“Tarki odat, amri mahol” yoxud asriy savolga javob topilganday

10:01 04 Iyun 2025 Ilm-fan
254 0

London universitet kolleji huzuridagi “Sainsbury Wellcome” markazi olimlari miyadagi odatlarning shakllanishi bilan bogʻliq boʻlgan yangi boshqaruv tizimini aniqlashdi. Ilk marta oʻtkazilgan bu turdagi tadqiqot miyaning faqat bir emas, balki ikkita alohida oʻrganish tizimi mavjudligini tasdiqladi.

Ushbu yangilik odatlarning nega shunchalik qiyinlik bilan buzilishi, giyohvandlik va majburiy harakatlar kabi holatlarda qanday tibbiy yondashuvlar ishlab chiqish mumkinligi borasida ilmiy asos boʻlishi mumkin. “Nature” jurnalida chop etilgan ushbu tadqiqot, Parkinson kasalligini davolash boʻyicha ham yangi eshiklarni ochadi.

Tadqiqot rahbari doktor Markus Stivenson-Jonsning taʼkidlashicha, miya tanlangan harakatga ustuvorlik bergach, natijani baholashga asoslangan tizimni chetlab oʻtadi va avvalgi tanlovga avtomatik tayanadi. Bu esa boshqa qarorlar uchun miya resurslarini boʻshatadi.

Olimlar yangi dopamin signali – “harakatni oldindan bashorat qilish xatosi” (APE) deb nomlangan tizimni aniqlashdi. U ilgari maʼlum boʻlgan “mukofotni bashorat qilish xatosi” dan farqli ravishda, tanlovlar sonini emas, aynan harakatlarning takrorlanishini kuzatadi. Natijada, hayvonlar yoki insonlar eng foydali tanlovni qilish yoki eng koʻp bajarilgan harakatni takrorlashga asoslangan ikkita oʻziga xos oʻrganish yoʻliga ega boʻladi.

Oddiy misol sifatida shirinlik doʻkoniga kirgan odam ilk safar tanlov qilishda vaqt sarflaydi, lekin vaqt oʻtgan sayin tanlagan shirinlikni avtomatik tanlay boshlaydi. Tadqiqotga koʻra, bu holat aynan APE signali orqali boshqariladi. Yangi tizim miyaning xotirani soddaroq usulda tashkil etishiga yordam beradi. Bu orqali har doim har xil variantlarni taqqoslashga hojat qolmaydi va miya bir vaqtning oʻzida bir necha vazifani bajarishi mumkin boʻladi. Masalan, mashina haydashni oʻrgangan inson bir vaqtning oʻzida suhbatlashish imkoniga ega boʻladi.

Olimlar ushbu kashfiyot yomon odatlarni buzishdagi qiyinchiliklarni ham tushuntiradi, deb hisoblaydi. Agar nomaqbul odat oʻrniga yangisini qoʻysak — masalan, chekish oʻrniga saqich chaynash — vaqt oʻtishi bilan APE tizimi bu harakatni yangi odat sifatida qabul qiladi. Shu sababli eski odatni butunlay yoʻq qilish emas, uni yangi harakat bilan almashtirish samaraliroq boʻladi.

Tadqiqotni davom ettirayotgan olimlar hozirda APE haqiqatan ham odatlarning shakllanishida zarur rol oʻynaydimi yoki yoʻqmi, degan savolga aniqlik kiritishga harakat qilishmoqda. Shuningdek, ular har ikki tizim nimani va qanday oʻrganishini oʻrganishda davom etyapti. Ushbu kashfiyot miyaning odatlar tizimini chuqur tushunishga zamin yaratdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер