Toshkentda yangi nodavlat universitet tashkil etiladi. Unga DXXning sobiq markaziy binosi tekinga beriladimi?

11:20 24 Fevral 2021 Jamiyat
9730 0

Hukumatning “Diplomat university” nodavlat oliy taʼlim tashkiloti faoliyatini tashkil etishga doir qarori loyihasi muhokamaga qoʻyildi.

Loyihaga koʻra “Diplomat university” masʼuliyati cheklangan jamiyatining taʼsischiligida Toshkent shahrida nodavlat asosda oliy taʼlim xizmatlarini koʻrsatadigan “Diplomat university” oliy oʻquv yurti tashkil yetiladi.

Universitet nodavlat oliy taʼlim tashkiloti hisoblanadi.

Universitet taʼlim jarayonini chet el tajribasi asosida ishlab chiqilgan malaka talablari, oʻquv rejalari va ilmiy dasturlarga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiradi.

Universitetga jahon universitetlarining “The Times Higher Education” TOP-1000 reytingiga kiritilgan chet el universitetlarining Oʻzbekistondagi filiallarini ochish huquqi beriladi.

Universitetda oʻqitish oʻzbek, rus hamda ingliz tillarida taʼlimning kunduzgi, masofaviy (onlayn) va kechki shakllarida, kredit tizimiga asoslangan holda amalga oshiriladi.

Universitet quyidagi yoʻnalishlarda pedagogik faoliyat joriy qilinadi:

iqtisodiyot, axborot texnologiyalari, huquqshunoslik, xalqaro munosabatlar.

Universitet bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasida oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat sifatida eʼtirof etiladigan belgilangan namunadagi diplom beriladi;

Universitet Toshkent shahrining Matbuotchilar, Sayilgoh va Ota Turk koʻchalari kesishmasida joylashgan binoda joylashtiriladi.

2022-yil 1-avgustga qadar:

Universitet barcha turdagi soliqlarni toʻlashdan;

Universitetga jalb qilingan xorijiy mamlakatlardan kelgan professor-oʻqituvchilar yagona ijtimoiy toʻlov va shaxsiy daromad soligʻini toʻlashdan;

Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan uskunalar (shu jumladan, laboratoriya uskunalari), kompyuter texnikasi, elektron doskalar, proyektorlar, multimedia mahsulotlari, adabiyotlar, qurilish materiallari va inventar bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod qilinadi.

Loyihada keltirilishicha, “DIPLOMAT INTERNATIONAL SCHOOL” MCHJ tomonidan 2020-yil 23-oktyabrdagi 3-son xati bilan Toshkent shahrida “Diplomat university” nodavlat oliy taʼlim muassasasini tashkil etish taklifi bildirilgan.

Ochiq maʼlumotlarga koʻra taʼsischi boʻlgan yuridik shaxsning mulkchilik shakli 100 foiz xususiy mulk.

Taʼsischi Saydamenov Dilshod Xasanovich boʻlib, 100 foizlik ulush unga tegishli.

Universitet joylashtiriladigan bino nomi aniq keltirilmagan, loyihada faqat manzil koʻrsatilgan:Toshkent shahrining Matbuotchilar, Sayilgoh va Ota Turk (hozirgi “Zarafshon” koʻchasi) koʻchalari kesishmasida joylashgan bino.

Qaror ilovasida esa “tashkil etilishi rejalashtirilayotgan oliy taʼlim muassasasi Toshkent shahri, Mirobod tumani Amir Temur shoh koʻchasiga joylashtirishi belgilangan”, deya yozilgan.

Universitet aynan qaysi binoga rejalashtirilishi kutilayotgani, loyihada aynan qaysi bino nazarda tutilganini bilish maqsadida “Xalq soʻzi” loyiha yaratuvchisi deya keltirilgan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan bogʻlandi. Biroq, vazirlik aynan qaysi bino nazarda tutilayotganini bilmasligini aytdi.

Bundan tashqari loyihada universitet uchun ajratilishi kutilayotgan bino aynan qaysiligini soʻrab Toshkent shahar hokimligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan ham bogʻlandik, ular ham bexabar ekanligini taʼkidladi.

Koʻpchilikning taxminicha loyihada universitet uchun ajratiladigan bino deya Sayilgoh koʻchasida joylashgan, DXXning sobiq markaziy binosi nazarda tutilgan.

Eslatib oʻtamiz Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 27-oktyabr kuni “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonni imzolagan edi.

Farmonning 5-ilovasi bilan xususiy sektorga sotiladigan davlat koʻchmas mulki obyektlari roʻyxati tasdiqlangan.

Mazkur roʻyxatga universitetga berilishi kutilayotgan Toshkent shahrining Sayilgoh koʻchasida joylashgan, Davlat xavfsizlik xizmatining 20 219 kv.m. maydonga ega sobiq markaziy binosi ham kiritilgan edi.

Inobat AHATOVA,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер