Toyloqda ilk bor asalarichilik festivali oʻtkazildi

14:17 16 Noyabr 2025 Jamiyat
369 0

Zarafshon daryosi va Dargʻom kanali oraligʻida joylashgan Toyloq tumanida azaldan dehqonchilik va bogʻdorchilik aholi turmush tarzining ajralmas qismi boʻlib kelgan. Bogʻdorchilik rivojlangan joyda tabiiyki, asalarichilikni kengaytirish uchun ham qulay sharoit yaratiladi. Shu bois tumanda keyingi yillarda asalarichilik tarmogʻi rivoj topib bormoqda. Bugungi kunda nafaqat viloyatda va Respublikamiz ichki bozorlarida, balki xorijiy mamlakatlarda ham “Toyloq asali” nomini tanishmoqda.

Tuman hokimligi tomonidan ilk bor tashkil etilgan “Toyloq Asalarichilik festivali-2025” tadbiri doirasida yetti xazinaning biri boʻlgan asalarichilik sohasining salohiyati, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tajribasi va asal mahsulotining xilma-xilligi keng jamoatchilikka namoyish etildi.

Ilmobod mahallasidagi tabiati soʻlim “Dargʻom” oʻrmon xoʻjaligi hududida tashkil etilgan festivalda Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirining birinchi oʻrinbosari Obidjon Qudratov, mazkur vazirlik huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Gʻofurjon Qarshiyev, viloyat va tuman jamoatchiligi vakillari, Toyloq, Samarqand hamda Urgut tumani fuqarolari ishtirok etdi.

Qatnashchilarga EKO turizm yoʻnalishida Toyloq tumani imkoniyatlari, tabiiy asal, propolis va boshqa mahsulotlarning tayyorlanish jarayonlari, sifat koʻrsatkichlari va foydali xususiyatlari haqida batafsil maʼlumotlar berildi.

Tadbirning asosiy maqsadi ham asalarichilik sohasini qoʻllab-quvvatlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni ragʻbatlantirish, hududning turizm salohiyatini keng jamoatchilikka tanitish hamda ekologik toza mahsulotlarni targʻib qilishdan iboratdir.

Tumanda koʻp yillardan buyon faoliyat yuritib kelayotgan “Orzu Olim Dilmurod asallari” asalarichilik — naslchilik fermer xoʻjaligi tizimdagi eng yirik xoʻjaliklardan hisoblanadi. Bu yerda bugungi kunda 500 asalari oilasi jamlangan boʻlib, bir mavsumda 10 tonnadan ortiq asal yetishtiriladi.

Tadbirda fermer xoʻjaligi rahbari Orifjon Ilyosovga Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligidan roʻyxatdan oʻtkazilgan “Orif bobo Asallari” tovar belgisi hamda esdalik sovgʻalari tantanali ravishda topshirildi.

- Xalqimiz dasturxoniga toza, sifatli va servitamin asal yetishtirish bilan birga asalarichilikni rivojlantirish, yangi asalari oilalarini koʻpaytirishni reja qilganmiz, — deydi “Orzu Olim Dilmurod asallari” asalarichilik — naslchilik fermer xoʻjaligi rahbari, “Doʻstlik” ordeni sohibi Orifjon Ilyosov. — Bugungi kunda fermer xoʻjaligimizda 10 nafar yoshlar mehnat qilyapti. Hozirda naslchilik laboratoriyasini ham tashkil qilyapmiz. Kelgusida yana 10 ta ishchi oʻrni yaratishni rejalashtirganmiz. Mahsulotimizni Respublikamizning barcha hududlariga yetkazib beryapmiz. Qolaversa, tizimdagi qator tanlovlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritib kelayapmiz. Mehnatimiz munosib taqdirlanayotganidan xursandmiz.

Tumanda keyingi yillarda yakka tartibda oʻz xonadonlarida asalari parvarishlayotgan dehqon xoʻjaliklari safi ham kengayib boryapti. Bugungi kunda

hududda 20 dan ortiq asalchilik dehqon xoʻjaliklari mavjud boʻlib, ular ham yiliga 1 oiladan 40 kilogrammdan ortiq asal olishmoqda.

- Asal mashaqqatli mehnat, sabr-toqat timsoli. Asalarichilik mehnati ogʻir, oʻziga yarasha qiyinchiligi boʻlgani bilan maroqli va daromadi ham shunga yarasha, — deydi “Shokirov Elyor” dehqon xoʻjaligi rahbari Elyor Shokirov. — Masalan biz oz boʻlsada asal yetishtirib yaxshigina qoʻshimcha daromad olyapmiz. Chunki, oʻzimizdan ortganini sotamiz. Asal ming dardga davo boʻlgan tabiatning eng nodir neʼmatlaridan biri. Uning sogʻlik uchun foydasi juda katta ekanligi amaliyotda isbotlangan. Immunitetni koʻtarib, organizmni tozalashining oʻziyoq inson uchun kifoya.

Festival davomida viloyatda asalarichilik sohasini rivojlantirishga qaratilgan seminar ham tashkil etildi. Tajribali asalarichilar hamda mutaxassislar ishtirok etgan ilmiy-amaliy konferensiyada sohaning bugungi holati, istiqbollari va innovatsion yondashuvlar muhokama qilindi.

Shuningdek, ushbu hududning ekologik turizmni rivojlantirish borasidagi imkoniyatlari taqdimot qilindi.

- Ushbu festival orqali biz nafaqat asalarichilikni targʻib qilish, tajriba almashish, yangi gʻoyalar va texnologiyalarni joriy qilmoqchimiz, balki ushbu soʻlim “Dargʻom oʻrmon xoʻjaligi”da turistik salohiyatni rivojlantirish maqsadida dam olish maskaniga aylantirishni, xorijlik va mahalliy sayyohlarni jalb etishni rejalashtirganmiz, — deydi tuman hokimi Begzod Rahmatullayev. — Festival asosida maxsus “Asalarilar yoʻli” deb nomlangan ekologik turizm marshrutini tashkil etish koʻzda tutilmoqda. Mazkur marshrut orqali sayyohlar asalarilarning tabiiy muhiti, oʻrmon fitosanitar holati, asalari oilalari parvarishi, dorivor oʻsimliklar turlari va asalari mahsulotlarining shifobaxsh xususiyatlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻladilar. Bu Dargʻom oʻrmon xoʻjaligining oʻziga xos biohavza tizimini namoyish etadigan noyob turistik yoʻnalishga aylanadi. Mazkur festival va yangilangan ekologik marshrutlar Samarqand shahriga kelgan sayyohlarning Toyloq tumanida ham koʻproq qolishiga xizmat qiladi. Chunki, Dargʻom oʻrmon xoʻjaligi, asalarichilik xoʻjaliklari, mahalliy mahsulotlarning degustatsiya maydonlari va qoʻshimcha koʻngilochar xizmatlar birgalikda taqdim etilganda, turistlarda qoʻshimcha kun sarflab bu maskanlarni tomosha qilishiga, mahalliy mahsulotlarni xarid qilishiga va unutilmas taassurotlarga ega boʻlishiga kuchli ragʻbat paydo boʻladi. Bu esa viloyatimizga turizmdan tushadigan daromadlarni oshirish va iqtisodiy faollikni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Festival doirasida asal koʻrgazmasi va degustatsiyasi, bolalar uchun “Men asal rasmini chizaman” musobaqasi, hunarmandlar yarmarkasi, milliy qadriyatlarni aks ettiruvchi koʻrgazmalar hamda yigʻilganlar uchun konsert, dorboz va boshqa koʻngilochar dasturlar tashkil etildi.

Shuningdek, viloyat va Respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan, eng faol asalarichilar hamda “Obodlik koʻngildan boshlanadi” tashabbusi doirasidagi “Eng obod mahalla” va “Eng obod tashkilot” tanlovlari gʻoliblariga tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Tadbir davomida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida koʻchatlar koʻrgazmasi tashkil qilinib, ushbu hududdagi 1 gektar maydonda “Yoshlar bogʻi”ni yaratishga kirishildi.

Abdulaziz Yoʻldoshev

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?