Toshkentda ikki nafar fuqaroning uyidan tarqatish uchun tayyorlab qoʻyilgan giyohvandlik vositalari topildi

12:12 29 Iyul 2025 Jamiyat
261 0

Toshkent shahri Shayxontohur tumanida ikki nafar fuqaroning yashash xonadonlaridan tarqatish uchun tayyor holatdagi giyohvandlik vositalari topildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, “Xavfsiz va sogʻlom yurt” keng qamrovli tezkor profilaktik oyligi doirasida poytaxtning Shayxontohur tumani IIO FMB JQB xodimlari amalga oshirgan tezkor tadbirda 1997-yilda tugʻilgan J.Shoxruh hamda uning tanishi 1998-yilda tugʻilgan S.Ravshanlar istiqomat qilib kelayotgan xonadonda oʻtkazilgan tintuv jarayonida ellik dona yashil rangli termoplastlikka oʻralgan moddalar, kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari, besh dona yelim idish ichida va bir dona polietilen paket ichida oʻtkir hidli tuzsimon moddalar borligi aniqlanib, xolislar ishtirokida rasmiylashtirilib olingan.

Giyohvand, psixotrop, kuchli taʼsir qiluvchi vositalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurash nechogʻlik faol olib borilmasin, uning tarqalishi, savdosi, isteʼmoli hamon boʻy koʻrsatib bormoqda. Bu holatning yoshlarimiz oʻrtasida keng tarqalayotgani, ijtimoiy tarmoqlarda turli aldovlar va vasvasaga soluvchi vaʼdalar bilan oʻz komiga tortayotgani achinarli hol.

Ushbu holat boʻyicha aniqlangan moddalar Shayxontohur tumani IIO FMB Tergov boʻlimiga taqdim etildi. Tekshiruv yakuni boʻyicha qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi.

“Hurmatli fuqarolar, Agarda siz ham giyohvandlik vositalari muomalasi bilan bogʻliq biror maʼlumotga ega boʻlsangiz darhol IIV ning ishonch telefoni: 71-231-55-54, 71-231-55-00, 77-353-55-00, 77-454-55-00 raqamlariga murojaat qilishingizni soʻraymiz. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi”, deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?