Toʻy madaniyati yoki hayotimizdagi eng oʻtkir ijtimoiy muammo

18:11 05 Avgust 2025 Jamiyat
176 0

Xalqimiz bolajon. Oʻzi yemay, kiymay farzandlarining yaxshi kunlariga yigʻib yuradi. Toʻy qilib, el oldidan oʻtayin deydi. “Falonchi zoʻr toʻy berdi” degan gap unga moydek yoqadi. Ammo toʻy el-ulus uchun yozilgan toʻkin dasturxon emas, balki ikki yoshning baxti, bir umrlik shirin turmushi va azaliy qadriyatlarimizga boʻlgan sadoqatning ramzi sifatida qadrlanadi. Biroq bugungi kunda toʻylar oʻz mazmun-mohiyatidan uzoqlashib, koʻz-koʻz qilinadigan, iqtisodiy zoʻriqish va ijtimoiy tengsizlikni chiqaruvchi vositaga aylanib bormoqda. Toʻylardagi ortiqcha dabdabalar, rasmiyatchiliklar va ijtimoiy tengsizliklar oilalarni moliyaviy xavfga duchor qilmoqda. Ayniqsa, yoshlarning ongida dabdababozlikka moyillikni shakllantirmoqda. Toʻylarni ixchamlashtirish orqali bu muammolarga yechim topsa boʻladi. Ammo...

Ijtimoiy reyting va soxta obroʻ kimga kerak?

Respublikamizdagi har bir viloyatning, hatto har bir qishloqning toʻy bilan bogʻliq oʻziga xos anʼanalari, urf-odatlari bor. Masalan, Toshkent va Samarqand shaharlarida oʻtkaziladigan toʻy marosimlari tobora dabdabali tus olmoqda. Bu yerdagi isrofgarchilik, keraksiz anʼanalar orzu-havas emas, balki maʼnaviy bilimning yetishmasligi ifodasidir. Serhasham mehmonxonalardagi fayzli dasturxonlar, yuz millionlab soʻmlik qalin puli va kuyovdan talab qilinadigan turli shartlar hayot meʼyorlariga soya solayotgan holatlardir. Bu shov-shuvlar aslida muhabbat va mehrga emas, balki ijtimoiy reyting va obroʻ orttirishga xizmat qilmoqda. Natijada toʻydan keyingi hayot toʻgʻrisidagi fikrlar ikkinchi oʻringa tushib qolmoqda.

Maʼlumotlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, bugungi kunda baʼzi oilalarda toʻy xarajatlari ularning yillik daromadining ikki-uch barobaridan oshib ketadi. Shu bois toʻy qilayotganlarning yarmidan koʻpi banklardan kredit olishiga toʻgʻri kelmoqda. Shunday boʻlsa-da, ayrim joylarda hali-hanuz kalin puli, mazar eltish, salom puli kabi udumlar saqlanib qolgan. Bu na kuyovga, na kelinga yengillik olib keladi. Aksincha, toʻy sababli qarzga botgan oilalarda maʼnaviy tushkunlik, yoshlar orasida esa norozilik kayfiyati paydo boʻlmoqda. Umidsizlik, yoshlikdagi ishonchsizlik ularni nafaqat iqtisodiy, balki ruhiy jihatdan ham tanglikka olib kelyapti.

Har qanday anʼana millatning tarixiy xotirasi va madaniy belgisi hisoblanadi. Qalin puli, mazar eltish kabi urf-odatlar ham oʻz davrida maʼnaviy va ijtimoiy vazifalarni bajargan. Lekin ularni oʻzgartirmasdan, oʻzgarib borayotgan jamiyatga moslashtirmasdan saqlash, nafaqat iqtisodiy muammolar, balki oilalar orasidagi tengsizlikni ham kuchaytirishi mumkin. Shu bois hayot tajribasiga ega keksalarimiz anʼanalarni toʻliq rad etish emas, balki ularni qayta shakllantirish, maʼnaviy mazmuniga sodiq qolgan holda iqtisodiy jihatdan yengillashtirish tarafdori boʻlib bormoqda. Zamonaviy, qisqa, samimiy muhitda oʻtkaziladigan toʻylar jamiyat uchun ijobiy xislatdir. Albatta, bunda yoshlarning ijtimoiy tafakkuridagi oʻzgarishlar juda muhim ahamiyat kasb etadi.

“Toʻy xarajatini kamaytirib, yangi uyga toʻlov qildik...”

Ixcham toʻy bu nafaqat, kuyov va kelinning quvonchi, balki jamiyatning maʼnaviy ifodasidir. Agar toʻy marosimlari qayta maʼno kasb eta boshlasa, ular insonlar orasidagi samimiyatni tiklashga xizmat qiladi. Bu jarayonda asosiy vazifa ziyolilar, ulamolar, mahalla faollari va OAV orqali jamoatchilik ongini oʻzgartirishdir. Oila qurish marosimida insonlar bir-birining qalbiga quloq tutsin, nafs va obroʻ uchun emas, muhabbat va eʼtibor uchun yigʻilsin. Toʻy aslida jamoaviy masʼuliyat degani. Chunki toʻy bu ota-ona, mahalla, hamjamiyatning ham maʼnaviy birlashuv nuqtasidir. Agar toʻyni shunga yarasha isloh qilsak, nafaqat iqtisodiy barqarorlik, balki madaniy sogʻlomlashuvga ham erishamiz.

—Bizga oʻgʻlimiz ibrat boʻldi,—deydi Qoʻrgʻontepa tumanida istiqomat qiluvchi Saydullo Fazliddinov. —Xabaringiz boʻlsa, bizda kelin tomon toʻydan avval kichik mazar yuboradi. Unda besh-oʻnta savatda yemak-ichmak va sovgʻa-salomlar boʻladi. U orqali biz qoʻni-qoʻshnilarga toʻydan darak beramiz. Toʻydan bir kun oldin katta mazar olamiz. Bunda 30-40 ta savatda salatdan tortib to pishiriqqacha yuboriladi. Bu bilan kuyovning joʻralari mehmon qilinadi. Toʻydan keyin yana 40 kun mazar tashiladi. Oʻgʻlim shu odatlarning barchasiga nuqta qoʻydi.

“Shu iltimosimga rozi boʻlsangizlar uylanaman, boʻlmasa yoʻq”, dedi u. Undagi qatʼiyat oldida oʻzimdan uyalim ketdim. Shu bois, men ham oʻzim bilan bogʻliq katta bir marosimga nuqta qoʻydim. Yaʼni, fotiha toʻyiga! Odatda, toʻydan avval kuyov tomondan 10-15 nafar erkak kelinnikiga borib, mehmon boʻlib kelishadi. Ziyofat shu qadar quyuq boʻladiki, xarajati sal kam toʻy bazmidan qolishmaydi. Kelin tomonga “Fotiha toʻyiga bormaymiz, kutmanglar” dedim. Mendagi bu shijoatdan ayolim har qancha hayratlanmasin, u ham oʻgʻlimizga munosib boʻlgisi keldi. Ayollar bilan bogʻliq barcha udumlarni rad etdi. Xullas, toʻy kuni ertalab erkaklarga osh berdik. Shu kuni tushga yaqin ayollarni mehmon qildik. Toʻyning ertasi kuni oʻgʻlimiz joʻralarini toʻplab, choyxonada osh berdi. Toʻydan iqtisod qilingan mablagʻga ozgina qoʻshib, kelin-kuyov uchun uyning boshlangʻich toʻlovini amalga oshirdik.

Bugungi kunda toʻy dabdababozlik ifodasi emas, balki ertangi hayot uchun muhim poydevor vazifasini oʻtashi kerak. Kimlarningdir orzu-havasini deb kecha uylangan kuyov kelinni tashlab uzoq xorijda ishlab, qarz uzishi qaysi orzu-havas mezonlariga toʻgʻri keladi? Modomiki, farzandlarimizning baxtli kelajagi uchun masʼul ekanmiz, bu mavzuda muhim bir qarorga kelish vaqti keldi. Siz nima deysiz, aziz gazetxon?

Saminjon HUSANOV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?