Buxoro davlat tibbiyot institutiga qabul qilingan talabalar qasamyod qabul qildi

16:48 06 Sentyabr 2023 Jamiyat
458 0

Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutining 1-bosqich talabalari alloma tugʻilib oʻsgan Peshku tumanidagi Afshona qishlogʻida buyuk tabib haykali poyida qasamyod qabul qilish marosimi oliygoh tashkil etilgan kundan buyon anʼanaviy tarzda davom etmoqda.

Shifokorlik — sharafli va ayni damda oʻta masʼuliyatli kasb. Bu zahmatli faoliyatga umrini baxshida etmoqchi boʻlgan yoshlar kelgusida nafaqat egnidagi oq libosi, balki qalbiga ham gard yuqtirmasliklari lozim.

Bemorlarga oʻz jon-jigarlari, yaqinlaridek munosabatda boʻlish uchun esa, avvalo, pokiza niyat, olijanob maqsad va qatʼiy ahd zarur! Tibbiyot oliy oʻquv yurtlari talabalarining qasamyodi shunisi bilan ahamiyatli.

Bugun Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutining 1-bosqichiga qabul qilingan yigit-qizlar ishtirokida “Shifokorlikka qasamyod” tadbiri boʻlib oʻtdi.

Aytish kerakki, har oʻquv yilida boʻladigan ushbu anʼanaviy marosimda taʼlim muassasasining 1-bosqichiga qadam qoʻygan talabalar tantanali ravishda qasamyod qiladi.

Joriy yilda ham institutga qabul qilingan 1025 nafar boʻlajak shifokorlar bugun 6 sentyabr kuni — institut tashkil topgan kunda kasbiga sadoqatli boʻlish, har qanday sharoitda tibbiy yordam koʻrsatishga, oʻz manfaatiga berilmaslik uchun bor kuch va gʻayratini sarflashga, halol boʻlishga qasamyod qildi. Abu Ali ibn Sino yodgorlik poyiga gullar qoʻyib, hurmat bajo keltirdi. Yoshlar fikrlar va ishlar pokligi, yuksak ishonch va ajralmas najot ramzi sifatida oq xalat kiyishning ramziy marosimini oʻtkazishdi.

Taʼkidlash lozim, mazkur oliygoh mamlakatimizdagi eng yetakchi tibbiyot oliy taʼlim muassasalari hisoblanadi. Avgust oyida Buxoro viloyatiga tashrifi chogʻida Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur institutda boʻlib, professor-oʻqituvchilar bilan boʻlgan uchrashuvda ham alohida taʼkidlagan edi.

Hozir oʻquv yurtining davolash, tibbiy-pedagogika, tibbiy-profilaktika, tibbiy-biologiya, harbiy-tibbiy va oliy hamshiralik ishi kabi fakultetlarida 10 ming nafarga yaqin talaba tahsil olmoqda. Quvonarlisi, shulardan 2 mingga yaqini xorijlik talabalar hisoblanadi.

Talabalarning qasamyod qabul qilish tadbirida Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev, Peshku tumani hokimi Vahob Qahhorov hamda shu kunlarda Buxoro viloyatida oʻtkazilayotgan “Birinchi Oʻzbekiston — Isroil akademik forumi”da ishtirok etayotgan isroillik olimlar, rektorlar ishtirok etishdi. Tadbir doirasida Abu Ali ibn Sino muzeyiga sayohat ham tashkil qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер