“Toshkent” navli kartoshka Qoraqalpogʻiston iqlimiga mos kelmoqda

18:45 30 Iyul 2025 Jamiyat
188 0

Shu yilning 7-iyul kuni qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining sifatini baholash tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining sifatini baholashda shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibni joriy etish, sohaga xalqaro tajribalarni keng tatbiq etish orqali eksportbop qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni koʻpaytirish kabi bir qator vazifalar belgilandi.

Bu borada Qoraqalpogʻiston Respublikasida qishloq xoʻjaligi ekinlarining sifatli va mahalliy iqlimga mos ekin urugʻlarini topish, ularni hududning oʻzida yetishtirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda fermer xoʻjaliklari bilan bir qatorda tomorqa egalari ham urugʻlik yetishtirishda oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshmoqda.

Misol uchun Amudaryo tumani mirishkor dehqonlari va tomorqa egalari koʻpchilikka namuna boʻlayotir. Jumladan, tumandagi ilgʻor tomorqachi Erkin Qoʻshayev tumanda kartoshka urugʻchiligi bilan shugʻullanish tashabbusi bilan chiqib, yaxshi natijalarga erishmoqda.

—-Bozorlarimizni oʻzimiz taʼminlash uchun kartoshka urugʻini yaxshilashimiz kerak, — deydi tomorqa egasi Erkin Qoʻshayev. – Orolboʻyidagi dehqon bozorlaridagi kartoshkaning katta qismi respublikamizning boshqa viloyatlaridan, hatto chet davlatlaridan ham kartoshka kirib keladi. Amudaryoliklar mehnatkash tomorqasidan ikki-uch marta hosil olishmoqda. Lekin, koʻryapmizki mahalliy bozorlarimizni toʻliq taʼminlash imkoni boʻlmayapti.

Shu bois joriy bahorda Qishloq xoʻjaligi vazirligi va boshqa masʼul tashkilotlar koʻmagida 300 kilogramm “Toshkent” navli kartoshka urugʻligini ilk bor dala tomorqalarimizga ekib koʻrdik. Urugʻliklar 10 sotix yer maydoniga ekilib, natijada 4 tonnaga yaqin hosil olindi. Bu esa birgina tomorqada qisqa muddatda yuqori hosildorlikka erishish mumkinligini yana bir bor isbotladi.

Erkin Qoʻshayevning saʼy-harakatlari nafaqat oʻz tomorqasi hosildorligini oshirdi, balki tuman miqyosida yangi yoʻnalishni boshlab berdi. U yaratgan bu tajriba hozirda tuman aholisida katta qiziqish uygʻotmoqda. Bundan ruhlangan mutasaddi tashkilotlar tomonidan endilikda Amudaryo tumani misolida kartoshka urugʻchiligini rivojlantirish boʻyicha maxsus chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmoqda.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, “Toshkent” navli kartoshka urugʻligi iqlim oʻzgarishlariga bardoshli, kasalliklarga chidamli va serhosil, boʻlib, Qoraqalpogʻiston iqlim sharoitiga ham mos kelgan.

Ayni kunlarda Amudaryo tumanidagi ushbu tomorqachining tajribasi Qoraqalpogʻiston miqyosida bosqichma-bosqich tomorqa maydonlari hamda fermer xoʻjaliklari dalalarida ekilib, sinovdan oʻtkazish boʻyicha targʻibot ishlari boshlangan. Bir soʻz bilan aytganda, oddiy tomorqachining tajribasi va Orolboʻyida kartoshkadan yuqori hosil olishda tub burilish yasashi mumkin.

Yuqorida keltirilganidek, Prezident farmoni asosida yurtimizda urugʻliklar sifatini baholashning yangi tizimi joriy etilmoqda. Shunday davrda oddiy tashabbuskor tomorqachining kartoshka urugʻlik yetishtirish borasidagi xayrli ishlari tahsinga sazovor, albatta. Uning tajribasida yuqori hosil olishga erishgani respublika miqyosida oziq-ovqat taʼminoti barqarorligini taʼminlashga qaratilgan ulkan chora-tadbirlarni amalga oshirishga turtki boʻlmoqda. Eʼtiborlisi, bugun mazkur oddiy tomorqa egasining tajribasi koʻplab yurtdoshlarimizga tomorqadan samarali foydalanish boʻyicha shaxsiy namuna boʻlib xizmat qilmoqda.

Gʻayrat OTAJONOV,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер