Toshkent maydonidan deyarli 12 baravar katta aysberg “yoʻlga chiqdi”

10:42 19 Dekabr 2024 Dunyo
288 0

Ogʻirligi bir trillion tonnadan ortiq ogʻirlikka ega A23a aysbergi Janubiy okeanda harakatga kelgan. Olimlar “megaberg”ning maydoni deyarli toʻrt ming kvadrat kilometrni tashkil etishini taxmin qilgan. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.

Olimlar sunʼiy yoʻldoshlar orqali aysbergning harakatini kuzatib, u ekotizimlarga qanday taʼsir koʻrsatishi mumkinligini muntazam oʻrganib borishmoqda. A23a aysbergi ilk bor 1986-yilda Antarktidadagi Filxner shelf muzligidan ajralib chiqib, keyinchalik Ueddell dengiziga tiqilib qolishi oqibatida oʻttiz yil davomida harakatsiz holatda boʻlgan.

“A23a yana harakatni boshlaganini koʻrish quvonchli. U Antarktidadan ajralgan boshqa yirik aysberglar yoʻnalishida ketish yoki ketmasligini kuzatish qiziq. Eng muhim jihati uning mahalliy ekotizimga qanday taʼsir koʻrsatishida”, — deydi okeanograf Endryu Meyers.

A23a soʻnggi marta 2023-yil oxirida harakatga kelgani sezilgan. Oʻshanda sunʼiy yoʻldoshlar aysbergning Antarktidadan chiqib ketishga urinishini qayd etgan. Olimlar aysberg oʻzi harakatlanayotgan hududlarga jiddiy taʼsir oʻtkazishi mumkin deb hisoblashmoqda.

“Bilamizki, bunday ulkan aysberglar oʻzlari oʻtayotgan suvlarni ozuqaviy moddalar bilan boyitib, kam mahsuldor hududlarda gullab-yashnayotgan ekotizimlarni yaratishi mumkin. Ularning oʻlchami va kelib chiqishi bu jarayonga qanday taʼsir koʻrsatishi mumkinligini aniq bilmaymiz”, — dedi bir yil oldin A23a ga shaxsan tashrif buyurgan ekspeditsiya aʼzosi, biogeokimyogar Lora Teylor.

Aysberg hozirda okean uzra erkin suzib ketmoqda. Tadqiqotchilar aysbergning ekotizimga taʼsirini oʻrganish maqsadida uning old, orqa va yon tomonlaridan suv namunalarini olgan.

Qayd etish kerakki, bu aysbergning maydoni Toshkent shahrining (334,8 kvadrat kilometr) maydonidan deyarli 12 barobar katta deganidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер