“Toʻdakoʻl”da Xalqaro shaxmat maktabi qurilmoqda

Foto: Illustrativ foto
Soʻnggi yillarda mamlakatimiz shaxmatchilarining xalqaro musobaqalarda erishgan yutuqlari dunyoda Oʻzbekiston tanilishi, respublikamizda sportning ushbu turi yanada ommalashishiga zamin yaratdi. Albatta, bu mamlakatimizda shaxmatni rivojlantirishga qaratilgan eʼtibor va munosib ragʻbatning samarasidir. Zero, sport shunday sohaki, har qanday eʼtibor ham, eʼtiborsizlik ham natijada birdek oʻz aksini topadi. Bunga koʻplab misollar keltirish mumkin. Aytaylik, dunyoga futboldek millionlar oʻyinini tuhfa etgan inglizlar yarim asrdan oshibdiki, jahon birinchiligida gʻoliblikni qoʻlga kirita olishmayapti. Mutaxassislar buni Angliya ichki chempionatida mahalliy futbolchilarga eʼtibor sustligi bilan izohlashadi.
Shaxmatga qaytsak, erishilgan marralarni yanada mustahkamlash maqsadida Respublikamiz Prezidentining 2022-yil 5-avgustdagi “Shaxmatni yanada ommalashtirish va rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinib, unda Qiziltepa tumanining “Toʻdakoʻl” dam olish bazasi hududida maktabdan tashqari davlat sport-taʼlim muassasasi hisoblangan Xalqaro shaxmat maktabi qurilishi belgilangan.
Qarorda mazkur maktab zarur shaxmat anjomlari va uskunalari bilan jihozlanib, zamonaviy xalqaro talablar va standartlarga javob beradigan moddiy-texnik hamda oʻquv-mashgʻulot bazalariga ega boʻlishi nazarda tutilgan. Shuningdek, turli darajadagi xalqaro va mintaqaviy musobaqalar — Shaxmat olimpiadasi va Osiyo oʻyinlari, Jahon va Osiyo chempionatlari, universiadalar hamda boshqa musobaqalarda Oʻzbekistonning sharafini munosib himoya qilishga qodir boʻlgan xalqaro darajadagi shaxmatchilarni tayyorlash maqsadida maktabga yuqori malakali mutaxassis-trenerlar, psixologlar va uslubchilar, shu jumladan jahonning mashhur xalqaro grossmeysterlari jalb etilishi belgilangan.
— Oʻtgan davrda Xalqaro shaxmat maktabi qurilishining uch bosqich obyektlarining loyiha hujjatlari ishlab chiqilib, tasdiqlandi, — deydi Zarafshon qurilish boshqarmasi “Navoiy” qurilish-montaj boshqarmasi boshligʻi Olimjon Foxirov. — Muhandislik-geologiya qidiruv ishlari bajarilib, qurilish moʻljallangan hududdagi daraxtlar viloyat ekologiya boshqarmasi bilan kelishgan holda koʻchirildi.
Hozirgacha oʻquv blokida elektr asbob-uskunalari va suv quvurlarini montaj qilish, yuz oʻrinli yotoqxonada gʻisht terish, yotoqxona binosida ichki va tashqi pardozlash ishlari nihoyasiga yetkazilyapti. Shaxmat maktabining sport zali yaqin kunlarda tayyor holga keltiriladi. Oʻquv binosining ichki qismida gipsokarton devorlarni oʻrnatish, yotoqxonaning ikkinchi qavatida suvoqlash ishlari jadal surʼatlarda olib borilmoqda. Trenajyor mashgʻulotlar zalining tomi yopildi. Binoning old qismiga zamonaviy panel, yotoqxonaning tomiga profnastil oʻrnatilmoqda. Xalqaro shaxmat maktabi hududi obodonlashtirilib, boʻsh maydonchalar, yoʻlaklar oraliqlariga gul va daraxt koʻchatlari oʻtqazilmoqda.
Taʼkidlash joiz, mazkur maktab qurilishi shunchaki inshoot bunyod etilishi emas, balki mamlakatimiz Prezidenti qarorida belgilanganidek, har yili Xalqaro shaxmat maktabida jahonning mashhur xalqaro grossmeysterlari ishtirokida yosh shaxmatchilar uchun trening va mahorat darslarini oʻz ichiga olgan mavsumiy oromgoh, “Toʻdakoʻl” brendini ishlab chiqish va targʻib qilish orqali Xalqaro shaxmat maktabi faoliyatini ommalashtirish manbai hamdir. Shubhasiz, buning ham samarasi tez orada oʻzining ijobiy natijalarini koʻrsatadi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Senatning qirq beshinchi yalpi majlisi 29-sentabr kuni chaqiriladi
- Chustda bogʻcha tarbiyalanuvchilari doridan zaharlanganmidi yoki... Vaziyatga aniqlik kiritilmoqda
- Hanjouda Osiyo o‘yinlariga start berildi. Ochilish marosimidan fotoreportaj
- Shavkat Mirziyoyev Italiya sobiq prezidenti vafoti munosabati bilan taʼziya yoʻlladi
- Astraxanda VIII Kaspiy mediaforumi boʻlib oʻtdi
- Hanjou-2022: Futbol boʻyicha Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi yarim finalda!
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring