Toshkentda 22 ming dollar evaziga IIV Akademiyasiga oʻqishga kiritmoqchi boʻlgan shaxs ushlandi

17:18 16 Iyul 2024 Jamiyat
426 0

Foto: Videodan kadr

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda Toshkent shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda 22 ming AQSH dollari evaziga IIV Akademiyasiga oʻqishga kiritmoqchi boʻlgan shaxs ushlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, poytaxtning Yashnobod tumanida yashovchi 1986-yilda tugʻilgan shaxs oʻzining mansabdor tanishlari orqali, Toshkent viloyatining Oʻrtachirchiq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni IIV Akademiyasiga oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga 22 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida kuzatilgan holatda, Qarshi innovatsion taʼlim universiteti mutaxassisi 3 nafar fuqaroni Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filialiga mazkur oliy taʼlim muassasasidagi tanishlari orqali har birini 4 ming dollardan, jami 12 ming dollar evaziga 2-kursdan oʻqishga kiritib qoʻyishni vaʼda qilgan. Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u 11 700 dollar olgan vaqtida qoʻlga olingan.

Shu kabi Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan prokuratura organlari bilan hamkorlikda Chinoz tumanida tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda, Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida yashovchi, 1987-yilda tugʻilgan shaxs Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni Toshkent davlat pedagogika universitetiga oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga 10 ming dollar talab qilib, oldindan 5 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bundan tashqari, Olmaliq shahar bolalar va oʻsmirlar sport maktabi murabbiyi oʻzining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga Olmaliq shahrida yashovchi fuqarodan 3 500 dollar olgan vaqtida qoʻlga tushgan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Urganch davlat universitetining fakultet dekani Gurlan tumanida yashovchi, 1990-yilda tugʻilgan fuqaroning ishonchiga kirib, uning qarindoshini mazkur oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirishda boʻladigan ijodiy imtihonlardan oʻtkazib berish evaziga 2 600 dollar va 2,5 mln. soʻm olgan vaqtida ushlandi.

Boshqa holatda esa Urganch ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabining boʻlim boshligʻi Bogʻot tumanida yashovchi fuqaroga tanishlari yordamida Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati institutiga oʻqishga kirishi uchun yoʻllanma olib berish va amaliy imtihonda koʻmaklashish evaziga 4 ming dollar talab qiladi. Ammo, u soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер