Toshkentda “Deklaratsiyalar muloqoti” II xalqaro forumi oʻz ishini boshladi

21:02 10 Sentyabr 2025 Jamiyat
192 0

10-sentyabr kuni Toshkentda “Deklaratsiyalar muloqoti” II xalqaro forumi oʻz ishini boshladi.Tadbir 13-sentyabrga qadar davom etadi.

Forum Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda AQSHning “LYNC” nodavlat tashkiloti hamkorligida hamda Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Tashqi ishlar vazirligi va Samarqand viloyati hokimligi koʻmagida oʻtkazilmoqda.

Forumda 15 mamlakatdan 50 nafarga yaqin yetakchi ekspert, dinshunos, siyosatchi va xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashmoqda. Jumladan, IHT, Jahon musulmonlari ligasi AQSH, Buyuk Britaniya, Xitoy, BAA, Saudiya Arabistoni kabi davlatlardan vakillar taklif etilgan. Jumladan, AQSH, Buyuk Britaniya, Xitoy, Saudiya Arabistoni, BAA, Indoneziya va Markaziy Osiyo davlatlari kabi 15 mamlakatdan 50 ga yaqin yetakchi dinshunoslar, ilohiyotchilar, ekspertlar va rasmiy shaxslar ishtirok etmoqda.

Forumda dinlararo muloqot, bagʻrikenglik, vijdon erkinligi, diniy kamsitishga qarshi kurash, konfessiyalararo ishonchni mustahkamlash, geosiyosiy keskinlik kuchayotgan davrda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash masalalari muhokama qilinadi.

Forumda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi Yangi Oʻzbekistonning bagʻrikenglik siyosati, xususan konfessiyalararo hamjihatlik sohasidagi ijobiy tajribasi alohida taʼkidlandi. Maʼlumki, mamlakatimizda 130dan ortiq millat va elatlar, 16 diniy konfessiya vakillari tinch-totuv yashamoqda. 2021-yilda mamlakat parlamenti tomonidan “Vijdon erkinligi toʻgʻrisida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi.ayni paytda Oʻzbekistonda Konfessiyalar ishlari boʻyicha Kengash faoliyati kengaymoqda. Islom taʼlim muassasalari, jumladan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faol ishlamoqda.

Forum doirasida SMTI va “LYNC” oʻrtasida Memorandum imzolash, 11–13-sentyabr kunlari Samarqandda sayyor tadbirlar, seminarlar va amaliy uchrashuvlar oʻtkazish koʻzda tutilgan. Forum yakunida jahon hamjamiyatiga murojaat qabul qilinadi. Unda diniy ozchiliklar huquqini himoya qilish, diniy kamsitishga qarshi kurashish, bagʻrikenglik va tinchlikni targʻib qilish kabi taklif va tavsiyalar jamlanadi.

Tadbirning ochilish marosimida soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov, dunyoning koʻplab nuqtalarda diniy nizolar kuchayib borayotgan bir paytda, mazkur Forum turli dinlarga eʼtiqod qiluvchi insonlarni oʻzaro hurmat, vijdon erkinligi va bagʻrikenglik madaniyatini qaror toptirish yoʻlida birlashtiradigan noyob maydonga aylanganini taʼkidladi.

“Biz forumni aynan “Muloqot” deb atashimiz ramziy maʼnoga ega. Chunki deklaratsiyalar soʻzlar kuchga ega boʻlganida va niyatlar umumiy yoʻnalishga aylanganida tugʻiladi. Ammo bu yoʻl doimo ishonchli muloqotdan boshlanadi – ana shu muloqotdan tashabbuslar, loyihalar va hamkorliklar vujudga keladi”, – dedi E.Aripov.

Forumning ochilishida shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Ruslanbek Davletov, Islom Hamkorlik Tashkiloti Bosh kotibining siyosiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Yusuf Aldobey, Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev, LYNC tashkiloti vakili Kris Saypl, Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiq Toshboyev, AQSHning Oʻzbekistondagi elchisi Jonatan Henik va boshqalar soʻzga chiqishdi.

Taʼkidlab oʻtilganidek, soʻnggi yillarda diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi sezilarli darajada soddalashtirildi. Shuningdek, Haj ziyorati uchun ajratiladigan kvotalar ikki baravarga oshirildi hamda qoʻshimcha ravishda 3 ta oliy islom taʼlim muassasasi tashkil etildi.

Tadbir doirasida SMTI va AQSHning “Love Your Neighbor Community” notijorat tashkiloti oʻzaro anglashuv toʻgʻrisidagi Memorandum imzoladi. Taʼkidlash joizki, LYNC – 2017-yili AQSHda tashkil etilgan. Davlat organlari, fuqarolik tashabbuslari va diniy jamoalar bilan hamkorlikda LYNC vijdon erkinligi, masʼuliyatli fuqarolik, oʻzaro ishonch va turli ijtimoiy guruhlar oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan faoliyat yuritadi. Ushbu hujjat din erkinligi va diniy bagʻrikenglikni ilgari surish borasidagi kelgusi hamkorlik uchun huquqiy asos yaratadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер