“Tashabbusli byudjet”: Birda – yaxshi, birda – yomon...

“Tashabbusli byudjet” loyihasi davlat va jamiyat manfaatlarini oʻzaro uygʻunlashtirish, ijtimoiy masalalarni hal etishda fuqarolar faolligi va ishtirokini taʼminlashga xizmat qilishi bilan gʻoyatda ahamiyatlidir. Bu tajribadan jahon hamjamiyati unumli foydalanib, mushtarak maqsad yoʻlida oʻzaro ishonchli sheriklik, hamfikrlik va hammaslaklik taʼminlab kelinmoqda. Yurtimizda ham ushbu jarayon tobora keng quloch yozib, hamyurtlarimizning quvonchi, eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda. Loyiha doirasida hududlarda koʻp yillik orzular ijobat boʻlayotgani yaxshi, lekin bu borada turli nooʻrin xatti-harakatlar ham koʻp kuzatilayotgani yomon.
Aytaylik, joriy yilda ham Fargʻona viloyatida mazkur jarayonga mahalladoshlar, ustozlar, ota-onalar bilan birga, bolalar ham faol jalb etildi. Har bir ovoz uchun keskin kurash kechib, soʻnggi kunlarda bitta ovozning narxi 50 ming soʻmgacha koʻtarildi...
Ammo nima boʻlgan taqdirda ham bu jarayonning eng quvonarli jihati, u islohotlar jarayonidagi masʼuliyat va daxldorlik tuygʻusi, dunyoqarashimizni oʻzgartirdi. Loqaydlik, eʼtiborsizlik illatiga barham berib, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni qamrab olgan loyihalar ijrosida faolligimizni oshirdi.
Fargʻona viloyatida tashabbusli byudjet loyihasining 2025-yil ikkinchi mavsumi uchun mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan 381 mlrd 77 mln soʻm mablagʻlar ajratildi. Loyihalarni shakllantirish uchun taklif berish bosqichida viloyatdagi 1 ming 63 ta mahalla fuqarolar yigʻinlari toʻliq ishtirok etdi. Loyiha tashabbuskorlaridan 1969 ta taklif kelib tushdi. Tahlillar oʻtkazish orqali ushbu takliflardan 1 ming 697 tasi qabul qilindi.
— Shu tariqa ovoz berish yakuniga koʻra, viloyatdagi 236 ta mahallada 274 ta eng koʻp ovoz toʻplagan umumiy qiymati 381,7 mlrd soʻmlik loyihalar gʻolib boʻldi, — deydi Fargʻona viloyati iqtisodiyot va moliya boshqarmasi bosh mutaxassisi Behzodjon Qodirov. — Bu loyihalar asosan binolarni qurish-taʼmirlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ichki yoʻllar, umumtaʼlim maktablari, sogʻliqni saqlash hamda maktabgacha taʼlim muassasalarini taʼmirlash va jihozlash, koʻcha chiroqlari oʻrnatish, ichimlik suvi va oqava tizimini yaxshilash, mahalla guzarlarini taʼmirlash va tiklash bilan bogʻliq ishlarni qamrab olgan.
Aholining bu jarayonda faol ishtirok etishi mahalliy byudjet mablagʻlari xolis va shaffof ishlatilishi hamda aniq maqsadlar sari yoʻnaltirilishida muhim ahamiyatga ega.
— Bir necha yillardan buyon elektr taʼminoti bilan bogʻliq muammolardan aziyat chekardik, — deydi Rishton tumanidagi “Jahonobod” MFY raisi Xolmurod Qoʻchqorov. —Shu bois mazkur loyiha tashabbusini ilgari surib, qariyb 5,5 mingta ovoz bilan 1,5 mlrd soʻm mablagʻ yutib oldik. Endi mahallaning 10 ga yaqin ichki koʻchalarida elektr taʼminotini yaxshilash va uzluksizligiga erishish choralari koʻriladi.
Yozyovon tumanida ham har bir mahalla, ijtimoiy soha muassasalarining oʻziga xos muammolari borligidan koʻz yumib boʻlmaydi. Xususan, ichki yoʻllarni taʼmirlash, toza ichimlik suvi, elektr va tabiiy gaz taʼminoti, taʼlim muassasalari faoliyati va tibbiy xizmat sifatini yaxshilash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash kabi dolzarb masalalar shular jumlasiga kiradi.
— Bu bosqichda tumanimiz aholisi juda ham faollik koʻrsatgani natijasida viloyatda eng koʻp – 22 ta loyiha gʻolib deb topildi, — deydi Yozyovon tumani iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi Sayfullo Mirzayev. — Bu yaqin istiqbolda qariyb 16 mlrd soʻmlik qurilish-taʼmirlash, jihozlash ishlarini amalga oshirish imkonini beradi.
Bagʻdod tumanida esa 17 ta loyiha gʻolib deya eʼtirof etilishi tuman ahli uchun katta bayramga aylandi. Boisi gʻoliblik imkoni koʻp yillik muammolarga barham berilishini anglatadi.
—“Tashabbusli byudjet” loyihalari yashash sharoitimiz yaxshilanishi, mahallalarimiz obod boʻlishi, tibbiy xizmat madaniyati yuksalishi, yangi avlodning risoladagidek taʼlimi olishida muhim omil boʻlmoqda,—deya suhbatimizni davom ettiradi Bagʻdod tumanida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Damiraxon Yusupova.—Keyingi ikki-uch yilning oʻzida bir necha tibbiyot muassasalari taʼmirlanishi, mahallalarga asfalt yotqizilib, koʻcha chiroqlari oʻrnatilgani, maktablar uchun qoʻshimcha binolar qurilgani quvonarli, albatta.
Misol uchun, soʻnggi ikki yil mobaynida Bagʻdod tumanida 3 ta MFYda oilaviy poliklinkalar binosi mukammal taʼmirlandi, qoʻshimcha bino qurildi hamda yangi jihozlar olib kelindi. Shu bilan birga tuman markaziy shifoxonasining moddiy-texnik bazasi yaxshilandi.
Aytish joiz, joriy yilning 29-avgustida Prezidentimizning “Tashabbusli byudjet jarayonlarini takomillashtirish doirasida xalq vakillari va saylovchilar oʻrtasida hamkorlikni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Unga koʻra, 2026-yildan boshlab “Tashabbusli byudjet” jarayonlari doirasida gʻolib boʻlmagan loyihalarni deputatlar tashabbusiga koʻra gʻolib deb eʼlon qilish amaliyoti ham joriy etiladi.
—Bu qaror jarayonda koʻzga tashlanayotgan baʼzi kamchiliklarga barham berish va hududlarda ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan muammolarni samarali hal etish hamda bu borada saylovchilar oldidagi masʼuliyatni oshirishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi,—deydi xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashi deputati Homidjon Rahimov.—Eng muhimi, bu orqali “Tashabbusli byudjet” tizimi yanada takomillashib borishiga erishiladi. Jarayondagi baʼzi kamchilik va eʼtirozlarga ham oʻrin qolmaydi.
Yangi tartib asosida endilikda deputatlar “Ochiq byudjet” portalida saralashdan oʻta olmagan, biroq aholi uchun muhim boʻlgan har bir mavsum uchun bitta, jami ikkita loyihani gʻolib deb eʼlon qilish huquqiga ega boʻladi. Buning uchun deputatlar joylarda oʻz saylovchilari bilan uchrashib, har yili 1-maygacha ushbu muloqotlar asosida shakllantirilgan takliflarni ijro hokimiyati organlariga taqdim etadi.
Shuningdek, kelgusi yildan loyihalarni moliyalashtirishning yana bir yangi modeli ishga tushadi. Shu asosda portalda deputatlar tashabbusi bilan ilgari surilgan alohida loyiha toifasi joriy etilib, har bir deputat uchun har yili bazaviy hisoblash miqdorining 8000 barobari miqdorida mablagʻ ajratiladi. Agar loyiha qiymatining 50 foizi aholining oʻz hissasi hisobidan moliyalashtirilsa, qolgan qismi respublika byudjeti hisobidan qoplanadi va bunday loyihalar avtomatik tarzda gʻolib deb eʼtirof etiladi.
Shu bilan birga, “Ochiq byudjet” portalida barcha gʻolib loyihalar boʻyicha interaktiv xarita joriy etilib, raqamlashtirish orqali oshkoralik taʼminlanadi. Loyihalar ijrosi ustidan deputatlik va moliyaviy nazorat oʻrnatiladi.
Yakunda esa ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga ajratilayotgan mablagʻlar bevosita soliq toʻlovchilarning taklif hamda tashabbuslari asosida amalga oshirilib, shahar va tuman markazlaridan tortib, eng chekka mahallalarda ham xalqimizning hayot tarzi, dunyoqarashini oʻzgartirish imkoniyati yaratiladi.
Botir MADIYOROV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Sardobaning siri nimada?
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring