Togʻlar yelkalab turgan qishloq

14:04 13 Mart 2025 Jamiyat
82 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Surxondaryo viloyati oʻzining boy tarixi va goʻzal tabiati bilan mashhur. Xususan, Sariosiyo tumanidagi Sangardak qishlogʻi hayratlanarli maskanlardan biridir. Togʻlar bagʻrida joylashgan bu manzil betakror manzaralari va muqaddas qadamjolari bilan sayyohlarni oʻziga jalb qilmoqda. Bu qishloq Sangardak darasi va sharsharasi, rang-barang oʻsimlik va hayvonot dunyosi, buloq va chashmalari bilan mashhur. Dengiz sathidan 2000 metr balandlikdan tushadigan sharshara tabiatning betakror moʻjizasidir. Kamalak misoli tovlanib oqayotgan suv bahri dilingizni ochib, xushkayfiyat bagʻishlaydi. Sharsharaning muzdek suvi salomatlikka foydali.

Sangardak daryosi tepasidagi togʻ ustida Xoʻjai ilgʻor ziyoratgohi joylashgan. Xoʻjai ilgʻor ziyoratgohining nomi Xoʻjaipesh, Xoʻjai baland, Xoʻjai ustun, deb ham ataladi. Qabr togʻning tepasida boʻlib, ustiga bir xonali chogʻroqqina xonaqoh qurilgan. 2019-yilda ziyoratgoh “Vaqf” xayriya fondi Surxondaryo boʻlimi tasarrufiga oʻtkazilib, xonaqoh oldiga 1 ming 80 ta zina barpo etilgan. Bu maskan yoz faslida ziyoratchilar bilan gavjum boʻladi. Qiya togʻ bagʻridan sizib chiqadigan toʻrtta buloq suvi shifobaxsh xususiyatga ega.

— Keyingi yillarda Sangardak qishlogʻi yanada koʻrkam va obod maskanga aylandi, — deydi Sangardak MFY raisi Oʻrozboy Mirzayev. — Togʻ qoʻynida keng yoʻllar barpo etilib, sayyohlar uchun zarur sharoit yaratildi. Machit, oshxona va boshqa xizmatlar koʻrsatish shoxobchalari qurildi. Bitta mehmonxona, yigirmadan ortiq mehmon uyi tashkil etildi. Togʻ bagʻrida yetti qavatli muhtasham “Sangardak” sanatoriysi qad rostladi. “Sangardak chevarlari” tikuvchilik korxonasi ishga tushirilib, koʻplab xotin-qizlar bandligi taʼminlandi. Shu kunlarda qishlogʻimiz bilan Qashqadaryoni bogʻlaydigan yangi avtomobil yoʻli ishga tushirilish arafasida. Bu yoʻl poytaxtdan sayyohlarning Sangardakka kelishini 4-5 soatga qisqartiradi. Sangardak turizm qishlogʻi maqomiga ega. Bu mahalliy aholining turizmdan daromad topishiga qulay muhitni yaratmoqda.

Prezidentimizning 2024-yil 16-dekabrdagi “Surxondaryo viloyatining togʻli-rekreatsion hududlarida turizm infratuzilmasini yaxshilash hamda zamonaviy xizmat koʻrsatish va turizm obyektlarini barpo etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori vohaning turistik imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. Qarorga muvofiq, Sariosiyo tumanidagi “Sangardak”, Boysun tumanidagi “Omonxona” turizm qishloqlari hamda Jarqoʻrgʻon tumanidagi “Oqtepa” suv omborining qirgʻoq boʻyida “Obihayot” turistik markazlari bunyod etish ishlari boshlab yuborildi.

— Mazkur qonun ijrosi doirasida 2025-2027-yillarda ushbu hududlarda mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari, xizmat koʻrsatish majmualari, dam olish maskanlarini qurish uchun boʻsh yer uchastkalarini 10-yil muddatda teng ulushlarda toʻlash sharti bilan elektron onlayn auksion savdoga chiqarilmoqda, — deydi viloyat hokimi oʻrinbosari Joʻrabek Toʻrayev. — Loyiha 945,5 gektar maydonda amalga oshiriladi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, loyihalarni amalga oshirish uchun 1 trillion 604 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ sarflanishi koʻzda tutilgan. Ularning yillik ishlab chiqarish samaradorligi 50,5 million dollarni tashkil etib, 753 kishining bandligini taʼminlanadi. Sangardak qishlogʻi hududida 1,8 kilometrli osma dor barpo etiladi. Bundan tashqari, xizmat koʻrsatish majmualari va turizm infratuzilmasi obyektlari, jumladan, mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari, sogʻlomlashtirish, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat koʻrsatish inshootlari, sanatoriy va xalqaro umummavsumiy kurort zona tashkil etiladi. Uning loyiha qiymati 887,7 milliard soʻmni tashkil etadi. Ushbu maqsadlar amalga oshsa, 400 dan ortiq kishining doimiy bandligi taʼminlanadi.

Mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash yoʻlida koʻrsatilayotgan beqiyos gʻamxoʻrlik tufayli eng olis va chekka hududlar ham ulkan bunyodkorlik maydoniga aylanmoqda. Ming marta eshitgandan bir marta koʻrgan afzal, deganlaridek Sangardak qishlogʻiga keling, bunga oʻzingiz amin boʻlasiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер