Tibbiyot oliy oʻquv yurtlarining IELTS sertifikati bor talabalariga vazir stipendiyasini berish yoʻlga qoʻyiladi — SSV

11:17 01 Oktyabr 2023 Jamiyat
659 0

Jahon ilm-fanida erishilayotgan yutuqlarni oʻrganish, toʻplangan tajribalarni oʻzlashtirishda chet tillarini bilish juda muhim. Shu boisdan bugun yurtimiz oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan talabalar oldiga xorij tillarini mukammal bilish talabi qoʻyilmoqda.

Ayni paytda mamlakatimizdagi mavjud 11 ta tibbiyot oliy taʼlim muassasasida tahsil oluvchi talabalar orasidan 7,5 va undan yuqori boʻlgan ingliz tili IELTS sertifikatiga hamda nemis va fransuz tilini bilish darajasini belgilovchi S1 darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega boʻlgan talabalar koʻp.

Tabiiyki, ularda dunyoning yuqori reytingida turgan universitetlarga grantni qoʻlga kiritish imkoniyati juda katta.

Shu bois Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov tizim faollari ishtirokida oʻtgan yigʻilishda amaldagi tartibga oʻzgartirish kiritish hamda bunday iqtidorli va izlanuvchan talabalarga vazir stipendiyasini toʻlab borish tizimi joriy etilishini maʼlum qildi.

— Agar buni amaliyotga tatbiq etsak, chet tillariga qiziquvchi qolgan talabalar ham ularga ergashib, xuddi shunday yuqori natijalarga erishishga intiladi, — dedi A. Inoyatov. — Buning uchun tibbiyot oliygohlari rektorlari iqtidorli talabalarga alohida eʼtibor qaratishi, har bir kafedra oʻqituvchisi ilm yoʻlini tanlagan boʻlajak yosh mutaxassislarni yaqindan qoʻllab-quvvatlashi zarur.

Qayd etilishicha, mazkur yangilikni joriy qilish boʻyicha yaqinda huquqiy asoslar ishlab chiqilishi koʻzda tutilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?