Toshkent tibbiyot akademiyasi talabalari tibbiyot uchun yangilik boʻlgan “Gippokamp platformasi”ni ishlab chiqdi
Foto: “Xalq soʻzi”
Joriy yilning 26-dekabr kuni Toshkent tibbiyot akademiyasi (TTA) oʻquv binosida “press-tur” tashkil qilindi. Bunda bino bilan qisqa tanishuv hamda akademiya professor oʻqituvchilari bilan muloqot boʻlib oʻtdi.
Zamonaviy koʻrinishga ega 8 qavatli bino ichida simulyatsion markaz va 3 ta elektron mikroskop laboratoriyasi boʻlib, Yaponiyaning eng soʻnggi laborator jihozlari bilan taʼminlangan.
— Bizning talabalarimiz bemor bilan yuzlashmasidan avval rivojlangan davlatlarda qoʻllanib kelinayotgan simulyatorlar yordamida oʻrganib, soʻngra kasallarda qoʻllaydi, — deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi akusher-ginekologiya kafedrasi mudiri Farhod Shukurov. — Hozirgi kunda ona va bola sogʻligʻini taʼminlash, homiladorlik vaqtida kuzatiladigan giperteza holatlari, muddatiga yetmasdan tugʻishlarning oldini olish, ginekologik yalligʻlanishlar kabi dolzarb muammolarni oʻrganyapmiz.
“Simulyatsion markaz” taʼlimning bakalavriat va magistratura bosqichlariga moʻljallangan. Simulyatsion markaz turli klinik vaziyatlarni taqlid qiluvchi manekenlar va simulyatorlar bilan jihozlangan 10 ta oʻquv auditoriyalarini oʻz ichiga oladi.
— Bizda robotlarimiz gapiradi, talabalarning bahosini monitoringga chiqarib beradi, — dedi Toshkent tibbiyot akademiyasi klinik-modellashtirish dotsentlari Salayeva Muborak va Salimova Nargiza. — Shu tomondan bizga ancha qulayliklar boʻldi, talabalar hech qanday norozichiliksiz topshiriqni qay darajada bajarganiga qarab virtual tarzda baholanadi, yana biz talabalarga xalaqit bermagan holda ichkaridagi xonadan ularning ishlarini kuzatib turishimiz mumkin, bemorlarning yonida oʻziga ishonchsizligi, hayajonlanishi yoki xato tashxis qoʻymasliklari uchun avval robotlar bilan ishlagani maqsadga muvofiq.
Akademiyada “RAQAMLI UNIVERSITET” modeli yaratilgan. Bu yerda “TEST MARKAZI” mavjud boʻlib, unda talabalar oʻrtasida imtihon sinovlarini oʻtkazish, mustaqil tayyorgarlik koʻrish uchun 24/7 tartibda ishlovchi 200 oʻrinli virtual kutubxona va kompyuter sinflari bor. Ushbu markazda tibbiyot uchun yangilik boʻlgan “Gippokamp platformasi” TTA talabalari tomonidan ishlab chiqilgan. Bu platforma Yevropa va AQSH standartlari asosida tayyorlangan oʻzbek tilidagi tibbiyotga doir maʼlumotlar hamda materiallar jamlangan innovatsion veb dastur hisoblanadi.
Platformadagi qulaylik va imkoniyatlar:
— Mavzular qisqa va loʻnda holatga keltirilgan.
— Tushunarli va esda qolarli boʻlishi uchun jadvallar hamda illyustrativ rasmlar bilan boyitilgan.
— Terminlar haqida qisqacha izohlarga ham ega boʻlish mumkin.
— Rasmlardagi diagnostik ahamiyatga ega boʻlgan qismlar markerda belgilab koʻrsatilgan.
— Anatomik tuzilmalarni oʻzbek va lotin tillarida birgalikda oʻzlashtirish imkoniyati mavjud.
— Mavzularning klinik ahamiyati koʻrsatib oʻtilgan.
— Dori vositalari dozalash tartibi bilan berilgan.
Shuningdek, yuqori qavatlarda texnopark, biotibbiyot texnologiyalari markazi hamda Raqamlashtirilgan axborot resurs markazi (ARM) joylashgan. Markaz akademiyaning oʻquv, ilmiy maʼnaviy-maʼrifiy jarayonlarini axborot resurslari bilan taʼminlovchi ziyo maskani hisoblanadi.
Mohichehra Xamraqulova, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring