Toshkent shahar hokimidan kutilmagan tashabbus: davlat ishxonalarida milliy liboslarda yurish tavsiya etiladi

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov 2025-yil 21-yanvar kuni “Toshkent shahrida milliylikni keng targʻib qilishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi. Mazkur hujjat doirasida shaharda milliylikni ommalashtirish va uning ijtimoiy ahamiyatini oshirish boʻyicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Qaror asosida “Milliy Toshkent” loyihasi tasdiqlandi va uning ijrosini taʼminlash maqsadida Toshkent shahar ishchi guruhi tashkil etildi.
Qarorga koʻra, davlat tashkilotlari xodimlari uchun ish kunlarida milliy liboslarda yurish tavsiya etildi. Shuningdek, ommaviy tadbirlarda milliy liboslarni keng koʻrsatish, milliy oʻyinlar, raqslar va qoʻshiqlar tanlovlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Eng yaxshi liboslar tanlovi gʻoliblariga maxsus sovrinlar topshiriladi. Madaniy, maʼrifiy va sport tadbirlarida aholining faol ishtiroki taʼminlanadi.
Shuningdek, shaharda milliylikni keng targʻib qilish boʻyicha bir qator vazifalar belgilab berildi. Milliy liboslarni va milliylikni ommalashtirishga qaratilgan targʻibot materiallarini ishlab chiqish, davlat tashkilotlari va mahallalar bilan hamkorlikni kuchaytirish, milliylikni targʻib etuvchi tadbirlar va seminarlar uyushtirish, milliy liboslar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, milliylikni keng yoyishga qaratilgan doimiy nazoratni taʼminlash shular jumlasidandir. Oyning har jumasi shahar boʻylab “Milliy liboslar kuni” etib belgilandi.
Qarorda “Milliy Toshkent” loyihasi doirasida shaharning jamoat transporti va turli obyektlari milliylik ornamentlari bilan bezatilishi belgilangan. Umumtaʼlim maktablarida har birida namuna sifatida “Milliy oʻzbek sinfi” tashkil etiladi. Savdo markazlari, muzeylar, kinoteatrlar va bozorlar milliy ruhda bezatilib, ularda milliylikka oid tadbirlar oʻtkaziladi. Shuningdek, “Toshkentda milliylik trendda” shiori ostida ijtimoiy videoroliklar va bloglar tanlovlari oʻtkaziladi.
Toshkent shahrida milliylikni targʻib qilish sayyohlar uchun ham katta ahamiyatga ega. Turistik marshrutlarga milliy bezakli obyektlar kiritiladi. Shuningdek, mehmonxonalar va restoranlarda milliy liboslar hamda hunarmandchilik mahsulotlarini namoyish etish tadbirlari tashkil etilishi ham belgilanmoqda. Sayyohlar uchun milliy liboslarda fotosuratga tushish imkoniyatlari yaratiladi.
Toshkent shahar hokimligi, boshqarmalar va mahalliy hokimiyat organlariga mazkur qarorning ijrosini taʼminlash topshirildi. “Milliy Toshkent” loyihasi doirasida milliy qadriyatlarni targʻib etish boʻyicha ijtimoiy tarmoqlarda kontentlar joylashtirish, ommaviy axborot vositalarida maxsus materiallar tayyorlash vazifalari belgilandi. Loyiha milliy madaniyatni asrash va rivojlantirish, aholi oʻrtasida milliylikni yanada ommalashtirishga xizmat qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Yurakka ko‘milar asl shoirlar”
- Mirzo Bobur – buyuk imperiya asoschisi
- Navoiy viloyatida 2025-yil “Alisher Navoiy yili” deb nomlanadi
- Milliy gvardiyaga yangi vakolat berildi
- Xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka jalb qilish masalalari muhokama qilindi
- Prezident “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” IV xalqaro simpoziumi ishtirokchilariga tabrik yoʻlladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring