Tibbiyot muassasalarini yagona yondashuv asosida tashkil etish uchun “master reja” ishlab chiqiladi

13:22 26 Dekabr 2025 Siyosat
124 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida texnikum va ish beruvchilar oʻrtasidagi hamkorlik ham yangi bosqichga olib chiqilishini aytdi.

Xususan, “dual taʼlim” asosida oʻqitishni samarali tashkil qilgan korxonalarga 7-yil muddatga 5 milliard soʻmgacha imtiyozli kredit ajratiladi. Tadbirkorlik reytingida qoʻshimcha 5 ball beriladi.

Korxonalar ishga olgan texnikum oʻquvchisi uchun 1 foizli ijtimoiy soliq imtiyozi yana uch yilga uzaytiriladi.

Shuningdek, 2026-yildan boshlab texnikumlarda “dual taʼlim” asosida taʼlim olayotgan 100 ming oʻquvchiga ilk bor stipendiya toʻlanadi. “Aʼlo” baholarga oʻqiyotgan, tanlagan kasbini puxta egallayotgan oʻquvchilarga esa oshirilgan miqdordagi stipendiyalar beriladi.

Iqtisodiyotning ustuvor yoʻnalishlari uchun yuqori intellektual salohiyatga ega kadrlarni tayyorlashga eʼtiborni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Jizzax politexnika institutini Vengriyaning nufuzli “Abuda” universiteti boshqaruviga berishga qaror qilindi. Oʻzbekistonda “Sukuba” milliy universiteti bilan hamkorlikda aniq fanlar boʻyicha yangi oliygoh tashkil qilish haqida kelishib olindi.

Bu tajriba davom ettirilib, aniq fanlar va texnika yoʻnalishidagi oliygohlarimizga dunyoning eng nufuzli universitetlari jalb qilinadi.

Yana bir masala – mehnat bozoriga yiliga 300 ming oliy maʼlumotli kadrlar kirib kelmoqda.

Endi oliygoh bitiruvchilari va ish beruvchilar oʻrtasida “koʻprik” boʻlib xizmat qiladigan raqamli ekotizim yaratiladi. Unda talabalarning akademik koʻrsatkichlari va korxonalardagi boʻsh ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “onlayn” tarzda koʻrinib turadi.

Ushbu ekotizim bitiruvchi kurs talabalari uchun oʻziga mos ish topish, korxonalarga esa malakali kadrlarni jalb qilish imkonini beradi.

Tibbiyot tizimida ham kasbiy taʼlimni rivojlantirish uchun Angliyaning “Pirson” kompaniyasi bilan har bir hududdagi bittadan texnikumda xalqaro standart asosida hamshiralar tayyorlash boshlandi.

Endi ana shu texnikumlarga Germaniya, Shveysariya, AQSH, Yaponiya kabi davlatlarning taʼlim dasturlari ham joriy etiladi.

Shu asosda xalqaro talablarga javob beradigan, xorijiy tillarni biladigan hamshiralar tarkibi shakllantiriladi.

Keng koʻlamli islohotlar sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirish boʻyicha ham jadal davom ettiriladi.

Tibbiyot muassasalarini yagona yondashuv asosida tashkil etish uchun “master reja” ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari, infarkt, insult, onkologik, nefrologik kabi yuqumli boʻlmagan kasalliklar hamda transplantatsiya, vaksinatsiya, ona-bola salomatligi yoʻnalishlariga 3,5 trillion soʻm ajratiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?