Toshkentda milliy liboslarning noyob namunalari namoyish etildi

Oʻzbekiston amaliy sanʼat muzeyida “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” turkumidagi 30 jildlik kitob va albomlar koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi. Mazkur tematik koʻrgazma Oʻzbekistonning barcha hududlaridagi anʼanaviy oʻzbek liboslariga bagʻishlangan boʻlib, uning namunalari jahon muzeylari va shaxsiy toʻplamlarda saqlanadi.
Shuningdek, “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” turkumidagi nashrlarning “Oʻzbekiston muzeylari va shaxsiy kolleksiyalar materiallari asosidagi anʼanaviy oʻzbek liboslari” nomli ikki jildining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Unda tarixiy maʼlumotlar va bizgacha yetib kelgan kiyimlar namunalari asosida yaratilgan oʻzbek xalqining milliy liboslari boy milliy merosi namoyish etilgan. Bu nashrlarda asosiy eʼtibor liboslarning mintaqaviy xususiyatlarini ochib berishga qaratilgan. Birinchi qism Buxoro, Samarqand, Toshkent va Fargʻona vodiysida kiyiladigan erkaklar va ayollar kiyimlariga bagʻishlanadi. Ikkinchi qismda esa Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm va Qoraqalpogʻiston milliy kiyimlari haqida soʻz boradi.
“Milliy libos-milliylik ramzi” tadbiri doirasida Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati olimlari tomonidan yaratilgan kitob-albomlar koʻrgazmasi va taqdimoti oʻtkazildi. Amaliy sanʼat muzeyi, Yakkasaroy tumani ayollar va qizlar bilan ishlash boʻlimi, Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi, Toshkent toʻqimachilik yengil sanoat instituti, “Osiyo Ramzi” dizaynerlar uyushmasi uning tashkilotchilaridir.
Barcha viloyatlardan milliy kiyim namunalari – Toshkent va Fargʻona, Surxondaryo va Qashqadaryo aholisiga oid ayollar choponlari koʻrgazmasi, yorqin liboslar va taqinchoqlar hamda boshqa mavzudagi koʻrgazmalar namoyish etildi.
Ishtirokchilar tadbir yuzasidan oʻz fikr va taassurotlari bilan oʻrtoqlashdilar.
Oʻzbekiston Bosh prokurori oʻrinbosari Svetlana Ortiqova:
– Bugun koʻrgazmada koʻrgan kitoblarimiz aql bovar qilmaydigan darajada ajoyib asarlardir. Ularni takror va takror oʻqishimiz, ular bilan ongimizni boyitishimiz kerak. Biz betakror liboslarimiz orqali madaniy merosimizni asrab-avaylaymiz va koʻpaytiramiz, yoshlarda milliy urf-odat va anʼanalarimizga mehr uygʻotamiz.
Xolida Komilova, Oʻzbekiston “Osiyo Ramzi” dizaynerlar uyushmasi raisi, Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti prorektori, fan doktori:
– Butun dunyodagi Oʻzbekiston sanʼatini oʻziga jamlagan ajoyib kitoblar bular! Bugun ularni koʻrish, his qilish, oʻqish uchun, Germaniyada qanday namunalar saqlanishini bilish uchun, AQSH kolleksiyalarida taqdim etilgan liboslarni koʻrib, qoyil qolish uchun ajoyib imkoniyat yaratildi.
Koʻpgina sanʼatshunos va olimlarning fikricha, bu juda yaxshi natijalarga, yuqori sifat va jiddiy ilmiy yondashuvlarga ega boʻlgan ajoyib loyiha. Men bu kitoblarni muzeyda eksponat sifatida qoldirishni va bir oy davomida bu yerga talabalar hamda maktab oʻquvchilarini jalb qilishni taklif qildim.
Elmira Gul, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sanʼatshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi, sanʼat fanlari doktori, professor:
– “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” loyihasining 7 yillik faoliyati davomida 60 jildlik kitob-albomlar yaratildi. Ayni paytda 61 va 62 jildlar ustida ish olib borilmoqda. Koʻpgina nashrlarimizda anʼanaviy kiyim va zargarlik buyumlari mavjud. Ish va izlanish jarayonida milliy liboslarimiz namunalari qanchadan-qancha xorijiy va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanayotganidan xabardor boʻldik va hayratga tushdik. Va ushbu loyiha tufayli bu toʻplamlar mavjud. Kitoblarimiz madaniyatimizning xorijdagi elchilaridir. Va eng muhimi, bu meros zamonaviy urfdagi liboslar rivojlanishining asosidir.
Tursunali Qoʻziyev, Madaniy meros agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari:
– Madaniyat va sanʼat yoʻnalishida oʻtkaziladigan barcha tadbirlarda bu kitoblar namoyish etilishi kerak, deb oʻylayman. Bugun taqdimoti boʻlib oʻtgan bu ikki jild, aslida, Oʻzbekiston milliy liboslarining birinchi ensiklopediyasidir.
Ismat Yusupov, Amaliy sanʼat muzeyi direktori:
– Avvalo, bugungi tadbirga mezbonlik qilgan tashkilotchilarga, bizga merosimiz bilan tanishish uchun ajoyib kitoblarni taqdim etgan Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyatiga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman. Bu jildlarning har biri ortida koʻplab olimlarning ulkan mehnati yotibdi. Ushbu koʻrgazma muhim voqealar muhitini yanada toʻldirdi. Va agar ular boʻlmaganda, tadbir bunchalik qiziqarli boʻlmasdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Sardobaning siri nimada?
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring