Tilga xizmat — butun millatga xizmat

16:48 22 Oktyabr 2025 Jamiyat
435 0

Ayni kunlarda butun mamlakatimiz boʻylab 21-oktyabr — Oʻzbek tili bayrami shukuhi kezib, yurtdoshlarimiz qalbiga ushbu ulugʻ shodiyonaning soʻnmas nafasi tobora kirib bormoqda. Xususan, tantanalar azim Toshkentda ham ayricha mehru muhabbat bilan nishonlanmoqda.

Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida ikki kun davom etgan “Oʻzbek tili uchun” nomli yirik madaniy-maʼrifiy tadbir ham oʻzgacha kayfiyat va sururda boʻlib oʻtdi.

Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirning asosiy maqsadi — davlat tilining jamiyatdagi nufuzini yanada oshirish, yoshlar ongida ona tiliga mehr va hurmat tuygʻusini uygʻotish, navqiron avlodni zamonaviy tafakkurga ega barkamol shaxslar sifatida tarbiyalashdan iborat.

20 — 21-oktyabr kunlari boʻlib oʻtgan yigʻinda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan “Ibrat farzandlari”, “Mutolaa”, “Ustoz AI”, “Wikimarafon”, “Uzchess”, “Qizlar akademiyasi” va “Milliy karaoke”, “Yoshlar uchun ming kitob” loyihalari ham yigʻilganlar eʼtiboriga taqdim etildi.

Tadbirning oʻzagi — nafaqat tilimiz nufuzini oshirish, balki xalqimizning oʻqish madaniyati, ilmiy tafakkur va tahliliy fikrlash koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasi boʻldi.

Tantananing birinchi kuni aynan “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasi taqdimoti bilan boshlandi. Avvalda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev soʻzga chiqib, mehmonlarni bayram bilan qutladi va yoshlar tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar borasida soʻz yuritdi.

Shundan soʻng, loyiha yuzasidan videorolik namoyish etildi, hisobot taqdimoti va loyiha ijodkorlarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

— “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasining yana bir muhim jihati tarjima jarayoniga 180 nafardan ortiq mutaxassis, tarjimon, muharrir va dizaynerlarning jalb etilganidir, — dedi loyiha menejeri Eldor Asanov. — “Akademnashr”, “Asaxiy Books”, “Zabarjad Media”, “Cosmos Books”, “Ijodnashr” kabi yetakchi nashriyotlar hamkorligida amalga oshirilayotgan bu ishlar Oʻzbekistonning xalqaro miqyosda tan olinayotgan ilmiy va adabiy tarjima markaziga aylanish yoʻlida muhim qadamlardandir. Kitoblarning bosma va elektron nusxalari mamlakatdagi kutubxonalar, taʼlim muassasalari hamda Milliy kutubxona fondiga bepul yetkaziladi. Ayni kunlarda “Kitoblar karvoni” orqali yangi nashrlar mamlakatimizning barcha hududlariga yetkazilmoqda, markaziy kutubxonalar esa ularni oʻz fondlariga qabul qilish jarayonini boshladi.

Darhaqiqat, ushbu loyiha navqiron avlod vakillarining intellektual salohiyatini oshirish, ilmiy va badiiy tafakkurni uygʻun rivojlantirish, tarjima maktabini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Quvonarlisi, loyiha qisqa muddatda yaxshi natijalarga erishdi, xususan, bu paytgacha sara 50 ta asar oʻzbek tiliga tarjima qilinib, 27 tasi nashr etilgani soʻzimizning tasdigʻidir. Maʼlumotlarga koʻra, yana oʻnlab kitoblar chop etilish arafasida.

Tadbirning ikkinchi kuni ham qizgʻin kechdi. Unda yoshlar, ijodkorlar va OAV vakillari uchun fotozonalar, kitob yarmarkalari, film premyeralari hamda interaktiv viktorinalar tashkil etildi. Shuningdek, “Mutolaa” filmining premyerasi, “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasi tarjimonlari bilan uchrashuv, “Wikimarafon” gʻoliblarini taqdirlash marosimi va milliy multimedia kontent namoyishlari boʻlib oʻtdi.

Umuman olganda, tadbirlar davomida taqdim etilgan loyihalar nafaqat yoshlar faoliyatining turli yoʻnalishlarini qamrab olgani, balki ularning har biri ona tilining fidoyi targʻibotchilari, milliy ruh va zamonaviy tafakkurning birlashgan timsollari sifatida shakllantirganini kuzatish mumkin.

Misol uchun, “Ibrat farzandlari” loyihasini olaylik. U yosh avlod oʻrtasida oʻzbek tilida notiqlik, nutq madaniyati va ijodiy ifoda koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan. “Wikimarafon” esa oʻzbek tilidagi onlayn kontent hajmini oshirish, Vikipediyada sifatli maqolalar yaratish va milliy merosni raqamli makonda keng targʻib etishni zimmasiga olgan. “Bek va Lola” loyihasi yosh tomoshabinlarga oʻzbek tilida yaratilgan yangi avlod animatsion mahsulotlarini yetkazmoqda. “Mutolaa” loyihasi esa oʻqish madaniyatini qayta tiklab, soʻz, fikr va oʻzbek tilining qudratini yoshlar qalbida uygʻotuvchi harakatga aylangan. “Ustoz AI” loyihasi oʻzbek tilining raqamli texnologiyalar tiliga aylanish yoʻlidagi dadil qadamdir.

Umuman, tadbir davomidagi barcha loyihalar faoliyati, gʻoyalari va ruhi bilan “Tilga xizmat — millatga xizmat” gʻoyasini amaliy ifoda etdi.

Qayd etish darkor, bunday tashabbuslar natijasida oʻzbek tilidagi zamonaviy kontent hajmi yildan-yilga ortib bormoqda. Bu jarayon esa nafaqat tilni rivojlantirish, balki uni global kommunikatsiya tili sifatida shakllantirishga turtki beradi.

“Oʻzbek tili uchun” tadbiri mohiyatiga koʻra ona tilining zamonaviy jamiyatdagi oʻrnini mustahkamlovchi yoshlar harakatiga aylana oldi, desak, mubolagʻa emas. Shuningdek, u yoshlar qalbida ona tiliga sadoqat, milliy gʻurur va zamon bilan hamnafaslik ruhini kuchaytirishi bilan ham ahamiyatlidir.

Rahmatjon BOBOJONOV

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?