Toʻlovga qobiliyatsiz korxonalarni tugatib yuborish oson. Ammo...
Xususiy mulkni yanada rivojlantirish, kichik biznes va tadbirkorlik sohasini qoʻllab-quvvatlash hamda ragʻbatlantirish, uni keng rivojlantirish uchun maksimal qulay sharoit yaratish hamda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadiga aylandi.
Tadbirkorlarga erkin faoliyat yuritishi uchun mukammal huquqiy asoslar bilan bir qatorda, zarur shart-sharoitlarning yaratib berilayotganligi yangi korxonalar tashkil etilishida va mavjudlarining faoliyatini kengayishida salmoqli ahamiyat kasb etmoqda, yangidan-yangi ish oʻrinlari yaratilib, xalqning daromadi oshmoqda.
Korxonada korporativ va ishlab chiqarish munosabatlarining amaldagi iqtisodiy islohotlar jarayonidan orqada qolishi natijasida korxona bankrotlik holatiga tushib qoladi. Toʻlovga qobiliyatsiz korxonalarni tugatib yuborish qiyin emasdir, ammo uning oqibatida ushbu korxonalarda ish bilan taʼminlangan fuqarolar ish oʻrnini yoʻqotadi, shartlashuvchi subyektlar oʻrtasida nizolar, ular faoliyatiga salbiy taʼsir va boshqa shu kabi koʻplab ijtimoiy hamda iqtisodiy masalalar kelib chiqadi.
Shu oʻrinda muhim bir jihat, ijtimoiy munosabatlar rivojlangan sari, ularni huquqiy jihatdan tartibga soluvchi normalarning ham takomillashtirib borish zarurati yuzaga keladi.
Maʼlumki, bankrotlik munosabatlarini tartibga soluvchi “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Qonun 2003-yilda qabul qilingan boʻlib, unda iqtisodiyot tarmoqlari rivojlanishi natijasida vujudga kelayotgan yangi munosabatlarni tartibga soluvchi mexanizmlar aks ettirilmagan edi.
Qonunning nomi hamda matnida “bankrotlik” atamasining keng qoʻllanilganligi, mazkur Qonunning korxonani bankrot, deb topish va uni tugatishga qaratilganligini anglatar edi.
Joriy yilning 13-apreldan kuchga kirgan “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni iqtisodiy nochor ahvolga tushib qolgan korxonalarga oʻz faoliyatini qayta tashkil etish va toʻlov qobiliyatini tiklashga imkon berish orqali iqtisodiyotga taʼsir oʻtkazadi.
Mazkur hujjatning qabul qilinishi iqtisodiy jihatdan tang ahvolga
Eʼtiborlisi, Qonunning nomi va matnidagi “bankrotlik” soʻzlarini “toʻlovga qobiliyatsizlik” soʻzlari bilan almashtirilganligini Qonun mazmunan iqtisodiy nochor holatga tushgan korxonalar faoliyatini tiklashga yoʻnaltirilayotganligi bilan bogʻlash mumkin.
Xorij amaliyotiga nazar tashlaydigan boʻlsak, bu kabi qonunlar Germaniyada “Iqtisodiy toʻlovga qobiliyatsizlik”, Qozogʻistonda “Reabilitatsiya va bankrotlik”, Yaponiyada “Korporativ qayta tashkil etish, fuqarolik reabilitatsiyasi va bankrotlik” deb nomlanishini koʻrishimiz mumkin.
Xoʻsh, bu Qonunni ishlab chiqish uchun yana qanday zarurat mavjud edi?
Iqtisodiy nochor va toʻlovga qobiliyatsizlik masalalarini tartibga soluvchi “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Qonun mohiyatan korxonani bankrot deb topish va uni tugatishga qaratilgan boʻlib, unda korxonaga nisbatan sogʻlomlashtirish taomillarini qoʻllashni ragʻbatlantiruvchi normalar mavjud emas edi.
Statistik tahlillarga eʼtibor qaratsak, 2020-2021-yillarda jami 15 745 ta korxona bankrot, deb topilgan boʻlib, ularning 2 foizi faoliyati tiklangan, 80 foizi tugatilgan, 18 foizi boʻyicha tugatish jarayoni davom etmoqda.
Qonun bilan korxonaga nisbatan sogʻlomlashtirish taomillarini qoʻllashni ragʻbatlantirish maqsadida toʻlovga qobiliyatsizlik vaqtinchalik va doimiy turlarga ajratilmoqda.
Xususan, Qonunning 5-moddasiga muvofiq vaqtincha toʻlovga qobiliyatsizlik alomatlari deganda agar tegishli majburiyatlar yuzaga kelgan sanadan eʼtiboran uch oy ichida qarzdor tomonidan bajarilmagan boʻlsa, shaharni tashkil etuvchi korxona hamda unga tenglashtirilgan korxonalar tomonidan esa olti oy ichida bajarilmasa, sudga murojaat etish sanasida qarzdorning pul majburiyatlari boʻyicha kreditorlar talablarini qanoatlantirishga va (yoki) soliqlar hamda yigʻimlar boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishga qodir emasligi, doimiy toʻlovga qobiliyatsizlik alomatli deganda esa agar sudga ariza berish sanasidagi va ariza berilgan yilning boshidagi hisobot davrida, agarda ariza yilning birinchi choragida berilgan boʻlsa, oʻtgan yilning boshidagi hisobot davrida qarzdorning majburiyatlari uning aktivlari qiymatidan oshib ketgan boʻlsa tushunilishi mumkin.
Bunga qadar amalda boʻlgan qonun talabiga koʻra, korxona tegishli toʻlov majburiyatlari yuzaga kelgan kundan eʼtiboran uch oy ichida bajarmasa va unga nisbatan bildirilayotgan talablar bazaviy hisoblash miqdorining kamida uch yuz baravari, yaʼni 81 000 000 soʻmni tashkil etsa, unga nisbatan tugatish taomili qoʻllanilar edi.
Shuningdek Qonunning oldingi tahririda bankrotlik ishi qoʻzgʻatilgan korxonalarga soliq imtiyozlari berilishi taqiqlangan, bunday korxonalarga tijorat banklari tomonidan kreditlar ajratilmas edi.
Endi esa korxonaga nisbatan sogʻlomlashtirish taomillarini qoʻllashni ragʻbatlantirish maqsadida mazkur jarayonda joriy soliq toʻlovlarini toʻxtatib turish, tijorat banklari va moliya institutlaridan kreditlarni jalb etish, qarzdorlik qisman qoplanganda korxona faoliyatini kreditorlar roziligi bilan tiklash boʻyicha normalar kiritildi.
Umuman, qonunning amalga kiritilishi toʻlovga qobiliyatsizlik holatidagi korxonalarga nisbatan sogʻlomlashtirish taomillarini qoʻllash orqali ularning faoliyatini tiklash va mamlakatimizning xalqaro reytinglarda toʻlovga qobiliyatsizlik indikatoridagi oʻrnini oshirish imkonini beradi.
Shu bilan birga, toʻlov qobiliyatini tiklash imkoniyati boʻlgan korxonalarda korporativ va ishlab chiqarish munosabatlari tubdan oʻzgaradi, iqtisodiyot sohasida “ishlab chiqarishi qaytadan tiklangan hamda yangidan tetiklashgan subyektlar” faoliyat yurita boshlaydi.
Sarvar SOLIYEV,
Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudining raisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring