“Tilda, fikrda, ishda birlik” kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi

16:50 19 Fevral 2025 Madaniyat
509 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Prezidentimiz tashabbusi bilan 2024-yil 1-yanvardan boshlab chop etilayotgan “Jadid” gazetasi oʻtgan qisqa davrda oʻz oʻquvchilarini topishga ulgurdi. Bu bejiz emas, albatta. Mazkur nashr jonajon Vatanimizni sevgan, uning taraqqiyoti va porloq kelajagi uchun oʻzini daxldor sezgan har bir yurtdoshimiz, maʼrifatparvar ajdodlarimizga munosib izdosh boʻlishga intilayotgan jasoratli ziyolilarimiz uchun minbarga aylanib bormoqda.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Gazeta sahifalarida jadidlarning millatni isloh etishga oid gʻoyalari, asarlaridan namunalar, shuningdek, “Davr ruhi”, “Oyina”, “Jamiyat”, “Zamon jadidlari”, “Taklif”, “Mulohaza”, “Tamaddun”, “Boqiy meros”, “Fikr maydoni” kabi ruknlar ostida taniqli siyosatchilar, sotsiologlar, adabiyotshunoslar, yozuvchi va shoirlar, publitsistlar, olimlar, tarixchilarning ilmiy-ommabop maqolalari berib borilmoqda.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Albatta, har bir nashrning oʻz rivojlanish yoʻli, mamlakatimiz ravnaqida oʻz oʻrni bor. “Jadid” gazetasi esa matbuotni “butun dunyodagi madaniy millatlarning hayot yoʻllari, olamdagi darajalari hamda insoniyat taraqqiysining eng yuqori pogʻonasiga erishmoq uchun lozim boʻlgan saʼy-harakatlari toʻgʻrisida bir-birlari bilan maslahat va kengash qilmoq uchun bagʻoyat zarur bir vosita”, deb bilgan jadid bobolarimizning ezgu anʼanalarini davom ettirishga intilayotgan nashr sifatida media maydonida yuz koʻrsatdi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi davrida huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish yoʻlida chuqur islohotlar amalga oshirilar ekan, matbuot va soʻz erkinligini taʼminlashga jiddiy eʼtibor berilmoqda. Ommaviy axborot vositalari ommaga yurtimizdagi tarixiy yangilanishlarni roʻyirost koʻrsatadigan, turli sohalarda mavjud kamchilik va muammolarni xolisona tahlil qilib, ularning yechimlarini beradigan fikr va qarashlar, talqinlar kurashi maydoniga, jamiyat yuziga tutilgan koʻzguga aylanib bormoqda.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

“Jadid” gazetasi ana shu qizgʻin jarayonda xalqimiz oydinlarining mustabid tuzum zamonida ilgari surgan gʻoyalari, istiqbol rejalariga urgʻu qaratib qolmay, yurtimizda roʻy berayotgan bugungi oʻzgarishlarning maʼno-mohiyati hamda ahamiyatini oʻziga xos usul va uslubda yoritishga harakat qilyapti.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

“Tilda, fikrda, ishda birlik!” kitobida tahririyat jamoasining bir yillik faoliyati sarhisobi oʻlaroq nashr sahifalaridan joy olgan eng sara maqolalar, tabriklar, dil soʻzlari, jozib sheʼrlar, kichik tadqiqotlar, tahlillar, taqqoslar, talqinlar jamlandi. Shu maʼnoda, toʻplamga kiritilgan materiallarni gazetada chop etilgan ijodiy ishlarning qaymogʻi, deyish mumkin.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Kitob oʻziga xos koʻrkam dizayn va koʻrinishga ega boʻlib, tezda oʻquvchilar eʼtiborini tortadi. Milliy anʼanalarga hamohang bezaklar, rangli fotosuratlar uning siyratini yanada boyitgan.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Toʻplamning ilk sahifalaridan davlatimiz rahbarining “Jadid” gazetasi jamoasi va mushtariylariga yoʻllagan tabrigi joy olgani uning ahamiyati hamda nufuzini yanada oshirgan.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

XX asr boshlarida xalqimizni ozodlik uchun kurashga chorlagan, Vatan istiqboli yoʻlida jon fido qilgan bobolarimiz hayoti hamda faoliyatini chuqur oʻrganish, keng targʻib etish davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan yangi Oʻzbekistonda “Jadid” gazetasi chop qilinishi, shuningdek, tahririyat jamoasi mehnatlari mahsuli oʻlaroq dunyo yuzini koʻrgan “Tilda, fikrda, ishda birlik!” kitobi hozirgi tahlikali, ong-u qalbga qaratilgan axborot xurujlari avj olgan zamonda bebaho qiymat kasb etadi. Ushbu loyihalar xalqimizni maʼnaviy uygʻoqlikka chorlash, vatanparvar, millatsevar avlodni kamolga yetkazishga katta hissa qoʻshadi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Shu yilning 19-fevral kuni “Jadid” gazetasida chop etilgan sara maqolalar asosida tayyorlangan “Tilda, fikrda, ishda birlik” kitobining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Tadbirda diplomatik korpus vakillari, jadidshunos olimlar, atoqli adib va publitsistlar, sanʼat vakillari hamda jamoatchilik ishtirok etdi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Tadbir doirasida jadidlar hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan kitoblar, tasviriy sanʼat asarlari koʻrgazmasi namoyish etildi. Shuningdek, Oʻzbekiston davlat drama teatri repertuaridagi “Turkiston bolalari” spektaklidan parcha yigʻilganlarga taqdim qilindi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Tadbir yakunida “Jadid” gazetasi tomonidan oʻtkazilgan “Mushtariylar eʼtirofi” tanlovi gʻoliblari taqdirlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер