Toshkentda hokimlik yuriskonsulti katta miqdordagi pora bilan ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan hududlarda korrupsion holatlarga chek qoʻyildi, deb xabar bermoqda DXX.
Qayd etilishicha, Toshkent shahar hokimligining Yuridik boshqarmasi yuriskonsulti chet el fuqarosiga tegishli boʻlgan koʻchmas mulk davlat ehtiyojlari uchun buzilganligi sababli, kompensatsiya sifatida sud qarori bilan davlat tomonidan ajratilishi belgilab qoʻyilgan 8,8 mlrd soʻmni tezlashtirib olib berish evaziga, oʻzining 46 yoshli tanishi orqali mazkur pul mablagʻining 10 foizini, yaʼni 70 ming AQSh dollari talab qilgan.
Aks holda u sud qarori yuzasidan Toshkent shahar hokimligi nomidan kassatsiya shikoyati berib, koʻchmas mulkni qayta baholash yoʻli bilan, belgilangan kompensatsiya miqdorini kamaytirishi mumkinligini aytgan.
DXX hamda IJQKD xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, vositachi xorijiy fuqarodan 70 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Soʻrov suhbati davomida, vositachi bir muddat avval yuriskonsultga oʻz hisobidan 50 ming AQSH dollari berib qoʻyganligini aytib, yana 15 ming dollarni yuriskonsultga olib borib berishini, qolgan 5 ming dollarni esa oʻzining vositachilik xizmati uchun olib qolishni rejalashtirganligini maʼlum qilgan.
Soʻngra tezkor tadbir davom ettirilib, yuriskonsult 15 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan.
Shuningdek, yuriskonsult muqaddam oʻzining vositachisidan olgan 50 ming dollardan 10 ming dollarni kompensatsiya mablagʻining oʻtkazilish jarayonini tezlashtirib berishi uchun Toshkent shahar Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining bosh mutaxassisiga bergani aniqlangan.
Yuriskonsult koʻrsatmasi asosida bosh mutaxassis protsessual tartibda ushlangan hamda yuriskonsult 40 ming dollarni, bosh mutaxassis esa 10 ming dollarni ixtiyoriy ravishda taqdim qilgan.
Boshqa holatda esa “Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filialining Termiz shahar boʻlimi Gaz taʼminoti obyektlarini texnik tiklash va ishlatish xizmati boshligʻi Koson tumanida yashovchi fuqaro yuk avtomashinasini boshqarib ketayotib, avtotransport vositasining tom qismi bilan tabiiy gaz quvuriga shikast yetkazgani holati yuzasidan tuzilgan dalolatnomani yoʻq qilish hamda 11 mln soʻm miqdorida jarimaga tortmaslik evaziga, undan 400 dollar va 500 ming soʻm talab qilib, 3 mln 900 ming soʻm va 100 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Tergovga qadar tekshiruv davomida, u avvalroq 500 ming soʻm olganligi ham maʼlum boʻldi.
Kadastr agentligining Jizzax viloyati Zomin tumani boʻlimi yetakchi inspektori 28 yoshli fuqaro oʻzboshimchalik bilan egallab olgan yer uchastkasida qurilish ishlarini amalga oshirganligi holati yuzasidan qoʻllanilgan 75 mln soʻm miqdoridagi jarimani tanishlari orqali kamaytirib, noqonuniy qurilgan turar-joy binosining hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 400 dollar olgan vaqtida qoʻlga olindi.
Davlat kadastrlar palatasining Qashqadaryo viloyati Koson tumani boʻlimi kadastr muhandisi oʻz xizmat mavqeyidan foydalangan holda mahalliy fermer xoʻjalik rahbari bilan til biriktirib, mansabdor tanishlari orqali mazkur fermer xoʻjalikning 2 gektar suvli yer maydonini 60 mln. soʻmga hamda tegishli hujjatlari boʻlmagan 35 sotix yer maydonini turar-joy toifasiga oʻzgartirib, keyinchalik egalik huquqini beruvchi hujjatni rasmiylashtirib berish evaziga 525 mln soʻm, jami xaridordan 585 mln soʻm talab qilib, oldindan 17 ming dollar olgan vaqtlarida ushlandi.
Majburiy ijro byurosining Qarshi shahar boʻlimi davlat ijrochisi jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni undirish toʻgʻrisidagi ijro ishi yuzasidan jabrlanuvchi fuqaroga qaytarilishi lozim boʻlgan 554 mln soʻmni uning plastik kartasiga oʻtkazib berish evaziga muqaddam 2 mln. soʻm va 100 dollar olib, qoʻshimcha 2 mln soʻm olgan vaqtida qoʻlga olindi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJga qarashli “Energosavdo” korxonasining Sirdaryo viloyati Xovos tumani boʻlinmasi inspektori mahalliy fermer xoʻjalik tomonidan elektr energiyasiga noqonuniy ulanish natijasida davlat manfaatlariga 14 mln soʻm miqdorida yetkazilgan zararni yoʻq qilib, xoʻjalikni tarmoqqa qayta ulab berish evaziga 7 mln soʻm olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring