Toshkentda sobiq MXXning markaziy binosi sotuvga qoʻyildi

17:22 10 Aprel 2021 Iqtisodiyot
1321 0

Foto: "Xalq so'zi"

Sobiq Milliy xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar Yunusobod tumani Sayilgoh koʻchasida joylashgan bosh qarorgohi auksionga qoʻyildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unga koʻra, savdo shartlaridan biri xaridor binodan kelgusida ofis, savdo-koʻngilochar va madaniy-hordiq kabi xizmatlar koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanishi belgilangan.

Davlat aktivini sotish ikki bosqichda oʻtkaziladi.

Birinchi bosqichda talabgorlar oldindan malakalanadi (saralanadi), jumladan, savdolarda qatnashish uchun talab qilingan hujjatlarning toʻliqligi, zakalat puli kelib tushgani, davlat aktividan kelgusida foydalanish yoʻnalishlariga qoʻyilgan talabga nisbatan talabgor tomonidan taklif etilgan biznes konsepsiyasi loyihasining maqbul yoki maqbul emasligi koʻrib chiqiladi.

Ikkinchi bosqichda talabgorning tijorat takliflari (sotib olish narxi va toʻlovni amalga oshirish muddati) hamda toʻlov qobiliyati baholanadi.

Savdoda yuridik va jismoniy shaxslar ishtirok etishi mumkin. Bunda davlat aktivini sotib olish boʻyicha birinchi bosqichda bitta taklif kelib tushgan hollarda savdolar oʻtkazilmagan, deb eʼtirof etiladi.

Shuningdek, savdo yakunlari boʻyicha savdo gʻolibi bilan Davaktiv agentligi tomonidan xabarnoma yuborilgan sanadan boshlab 20 kun ichida oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtiriladi (fors-major holatlari bundan mustasno) va savdolarga qatnashish uchun toʻlangan zakalat puli davlat aktivi xarid toʻlovining bir qismi sifatida qabul qilinadi.

Davlat tender komissiyasi yoki ishchi organ oʻz xohishiga koʻra hech qanday majburiyatni oʻz zimmasiga olmagan holda har qanday vaqtda savdoni toʻxtatishi hamda savdo jarayonida talabgorlardan qoʻshimcha va yoki aniqlashtiruvchi maʼlumotlar soʻrashi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?