Toshkentda DXX va Prezident administratsiyasi xodimi deb tanishtirgan erkakka hukm oʻqildi

Toshkent shahrida oʻzini Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) va Prezident administratsiyasi xodimi deb koʻrsatib, shaxsiy ishlarini hal qilish uchun soxta guvohnomalardan foydalangan erkak sud hukmiga tortildi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlumotlarga koʻra, Shota Rustaveli koʻchasida (Yakkasaroy tumani) harakatlanayotgan “Lacetti” avtomobili toʻxtatilganda, uning 32 yoshli haydovchisi D.O. oʻzini DXX xodimi sifatida tanishtirgan. U inspektorlarga guvohnoma koʻrsatib, “yuqori lavozimli rahbarga qoʻngʻiroq qilish uchun” oʻzini qoʻyib yuborishni soʻragan.
Huquq-tartibot organlari fuqaroning harakatlarini shubhali deb topib, tekshiruv oʻtkazishdi. Natijada uning koʻrsatgan guvohnomasi soxta ekani va D.O.ning DXXga hech qanday aloqasi yoʻqligi aniqlandi. U daliliy ashyolar bilan qoʻlga olindi.
Tergov davomida maʼlum boʻlishicha, D.O. avval ham sudlangan boʻlgan. U turli paytlarda oʻzini Prezident administratsiyasi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimi sifatida tanishtirib, vazirlik va idoralarda ishlashini daʼvo qilgan va shaxsiy ishlarini shu yoʻl bilan hal qilgan.
Sud hukmiga koʻra, D.O. Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2 va 3-qismi “a, b” bandlarida nazarda tutilgan (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blanklarni tayyorlash, soxtalashtirish, sotish yoki qonuniy asossiz foydalanish) jinoyatlarda aybli deb topildi va 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilib, manzil-koloniyaga yuborildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollar kursi oʻzgardi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring