Toshkentda mast erkak 13 yoshli bolaga tegajogʻlik qildi
Foto: Videodan kadr
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida avtobuslardan birida mast erkak yosh bolaga tegajogʻlik qilgani, haydovchi holatga beparvolik qilib harakatni davom ettirgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani maʼlumot berdi.
Aniqlanishicha, holat joriy yilning 4-fevral kuni sodir boʻlgan. Fuqaro X.Gʻ (1988-yilda tugʻilgan erkak) mast holda boʻlib, voyaga yetmagan, 2012-yilda tugʻilgan U.I. ismli oʻgʻil bolaga jinsiy tegajogʻlik va bolaning shaʼniga zid boshqa noqonuniy harakatlar qilgan.
Ombudsmanga koʻra, hozirda bolaga nisbatan sodir etilgan bunday zoʻravonlik holati boʻyicha Chilonzor tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Holat boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot beriladi.
Yuqoridagi tasvirlardan koʻrish mumkinki, qiyin vaziyatda qolgan bola atrofdan insoniy koʻmak kutgan, u bir necha marta baland ovozda yordam ham soʻragan, biroq bu vaqtda avtobusda beparvo haydovchidan boshqa hech kim boʻlmagan. “Xalq soʻzi” haydovchining bunday eʼtiborsizligi, vaziyatni jiddiy baholamay harakatni davom ettirgani yuzasidan izoh olishga urindi, ammo bu besamar ketdi.
Voqea sodir boʻlganidan roppa-rosa 4 kun oʻtganiga qaramay Transport vazirligi ham “Toshshahartransxizmat” AJ ham hech qanday rasmiy munosabat bermadi. Toʻgʻri, odamning olasi ichida boʻladi, degan gap bor. Haydovchidan kim pedofil, kim jinoyatchi qotil ekanini avval aniqlab, soʻngra avtobusga mindirishni talab qilib boʻlmaydi, lekin u videodagi bolakay ovozining xavotirli titrashidan vaziyatni fahmlab olishi mumkin edi-ku.
Bu holatdan keyin jamoat transportidan doimiy va beminnat foydalanadigan poytaxt aholisi avtobuslarda erkin yurishga qoʻrqib qolgan boʻlsa ajab emas. Ota-onalar ham farzandlari endi bexavotir maktabga borib-kela olmasligi, istalgan vaqtda ularning shaʼniga tajovuz boʻlishi mumkinligi haqida oʻylab, koʻngli gʻash tortayotgandir.
Shu bois vaziyatni turlicha yoritayotgan OAV va sukut saqlayotgan tegishli tashkilotlardan keng jamoatchilik koʻnglidagi xavotirlarga barham berish uchun kerakli ishlarni qilishini soʻrab qolamiz.
Muhsin Umurzoqov / “Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring