Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yigʻilishi oʻtkaziladi

12:24 15 Dekabr 2025 Siyosat
192 0

Joriy yilning 15–17-dekabr kunlari Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yigʻilishi oʻtkaziladi.

Tadbirning asosiy maqsadi Markaziy Osiyo davlatlari hamda Koreya Respublikasi oʻrtasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosini taʼminlashga koʻmaklashish, parlamentlararo muloqotni chuqurlashtirish va oʻzaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.

“Inson qadri, ijtimoiy adolat va atrof-muhitni muhofaza qilish yoʻlidagi hamkorlik” mavzusidagi uchinchi yigʻilishning yalpi majlisi Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi yaqin istiqbolga moʻljallangan mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlanadi.

“Iqtisodiy hamkorlik, raqamli transformatsiya va sanoat: mintaqalar rivojining taraqqiyot yoʻllari” hamda “Barqaror rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilish: ekologik tashabbuslarni amalga oshirishda parlamentlarning roli” mavzularida 2 ta sessiya oʻtkazish ham rejalashtirilgan.

Shuningdek, parlamentlararo komissiyalar va doʻstlik guruhlari aʼzolari ishtirokidagi uchrashuvlarda qonunchilik sohasidagi ilgʻor tajribalarni oʻrganish maqsadida think-thank va ilmiy doiralar vakillari bilan muhokamalar tashkil qilish ham nazarda tutilgan.

Yigʻilish yakunlari boʻyicha Qoʻshma deklaratsiya qabul qilish koʻzda tutilgan.

Taʼkidlash joiz, mazkur formatdagi birinchi uchrashuv 2023-yil 19-sentyabrda Seul shahrida, ikkinchisi esa 2024-yil 14-oktyabrda Ashxobodda boʻlib oʻtgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?