Tokio olimpiadasidan soʻng keyingi safar albatta jahonda kuchli oʻn beshtalikka kiramiz, deb niyat qilgan edik — Shavkat Mirziyoyev

Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Parij Olimpiadasida ishtirok etgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashuvda oʻzbekistonlik sportchilarning bu galgi musobaqada qayd etgan natijalarini yuqori baholadi.
«Esingizda boʻlsa, biz Tokio olimpiadasidan soʻng keyingi safar albatta jahonda kuchli oʻn beshtalikka kiramiz, deb niyat qilgan edik.
Lekin faqat niyatning oʻzi bilan cheklanmasdan, avvalo, bu masalaga boʻlgan qarashimizni oʻzgartirib, uch yil davomida qattiq va tinimsiz mehnat qildik, sportchilarimiz uchun barcha sharoitlarni yaratib, ana shunday yuksak marralarni zabt etdik», dedi Prezident nutqining davomida.
Toʻrt yilda bir marta oʻtadigan bunday yirik xalqaro musobaqada dunyodagi har bir mamlakatning sport sohasiga berayotgan eʼtibori, millat va xalqning jismoniy va maʼnaviy salohiyati yaqqol namoyon boʻladi.
Bunday ulkan arenada eng kuchli va mohir atletlar, zoʻrlarning zoʻri ishtirok etadi.
“Shu maʼnoda, sizlar xalqimizning chinakam qahramonlari, botir oʻgʻil-qizlari, Vatanimiz iftixorlarisiz. Barchamiz sizlar bilan gʻururlanamiz!” dedi Prezident.
Uchrashuvda Olimpiada oʻyinlarida yurtimiz vakillari bir qator rekord natijalarni qoʻlga kiritgani qayd etildi.
Masalan, dzyudo boʻyicha bizda ilgari oltin medal boʻlmagan edi. Bu safar matonatli dzyudochi qizimiz Diyora Keldiyorova tomonidan ushbu marra zabt etildi.
Olimpiya oʻyinlari tarixida oʻzbekistonlik ayollar oʻrtasida birinchi marta oltin medalni qoʻlga kiritdi. Shu tariqa Diyora yana bir rekord oʻrnatdi.
Yana bir jasur qizimiz – Svetlana Osipova esa, taekvondo boʻyicha birinchi kumush medalni egallab, mamlakatimiz ayollar sporti tarixida yangi sahifa ochdi.
Shu tariqa sportchi qizlarimiz bitta Olimpiadada ilk bor 2 ta medalni qoʻlga kiritib, yangi rekord oʻrnatishga erishdilar.
Oʻzbekiston taekvondo boʻyicha birinchi marta Olimpiya oʻyinlarida 2 ta medalni qoʻlga kiritdi.
Ayniqsa, mohir sportchimiz Ulugʻbek Rashitov Olimpiya harakati solnomasida taekvondo boʻyicha eng yosh toifada ikki karra Olimpiya chempioni boʻldi.
Shu paytgacha dunyoda faqat 4 nafar sportchi shunday yuksak sharafga sazovor boʻlgan edi. Ulugʻbek esa beshinchi boʻlib, ularning safidan munosib va mustahkam joy egalladi.
U oyogʻidan qattiq jarohat olganiga qaramay, shiddatli final jangida kuchli raqibga qarshi mardona jang qilib, gʻolib qahramonga aylandi.
Boks boʻyicha milliy terma jamoamiz oltin medallar soni boʻyicha mamlakatimiz tarixida Olimpiya oʻyinlari rekordini yangiladi va umumjamoa hisobida 1-oʻrinni egalladi.
Erkaklar oʻrtasida yettita oltin medalning beshtasini yoki 71 foizini bizning bokschilarimiz qoʻlga kiritdilar.
Fursatdan foydalanib, Prezidentimiz Oʻzbekiston iftixorlari – mohir bokschilarimiz Bahodir Jalolov, Hasanboy Doʻsmatov, Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev, Lazizbek Mullajonov, Abdumalik Xaloqovni ana shunday shonli yutuqlari bilan yana bir bor qizgʻin tabrikladi.
Erkin kurash boʻyicha 12-yillik tanaffusdan soʻng yana Olimpiada oltin medali qoʻlga kiritilgani ham tarixiy yutuq boʻlgani taʼkidlandi.
Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari mohir kurashchi Razambek Jamalovni ham samimiy qutlab, unga yangi zafarlar tiladi.
Mamlakatimiz jamoasi erishgan yutuqlarda kumush medal sohibi – ogʻir atletikachi Akbar Joʻrayev, bronza medal sovrindorlari – erkin kurashchi Gʻulomjon Abdullayev, tajribali dzyudochilarimiz Muzaffarbek Toʻraboyev, Alisher Yusupovning ham hissasi katta boʻlgani eʼtirof etildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring