“Tashkent City” hududidagi yer necha puldan sotilgani maʼlum qilindi

19:30 31 Yanvar 2019 Iqtisodiyot
2591 0

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

“Tashkent City” ishbilarmonlik markazi hududidagi har bir sotix yer 20 ming AQSH dollari miqdorida sotilgan. Bu haqda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev maxsus tashkil etilgan matbuot anjumani vaqtida gapirib oʻtdi.

— “Tashkent City” loyihasiga investitsiya kiritish uchun hammaga bir xil taklif berilgan. Yaʼni hududning 1 sotix yeri 20 ming AQSH dollaridan, 1 gektar yer 2 million AQSH dollariga sotilgan. Bu hamma uchun bir xil edi, — deya aytib oʻtgan Jahongir Ortiqxoʻjayev.

Hududning sotilishidan tushgan pulning bir qismi eski Oʻqchi va Olmazor mahallalarida yashagan fuqarolarning uy bilan taʼminlanishi uchun sarflangani, shuningdek, mablagʻning yana bir qismi qurilish ishlarini olib borayotgan ishchilar istiqomat qilishi uchun sharoit, kommunikatsiya tarmoqlarini qurishga sarflangani bildirildi. Jurnalistlarning bu borada aniq summalar, qancha pul tushgani, ularning qaysi ishga qancha miqdorda yoʻnaltirilgani borasidagi shaffof maʼlumotlar haqidagi savoliga “Tashkent City” direksiyasi masʼul xodimlari aniq javob bera olishmadi.

Direksiya tez orada bu borada ham aniq maʼlumotlar rasmiy sayt orqali eʼlon qilinishini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?