Toshkentda “Olam ichra tanho – Navoiy” fotokoʻrgazmasi ochildi

14:25 20 Sentyabr 2025 Madaniyat
123 0

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida Yaponiyaning Soka universiteti delegatsiyasi ishtirokida yirik maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Dastlab universitet hovlisidagi “Doʻstlik bogʻi”da buyuk mutafakkir Alisher Navoiy haykali poyiga sakura koʻchati ekildi. Ushbu ramziy anʼana Oʻzbekiston va Yaponiya doʻstligining ifodasi boʻlib, Soka universiteti asoschisi, tinchlik va insonparvarlik gʻoyalari targʻibotchisi doktor Daysaku Ikeda xotirasiga bagʻishlandi.

Soʻng universitet foyesida “Olam ichra tanho – Navoiy” nomli fotokoʻrgazma ochildi. Unda Daysaku Ikeda tomonidan chekilgan noyob fotosuratlar namoyish etildi. Delegatsiya ToshDOʻTAUga 35 ta maxsus tarixiy suratlarni tuhfa qildi.

Universitet anjumanlar zalida davom etgan uchrashuvda doktor Ikeda hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan videorolik namoyish etildi. Shundan soʻng universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov, Soka universiteti prezidenti professor Sudzuki, delegatsiya rahbari doktor Yoshiyuki Nagaoka hamda Oʻzbekiston Madaniy meros agentligi vakillari nutq soʻzlab, Navoiyning insonparvarlik va bagʻrikenglik gʻoyalari bilan Ikeda tinchlik falsafasi oʻrtasidagi mushtaraklikni taʼkidladilar.

Tadbir yakunida ToshDOʻTAU talabalari tomonidan tayyorlangan ijodiy dastur mehmonlarga namoyish etildi.

Uchrashuv buyuk ajdodimiz Alisher Navoiyning “Yor oʻling bir-biringizga” hikmatli chaqirigʻi va doktor Daysaku Ikedaning tinchlik yoʻlidagi faoliyati oʻrtasidagi uygʻunlikni namoyon etdi hamda Oʻzbekiston va Yaponiyaning taʼlim va madaniyat sohalaridagi hamkorligini mustahkamlashga xizmat qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер