TDIUda “Sogʻlom inson – sogʻlom millat” gʻoyasi ostida “Rektor kubogi” ommaviy sport musobaqalarining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi

Foto: Akmal Muhammadev/“Xalq soʻzi”
2025-yil 13-fevral kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev boshchiligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida olimpiya va paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish, aholi jismoniy faolligini oshirish boʻyicha muhim vazifalar belgilab berildi. Ushbu yigʻilishda yoshlar oʻrtasida sportni targʻib qilish, sport infratuzilmasini rivojlantirish hamda xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishish uchun sharoit yaratish zarurligi alohida taʼkidlandi.

Shu maqsadda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Sogʻlom inson – sogʻlom millat” gʻoyasi ostida “Rektor kubogi” ommaviy sport musobaqalarining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Sport vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi vakillari, universitet rahbariyati, taniqli sport ustalari, professor-oʻqituvchilar, talaba-yoshlar hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Ochilish marosimida mamlakatimizda sport sohasini rivojlantirish boʻyicha ilgari surilgan vazifalar, xususan, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish va aholi jismoniy faolligini oshirish borasidagi muhim masalalar eʼtirof etildi. Shuningdek, oʻtgan oʻquv yili mobaynida milliy va xalqaro sport musobaqalarida yuqori natijalar koʻrsatayotgan talabalar taqdirlandi.

Universitetda start olgan “Rektor kubogi” musobaqalari talaba-yoshlar oʻrtasida sportning 8 ta turi (badminton, stol tennisi, kurash, shaxmat, suzish, futbol, voleybol)ni qamrab olgan boʻlib, gʻoliblar pul mukofotlari va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanishi koʻzda tutilgan. TDIU talaba-yoshlari esa turli sport yoʻnalishlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, milliy va xalqaro darajada yutuqlarga erishib kelmoqda. Xususan, “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Universiada–2024”, “Talabalar ligasi” kabi musobaqalarda, shuningdek, Qozogʻistonda oʻtkazilgan Butunjahon koʻchmanchilar oʻyinlari, Rossiyadagi jahon chempionati, para-armrestling boʻyicha Jahon kubogi va Oʻzbekiston chempionatida universitet sportchilari yuqori natijalarni qoʻlga kiritdi.

Universitet sport infratuzilmasini rivojlantirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Kampuslar va talabalar turar joylarida sport bilan shugʻullanish uchun zamonaviy sharoitlar yaratilgan, ertalabki jismoniy mashgʻulotlar muntazam tashkil etilmoqda. Sport majmualari esa zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangan boʻlib, bu talabalar va sportchilarga samarali mashgʻulotlar oʻtkazish imkonini bermoqda.

Davlatimiz rahbarining sport sohasini rivojlantirish boʻyicha belgilagan ustuvor vazifalari asosida TDIUda amaliy ishlarni yanada kengaytirish, talabalarni sportga keng jalb qilish, ularning jismoniy faolligini oshirish hamda xalqaro musobaqalarda yuqori marralarni egallashlarini taʼminlash maqsadida tizimli chora-tadbirlar davom ettirilmoqda. Shu yoʻl bilan universitet rahbariyati “Sogʻlom inson – sogʻlom millat” gʻoyasini hayotga izchil tatbiq etish orqali talaba-yoshlarimizga har tomonlama qulay sharoit yaratish va ularni jahon arenalarida munosib ishtirok etishga tayyorlashni maqsad qilgan.







Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring