Teng imkoniyatlar kafolati

16:26 26 Mart 2025 Jamiyat
139 0

Har bir bola sifatli taʼlim olish huquqiga ega. Inklyuziv taʼlim nogironligi boʻlgan bolalarga jamiyatning toʻlaqonli aʼzosi sifatida oʻsib-rivojlanish, bilim olish va ijtimoiy hayotga faol qoʻshilish imkoniyatini beradi. Bugungi kunda bunday yondashuv butun dunyo boʻylab keng tarqalmoqda.

Boʻstonliq tumani “Navroʻz” mahallasida yashovchi Saidakbar Bobonazarov ham maxsus taʼlimga muhtoj edi. Uning onasi Fotima Bakiyeva oʻgʻlini tengdoshlari bilan birga oʻqishini istadi. Uning fikricha, farzandi alohida muhitda emas, balki jamiyat ichida kamol topishi, u yerda mustaqil hayotga tayyorgarlik koʻrishi muhim edi.

Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya tavsiyasiga asosan, Saidakbar mazkur tumandagi 3-umumtaʼlim maktabiga qabul qilindi. Inklyuziv taʼlim boshlanganidan buyon uning hayotida koʻp oʻzgarishlar kuzatilmoqda.

— Dastlab juda xavotirlandim, — deydi onasi Fotima Bakiyeva. — Bolam sinfdoshlari bilan til topisha olarmikan, oʻqituvchilar uni tushuna olarmikan, deb oʻyladim. Ammo bir yil oʻtib, Saidakbarning yangi isteʼdodlari namoyon boʻlayotganini koʻrib quvonyapman. U har kuni maktabga xursand boʻlib boradi.

Bu oʻqituvchilarning mehnati, sinfdoshlarining iliq munosabati va maktabda yaratilgan inklyuziv muhit samarasidir. Saidakbar nafaqat oʻqishda, balki sport va sanʼat sohalarida ham oʻz iqtidorini namoyon qilmoqda. U tennis oʻynashni, rasm chizishni yaxshi koʻradi. Futbolga mehr qoʻygan, jamoaviy oʻyinlarda faol qatnashadi.

— Futbolga boʻlgan qiziqishi sinfdoshlari bilan hamkorlik qilishga yordam bermoqda, — deydi uning oʻqituvchisi Nilufar Ergasheva. — Bolalar bilan birgalikda oʻynab, jamoaviy muloqotni rivojlantirmoqda. Maktab tadbirlarida faol ishtirok etadi. Bu uning ijtimoiy hayotga yanada yaqinlashishiga sabab boʻlyapti.

Saidakbarning sinf rahbari Ergasheva Nilufar inklyuziv taʼlim jarayonida alohida mehnat qilmoqda. U bolaning taʼlim jarayoniga tezroq moslashishi, sinfdoshlari bilan muloqot oʻrnatishi va oʻziga ishonch hosil qilishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratib bermoqda.

— Biz uchun har bir bola muhim, — deydi Nilufar Ergasheva. — Saidakbar jamoa orasida oʻzini erkin his qilishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga harakat qildik. Boshqa oʻquvchilar ham unga iliq munosabatda boʻlib, doʻst tutinmoqda. Natijada u nafaqat taʼlim olyapti, balki ijtimoiy hayotga ham faol qoʻshilmoqda.

Inklyuziv taʼlim nogironligi boʻlgan bolalarga mustaqil hayot kechirishga, oʻz oʻrnini topishga va jamiyatning faol aʼzosi boʻlishga yordam beradi. Bu nafaqat ayrim shaxslar, balki butun jamiyat uchun katta yutuqdir.

Elbek SHOYIMQULOV,

Ijtimoiy himoya milliy agentligi

Toshkent viloyati boshqarmasi matbuot kotibi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер