Toshkent havosini yaxshilash yoʻlida jiddiy qadam
Prezidentimiz tomonidan kuni kecha “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmon imzolandi.
Ushbu hujjat xalqimiz, ayniqsa, poytaxt ahliga katta quvonch bagʻishlashi barobarida, ertangi kunga ishonch va umidni yanada kuchaytirdi. Negaki, unda mamlakatimiz bosh kentining ekologiyasini yaxshilash, havosi musaffoligini taʼminlash boʻyicha eng muhim vazifalar belgilab berildi.
Quvonarli tomoni shundaki, Farmonda koʻrsatilgan vazifalar ijrosiga u eʼlon qilingan ondayoq kirishildi. Natijada Toshkent havosida oʻzgarishlar kuzatila boshlandi.
— Xayriyat, Toshkent havosi bugun bir oz yaxshilandi, — deydi toshkentlik bogʻbon Mirzaahmad Rizayev. — Chang va gʻuborlar sekin-asta koʻtarilib, yengil nafas ola boshladik. Buni men Prezident tashabbusi bilan poytaxt ekologiyasini yaxshilash boʻyicha boshlangan amaliy chora-tadbirlar samarasi, deb bilaman.
Darhaqiqat, oʻtgan haftada boshlangan poytaxt havosining yuqori darajada ifloslanish holati uzoq muddat saqlanib turishi bilan odamlarni qiynab qoʻydi. “Gidrometeorologiya” xizmati agentligi buni harorat inversiyasi, yaʼni sovuq havo ustida iliq havo muallaq boʻlib, havo qatlamlarining aralashib ketishiga yoʻl qoʻymasligi, yer yaqinida zararli moddalarning toʻplanishiga sabab boʻlishi bilan izohladi. Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi esa tez-tez takrorlanayotgan bu muammo ham tabiiy, ham antropogen omillar taʼsirida yuzaga kelganini maʼlum qildi.
Shu paytgacha muammoning asosiy sabablari bot-bot aytilsa-da, uning yechimi sari jiddiy saʼy-harakatlar amalda sezilmayotgan edi. Ana shunday bir paytda davlatimiz rahbarining Farmoni eʼlon qilinishi aholining ayni dilidagi gap boʻldi. Axir, unda havoning ifloslanishiga sabab boʻlayotgan barcha omilni bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar aks etgan.
Kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar
Endilikda Toshkent shahrida atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish maqsadida ekologik nazorat yanada kuchaytiriladi. Iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish uchun kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar koʻriladi. Bu borada Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasiga 2026-yil 1-martga qadar muhim vazifalar yuklatildi.
Eng asosiysi, Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha maxsus komissiya tuzilib, unga koʻplab vakolatlar berildi. Avval qabul qilingan tegishli Farmon, qaror va topshiriqlar ijrosini taʼminlash vazifasi ham uning zimmasiga yuklatildi.
Xoʻsh, maxsus komissiya oʻz vakolati doirasida qanday ishlarni amalga oshiradi?
Maxsus komissiya rasmiy manbasidan olingan maʼlumotlarga qaraganda, u qurilish ishlarini amalga oshirishga cheklov va talablar joriy qilish, tabiiy changlanish kuchaygan paytda sanoat korxonalari, transport, issiqlik taʼminoti va boshqa sohalarda cheklovlarni oʻrnatish vakolatiga ega.
Shu bilan birga, maxsus komissiya sanoat va ishlab chiqarish korxonalarini filtrlar bilan jihozlash hamda “AI-80” markali benzindan voz kechish bilan bogʻliq chora-tadbirlar ijrosi nazoratini olib boradi. U tomonidan qabul qilingan qaror va koʻrsatmalar barcha davlat idoralari va tashkilotlari, huquqni muhofaza etuvchi va nazorat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiy hisoblanadi.
Aytish joizki, maxsus komissiya Toshkent shahridagi ekologik vaziyatni doimiy tahlil va monitoringdan oʻtkazish asnosida uning yomonlashish tendensiyalarini prognoz qiladi. Ekovaziyat murakkablashgan hollarda uni yaxshilashga qaratilgan kechiktirib boʻlmaydigan choralar koʻrish boʻyicha takliflar tayyorlab, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga kiritish vakolati berildi.
Suv havzalari va favvoralar koʻpayadi
Iqlimshunoslarning fikricha, shahar havosini ifloslantiruvchi asosiy manbalardan biriga aylangan qurilish ishlari endi tartibga olinadi. Sababi, qurilish maydonlari nazorati kuchaytiriladi. Bir hafta ichida 500 m2 va undan katta maydonlarda kompleks tekshiruvlar oʻtkazilib, maydonlarning kamida 25 foizi koʻkalamzorlashtirilgani, suv purkagichlar oʻrnatilgani, kirish-chiqish yoʻllarida avtotransport gʻildiraklari yuviladigan havzalar mavjudligi va materiallar brezent yoki PVX qoplama bilan yopilgan holda tashilayotgani tekshiriladi. Chang va qumning havoga koʻtarilishiga yoʻl qoʻymaslik talablari qatʼiy kuzatuv ostiga olinadi.
Endilikda katta qurilish maydonlarida monitoring stansiyalari majburiy boʻladi. Maydoni 1 000 m2dan ortiq obyektlarda monitoring uskunalarini oʻrnatish va qoʻmita tizimiga ulash qurilishni davom ettirishning asosiy sharti etib belgilandi. Shuningdek, yoʻl boʻylarida daraxt va butalarni muntazam yuvish, koʻp kvartirali uylarda sugʻorish uchun rezervuarlar oʻrnatish choralari koʻriladi.
Poytaxtda mikroiqlim barqarorligini taʼminlash boʻyicha yirik loyihalar boshlanadi. Uch oy muddatda shaharning toʻrt yoʻnalishi boʻylab kamida uchtadan sunʼiy koʻl va suv havzasi barpo etiladi. Bundan tashqari, ikki hafta ichida Toshkentdagi favvoralar sonini kamida ikki baravarga koʻpaytirish boʻyicha alohida dastur ishlab chiqiladi.
Issiqxonalarda reydlar oʻtkazilmoqda
Tahlillarga qaraganda, kuz-qish mavsumida shahar havosi ifloslanishida issiqxonalarning salbiy taʼsiri katta boʻlmoqda. Chunki ayrim tadbirkorlar isitishda zararli moddalardan foydalanish hollari koʻplab uchramoqda. Shuning uchun issiqxonalar boʻyicha nazorat ham keskin kuchaytiriladi.
Maxsus komissiyadan maʼlum qilinishicha, ayni paytda Toshkent shahri va Toshkent viloyati atrofida joylashgan issiqxonalarning isitish tizimlarini koʻzdan kechirish maqsadida reyd tadbirlari oʻtkazilmoqda. Unga tegishli tashkilotlar xodimlari ham jalb etilgan. Bundan koʻzlangan maqsad noqonuniy pechlar, yoqilgʻi sifatida ishlayotgan avtoshinalar, filtrsiz moʻrilar va boshqa zararli moddalar chiqaruvchi yoqilgʻilarga qarshi kurashishdir.
Shu oʻrinda aytish joizki, 200 m2dan ortiq issiqxonalarda chang tarqatish va ekologik talablarni buzish bilan bogʻliq qonunbuzilishlar uchun jarimalar oshiriladi, yoqilgʻi yoqilishi holatlarida esa obyektlarni davlat foydasiga musodara qilishni nazarda tutuvchi jinoiy javobgarlik tartibi joriy etiladi.
Energetika vazirligi masʼullarining aytishicha, Farmonda belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqqan holda, bir haftada issiqxonalarni tabiiy gaz bilan taʼminlash boʻyicha shartnomalar tuziladi.
Doimiy onlayn nazorat
Hujjat ijrosi doirasida poytaxtda havo ifloslanishini kamaytirish uchun havo sifati monitoringi yaxshilanadi. Buning uchun “Air Monitoring Uzbekistan” platformasiga gidrometeorologik xizmat tizimidagi barcha kuzatuv stansiyalarini, jumladan, yangi oʻrnatiladigan avtomatik postlarni ulash rejalashtirilgan.
Farmonga muvofiq, atmosfera havosining PM2.5 kabi mayda zarrachalar bilan ifloslanish manbalarini aniqlashga ixtisoslashtirilgan maxsus laboratoriya tashkil etiladi. U kosmik tasvirlar, zamonaviy oʻlchov uskunalari va modellashtirish texnologiyalari asosida tahlillar olib boradi, qabul qilinayotgan ekologik qarorlarni ilmiy jihatdan asoslashda muhim oʻrin tutadi.
Umuman olganda, 2025-yil oxirigacha atmosfera nazorati toʻliq modernizatsiya qilinadi. 347 ta avtomatlashtirilgan stansiya xaridi amalga oshirilib, “Air Monitoring Tashkent” tizimi qoʻmita boshqaruviga oʻtkaziladi va umummilliy “Air Monitoring Uzbekistan” platformasiga integratsiya qilinadi. Gidrometeorologiya xizmati stansiyalari va “Zamin” fondi oʻrnatgan postlar ham yagona monitoring tizimiga ulanadi.
Havo tozalagichlar bojdan ozod
Yana bir yangilik. Tadbirkorlik subyektlari va fuqarolar ichki bozorda talab ortib borayotgan maishiy havo tozalash uskunalarini yurtimizga olib kirishda bojxona bojidan ozod etiladi.
— Prezidentimiz Farmoni bilan bu turdagi tovarlar uchun import bojining bekor qilinayotgani xorijdan havo tozalagichlarning keng assortimentdagi importini ragʻbatlantiradi va ichki bozorda isteʼmolchilarga tovarlarning maqbul narxlarda yetib borishiga yoʻl ochadi, — deydi Bojxona qoʻmitasi Matbuot xizmati rahbari Husan Tangriyev.
Bojxona qoʻmitasi maʼlumotlariga qaraganda, keyingi paytda havo tozalagichlar importi muttasil ortmoqda. 2025-yilning 10 oyi davomida Oʻzbekistonga umumiy qiymati 1,3 mln. AQSH dollariga teng boʻlgan 18,1 ming donadan ziyod maishiy havo tozalagichlar keltirilgan. Bu raqam oʻtgan yilning shu davridagiga qiyoslanganda import hajmi 22 foiz oshganini koʻrsatadi.
Maʼlumot oʻrnida aytganda, ushbu turdagi tovarlar, asosan, Xitoy, Turkiya, Germaniya, Rossiya, Niderlandiya va boshqa davlatlardan keltirilmoqda.
Farmonda poytaxt ekologiyasini yaxshilash, havoning ifloslanishiga yoʻl qoʻymaslik va osmonimiz musaffoligini taʼminlash uchun nafaqat tezkor chora-tadbirlar, balki uzoq istiqbol koʻzlangan dasturiy vazifalar ham qamrab olingan. Zotan, nafas olib turganimiz — havoning toza va sofligining taʼminlanishi millionlab insonlarning salomatligi va hayot-mamot masalasidir.
Shu bois davlatimiz rahbari tegishli tashkilot va tuzilmalar qatorida ommaviy axborot vositalari oldiga ham muhim vazifa qoʻydi. U ham boʻlsa, mavjud ekologik holat, uning aholi salomatligiga taʼsiri va profilaktika qilish usullari boʻyicha tushuntirish ishlarini samarali tashkil etish, bir soʻz bilan aytganda, aholining xabardorligini oshirishdir. Bu haqda gap ketganda, “Xalq soʻzi” gazetasi ayni shu masalaga bagʻishlangan turkum materiallar tayyorlab, eʼlon qilib kelayotganini eslatib oʻtishimiz joiz. Xususan, gazetamizning shu yil 21-oktyabr sonida “Chang-toʻzonlar qurshovida qolayotgan shahar” sarlavhasi ostida tahliliy-tanqidiy maqola chop etildi.
Ming afsuski, unda koʻtarilgan Toshkent shahri havosi va ekologiyasi bilan bogʻliq muammolar, ularning yechimi yuzasidan qoʻyilgan savollarga shahar hokimligidan ham, sobiq Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligidan ham rasmiy munosabat ololmadik. Joʻnatilgan rasmiy xat va soʻrovlarimiz eʼtiborsiz qoldirilgani taassuflanarlidir.
Binobarin, toza havo — umumiy boylik! Uni ifloslantirishga hech kimning haqqi yoʻq. Endi davlat bu masalada murosaga kelmaydi. Buni ayrim rahbar va masʼullar ham aql tarozisiga qoʻyib, oʻzlariga tegishli xulosa chiqaradi, degan umiddamiz.
Said RAHMON, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
- Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- “Loʻlilar faqat tilanchimi?...” Ular yashayotgan mahalladan fotoreportaj
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring