Toshkentda Oʻzbekiston-Qozogʻiston biznes forumi oʻtkazildi

21-dekabr kuni International Tashkent mehmonxonasida Oʻzbekiston-Qozogʻiston hududlararo biznes-forumi boʻlib oʻtdi. Unda tegishli vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, Savdo-sanoat palatalari, xolding kompaniyalari rahbarlari hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 400 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.
Ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev, Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – Savdo va integratsiya vaziri Serik Jumangarin hamda hududlarning masʼullari soʻzga chiqdi.
Jamshid Xodjayev mazkur forum va uning doirasida imzolanadigan qator hujjatlar, oʻtkaziladigan uchrashuvlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yangi sifat bosqichiga olib chiqishini alohida eʼtirof etdi. Soʻnggi yillarda oʻzaro tovar ayirboshlash ikki baravar koʻpayib, 5 milliard dollarga yaqinlashganligini hamda bu koʻrsatkichni 10 milliard dollarga yetkazish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar koʻrilayotganligini taʼkidladi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda Qozogʻiston kapitali ishtirokida 1200 korxona va tashkilotlar faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, ayni paytda umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiq boʻlgan 30 dan ortiq qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Shunday boʻlsada, forumda qayd etilishicha, ishga solinmagan zaxira va imkoniyatlardan keng foydalanish asosida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish ikki tomon uchun ham muhim ahamiyatga ega. Xususan, ikki mamlakat hududida Oʻzbekiston va Qozogʻiston viloyatlarining sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yarmarkalarini oʻtkazish, avtomobilsozlik, elektronika va elektrotexnika, energetika, farmatsevtika, kimyo va toʻqimachilik sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish muhim.
Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – Savdo va integratsiya vaziri Serik Jumangarin esa oʻz nutqida Oʻzbekiston ular uchun Markaziy Osiyodagi asosiy, ishonchli va istiqbolli hamkor ekanligiga alohida eʼtibor qaratdi. Shu bilan birga, forum ikki mamlakat hududlari oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarni jadal rivojlantirishda ahamiyatli boʻlishini aytib oʻtdi.
Tadbirda ishtirok etgan Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari Sh.Rahmanov bugungi kunda poytaxtimizda qozogʻistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlikda umumiy qiymati 445 mln. AQSH dollariga teng boʻlgan 21 ta loyiha amalga oshirilayotganligiga toʻxtalib oʻtdi. Shuningdek, mashinasozlik, energetika, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, toʻqimachilik, elektrotexnika, qurilish materiallarini ishlab chiqarish sohalarida hamkorlik istiqbollari katta ekanligiga eʼtibor qaratdi.
Forum davomida vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari va viloyat hokimliklari rahbarlari, shuningdek, ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillarining taqdimotlari oʻtkazildi. Tadbir davomida boʻlib otgan “B2B” va “G2B” muzokaralari chogʻida esa oʻzaro hamkorlikning moliyaviy-texnik jihatlari va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari muhokama qilindi.
Forum yakunlari boʻyicha “Samarqand va Turkiston shaharlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisida” Bitim, qishloq xoʻjaligi sohasiga doir investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini mujassam etgan alohida “Yoʻl xaritasi”, shuningdek, Oʻzbekiston va Qozogʻiston ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan umumiy qiymati 8 milliard dollardan ortiq boʻlgan kelishuvlar imzolandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring