shuhrat Maqsudov, Farhod Magomedov va Mirjalol Qosimov mualliflik qiladi. Fargʻonaliklarning javob gollari esa Stepan Atoyan (2 ta), Rustam Doʻrmonov va Abdusamad Doʻrmonov hisobiga yoziladi.

“Paxtakor” 0:0 “Neftchi”

1996-yilgi Oʻzbekiston kubogi musobaqasining final oʻyinida “Paxtakor” va “Neftchi” oʻzaro toʻqnash keldi. “Paxtakor” stadionida oʻtgan oʻyinning asosiy vaqti 0:0 hisobi bilan yakunlandi. Ekstra-taymlarda ham hisob oʻzgarmadi. Navbat penaltilar seriyasiga yetdi. “Omad lotareyasi”da esa “Neftchi” jamoasi gʻalabaga ega chiqdi.

“Neftchi”dan penaltilarni Sergey Ni, Rahmatullo Fuzaylov, Akmal Xolmatov, Shuhrat Shamsiyev va Sergey Andreyev adashmasdan amalga oshirdi. “Paxtakor”dan esa Azamat Abduraimov, Nikolay Shirshov, Sobir Xoldiyov va Dilmurod Nazarov penaltilardan aniq foydalanishdi. Ammo soʻnggi zarbani yoʻllagan Andrey Akopyans xatoga yoʻl qoʻydi. Shu tariqa, “Neftchi” oʻz tarixida ikkinchi marta Oʻzbekiston kubogiga ega chiqdi.

“Neftchi” 0:4 “Paxtakor”

2025-yil boshida oʻz tarkibini yaxshigina kuchaytib olgan “Neftchi” jamoasi ushbu yildagi birinchi “oʻzbek klassikosi” oldidan mazkur bahs favoriti deb eʼtirof etilgandi. Sababi, bu vaqtga kelib “Paxtakor” klubi 5 ta oʻyinning 4 tasida magʻlub boʻlgan va mavsumni juda yomon start bilan boshlagan edi. Ammo 19-aprelda boʻlib oʻtgan bahsda umuman boshqacha muhit hukm surdi.

Pedro Moreyra boshchiligidagi jamoa Fargʻonadan 0:4 hisobiga gʻalaba bilan qaytdi. Uchrashuvda kiritilgan gollar “Neftchi” klubining sobiq futbolchisi Umar Adhamzoda (2 ta), shuningdek, Igor Sergeyev va Brayan Riaskosning hisobiga yozildi.

“Paxtakor” 6:0 “Neftchi”

2017-yilning yozida “Paxtakor” jamoasida katta oʻzgarishlar roʻy berdi. Jamoa oʻz tarkibini Oliy liga yulduzlari va mahoratli legioner futbolchilar bilan yanada kuchaytib oldi.

2017-yilning 12-avgust sanasida “Paxtakor” oʻz maydonida “Neftchi” klubini qabul qildi. Taʼkidlash kerakki, oʻsha kezlari Vadim Abramov shogirdlarining umuman ishlari yurishmayotgan, jamoa turnir jadvalida 15-pogʻonani egallab turgan vaqtlar edi. Natija ham klublarning oʻsha vaqtdagi holatiga mos boʻldi.

Uchrashuvda “Paxtakor” 6:0 hisobiga gʻalaba qozondi. Bahsda kiritilgan gollarga Tiago Bezerra (2 ta), Azim Axmedov, Igor Sergeyev va Vladimir Kozak mualliflik qildi. Bu “Paxtakor”ning oʻz tarixida “Neftchi” ustidan qozongan eng yirik hisobdagi gʻalabasi hisoblanadi. Shuningdek, ushbu oʻyinda Igor Sergeyev tomonidan kiritilgan gol “Paxtakor” klubining Superligadagi 1700-goli sifatida tarixda qoldi.

“Neftchi” 4:0 “Paxtakor”

2002-yilgi mavsum toʻligʻicha “Paxtakor”ga ataldi deyish mumkin. Jamoa Oʻzbekiston chempionligi va mamlakat kubogiga ega chiqdi. Ayniqsa, kubok finalida azaliy raqibi “Neftchi” ustidan gʻalaba qozondi. Biroq “Neftchi” ham ushbu mavsum oʻz maydonida muxlislariga “Paxtakor” ustidan qozonilgan eng yirik gʻalabasini taqdim eta oldi.

2002-yilning 5-dekabr sanacida jamoalar oʻzaro toʻqnash keldi. Oʻzbekiston Oliy ligasining 27-turidan oʻrin olgan ushbu bahs Yuriy Sarkisyan shogirdlarining 4:0 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi. Uchrashuvda kiritilgan gollarga Anvar Berdiyev (2 ta), Muxtor Qurbonov va Rustam Doʻrmonov mualliflik qildi.

Muhammadamin Zuhriddinov,

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер