Toshkent shahrida tashkil etiladigan yangi tuman tarkibiga qaysi hududlar kiritiladi?

16:56 07 Sentyabr 2020 Siyosat
2171 0

Bu haqda 2020-yil 7-sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasining videokonferensaloqa tarzidagi navbatdagi yigʻilishida toʻxtalib oʻtildi. 

Unda dastlab “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Mazkur qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, milliy qonunchiligimizda rus tilidagi «zakonodatelstvo» va «aktы zakonodatelstva» tushunchalari oʻzbek tilida bir xil “qonun hujjatlari” deb tarjima qilinib kelingan. Xuddi shunday rus tilidagi “zakon” va «zakonodatelnыy akt» tushunchalari davlat tilida bir xil “qonun” deb tarjima qilingan. Qolaversa, milliy normativ-huquqiy bazada davlat tilidagi “qonunchilik” tushunchasi asossiz ravishda qonunlarda ishlatilmagan.

Fraksiya aʼzolari qonun loyihasini muhokama qilar ekan, soʻzga boy oʻzbek tilida rus tilidagi ushbu tushunchalarning muqobil soʻzlar bilan tarjima qilishga yetarli imkoniyat borligini taʼkidlashdi.

Xalq vakillarining aytishicha, “qonunchilik” tushunchasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 122 ta farmonida va 269 ta qarorida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining 3 ta qonunida qoʻllanilgan. Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida rus tilidagi «zakonodatelstvo», «akt zakonodatelstva» va «zakonodatelnыy akt» tushunchalarni «zakonodatelstvo» – “qonunchilik”, «akt zakonodatelstva» – “qonunchilik hujjati” va «zakonodatelnыy akt» – “qonun hujjati” deya davlat tiliga tarjima qilib milliy qonunchilikda ishlatish taklif etilmoqda.

Ushbu taklifni amalga oshirish Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasining 5 ta Konstitutsiyaviy qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasining 19 ta kodeksiga, Oʻzbekiston Respublikasining 278 ta qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni talab etadi.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi esa kelgusida qonunchilik amaliyotida ushbu tushunchalarni qoʻllash yuzasidan tushunmovchiliklar va turli xil talqin qilinishlarni oldini oladi.

Yigʻilish kun tartibidagi yana bir muhim masala – “Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 291-moddasiga oʻzgartish kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni loyihasi muhokamasi ham qizgʻin kechdi.

Mazkur qonun loyihasida transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisi yonida boʻlmagan haydovchilar transport vositalarini boshqarganda Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan transport vositasini ushlab turishni bekor qilish nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasini qabul qilinishi bilan transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisi yonida boʻlmagan haydovchilar transport vositalarini boshqarganda avtotransport vositalarini ushlab turish tartibi bekor qilinadi. Bu bilan fuqarolar mulk huquqlarining kafolatlari kuchaytiriladi.

Deputatlar yuqoridagi muhim jihatlarni hisobga olgan holda, qizgʻin muhokamalardan soʻng qonun loyihasini konseptual jihatdan maʼqulladi.

Davlatobod tumaniga 1977-yil 29-avgustda asos solingan boʻlib, uning hududi 1 125 gektarni tashkil qilgan (1977-1995-yillarda Sovet tumani, 1995-yildan Davlatobod tumaniga oʻzgartirilgan). Oliy Majlisning 2003-yil 12-dekabrdagi qaroriga asosan tuman tugatilib, 2004-yil 1-yanvardan Namangan shahri tarkibiga qoʻshib yuborilgan.

Endilikda qaytadan tashkil etiladigan tumanning 4 686 gektar hududiga 2004-yil 1-yanvargacha faoliyat koʻrsatgan Davlatobod tumanining 1 125 gektar maydoni, 2016-2019-yillarda Kosonsoy (227 gektar), Toʻraqoʻrgʻon (183 gektar) va Namangan (2 726 gektar) tumanlari hisobidan Namangan shahriga berilgan yerlar, Namangan shahri “Yuksalish” mahallasining 425 gektar hududidagi yerlarni kiritish nazarda tutilmoqda.

Davlatobod tumani shahar tarkibidagi tuman toifasiga kiritilib, tuman hokimligi (21 ta shtat birligi) va barcha tuman boʻlimlari (moliya, soliq, xalq taʼlimi, maktabgacha taʼlim, tibbiyot, mahalla, madaniyat, bandlikka koʻmaklashish va hk.) tashkil etiladi. Buning natijasida boshqaruv samaradorligi yaxshilanadi. Eng muhimi, yangi infratuzilma obyektlari barpo etiladi va aholiga xizmat koʻrsatish tizimi yana-da rivojlantiriladi.

Fraksiya yigʻilishida Namangan shahri tarkibida Davlatobod tumanini tashkil etish masalasi koʻrib chiqilar ekan, yuqoridagilar inobatga olinib, ushbu masala deputatlar tomonidan maʼqullandi.

Yigʻilishda “Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish hamda Toshkent shahri va Toshkent viloyatining chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisida”gi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qarori loyihasi ham koʻrib chiqildi.

Toshkent shahri hududidan 2 131,2 gektar, shu jumladan, Sergeli tumanidan 1 864,2 gektar va Bektemir tumanidan 267,0 gektar hamda Toshkent viloyati hududidan 2 288,4 gektar, shu jumladan, Zangiota tumanidan 492,0 gektar, Quyichirchiq tumanidan 128,7 gektar, Yangiyoʻl tumanidan 264,4 gektar va Oʻrtachirchiq tumanidan 1 403,3 gektar yer maydonlari Yangihayot tumani tarkibiga oʻtkaziladi.

Xalq noiblari mazkur hujjatning qabul qilinishi natijasida Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumani tashkil etilishi hamda Toshkent shahrining Sergeli, Bektemir va Toshkent viloyatining Zangiota, Quyichirchiq, Yangiyoʻl va Oʻrtachirchiq tumanlari chegaralari oʻzgartirilishini taʼkidlab, qaror loyihasini qoʻllab-quvvatlashdi.

Yigʻilishda fraksiya vakolatlariga kiruvchi boshqa masalalar ham muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер