Temur Kapadze: “Kim yaxshi formada boʻlsa, oʻsha boshlangʻich tarkibda oʻynaydi”

15:25 18 Iyun 2022 Sport
846 0

Xabaringiz bor, ertaga “Bunyodkor” stadionida futbol boʻyicha U23 Osiyo kubogi final bahsi boʻlib oʻtadi. Bugun har ikki jamoa murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda dastlab jamoamiz ustozi Temur Kapadze va sardorimiz Jasur Jaloliddinov ishtirok etib, oʻyin oldidan oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashishdi.

“Finalgacha yetib kelganimizdan xursandmiz. Ertaga hal qiluvchi oʻyin. Unga yaxshi tayyorgarlik koʻrmoqdamiz. Har bir bosqichdan irodali oʻtib, ushbu bosqichga yetib keldik. Ertaga bor kuchimizni ishga solib, gʻalaba qozonishga harakat qilamiz”, – dedi T.Kapadze.

“Maqsadimizgacha yana 1 qadam qoldi. Unga erishish uchun borimizni beramiz. Bizning niyatimiz avvaldan faqat chempionlikni qoʻlga kiritish. Ertaga qoʻldan kelgan kuchimizni koʻrsatamiz. Ertaga boshlagan hikoyamizni chiroyli yakunlash niyatidamiz”, – deya gapirdi J.Jaloliddinov.

Tashqi omillar taʼsiri
Bunday omillarni sanab oʻtish mumkin. Lekin hozir buni oʻylaydigan vaqtda emasmiz. Havo issiq va dim boʻlishi, maydon yaxshi holatda boʻlmasligi mumkin. Lekin bunga eʼtibor qilmagan holda faqat gʻalaba uchun maydonga chiqamiz. Bu holat nafaqat bizga, raqiblarga ham taʼsir qiladi.

Saudiya Arabistoni haqida
Raqib kuchli jamoa. Ularni ham oʻrganib chiqdik. Oxirgi oʻyinlarga milliy terma jamoasidan ham oʻyinchilar chaqirgan. Yosh masalasida ham bizdan biroz kattaroq. Umuman olganda, biz saralashda oʻynagan jamoadan farq qiladi. Biroq bu bizga toʻsqinlik qilmaydi. Biz har bir raqibni hurmat qilamiz. Ularda ham zaif tomonlar bor. Biz ulardan foydalanib, gʻalaba qozonishga harakat qilamiz.

Arab jamoalariga qarshi oʻyinlar
Biz har bir uchrashuvdan kerakli tajriba yigʻib, xulosa oldik. Arab jamoalariga qarshi oʻynadik. Saudiya bilan avval koʻp marotaba oʻynaganmiz. Toʻplagan tajribalarimiz bizga yordam beradi, deb oʻylayman.

Finaldagi tarkib
Oʻzgarish haqida bir nima deya olmayman. Kim yaxshi formada boʻlsa, oʻsha boshlangʻich tarkibda oʻynaydi. Ularning har biri men uchun asosiy tarkib futbolchisi. Bizning maqsadimiz aniq, kim tayyor boʻlsa, shu oʻynaydi. Shuningdek, zaxiradan tushadigan futbolchilar ham men uchun muhim hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?