Tarixiy tashrif hamkorlikni mustahkamlash uchun poydevor yaratdi
Shu yilning 15 — 17 may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlarida ilk rasmiy tashrif bilan bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, delegatsiya a’zosi Sodiq Safoyev muxbirimizga ikki mamlakat o‘rtasida strategik sheriklikning yangi davrini boshlab bergan mazkur tarixiy voqeaning ahamiyati, tashrifning asosiy natijalari haqida so‘zlab berdi.
— Davlatimiz rahbarining tashrifi ekspertlar hamjamiyati, siyosatshunoslar, shu jumladan, Amerikaning eng yetakchi olimlari tomonidan tarixiy, deb baholanmoqda. E’tiborlisi, mazkur ibora ilk marotaba Amerika tomonidan ishlatilgani bejiz emas. O‘ylaymanki, tashrif uchun “tarixiy” iborasi qo‘llanilishiga yetarli asoslar bor.
Avvalambor, bu tashrif O‘zbekistonning milliy manfaatlarini xalqaro jabhada, jumladan, Amerika Qo‘shma Shtatlarida ilgari surishda tarixiy, ya’ni hali ko‘p o‘rganiladigan, chuqur tahlil etiladigan siyosiy voqea bo‘ldi.
Shuni alohida aytish kerakki, siyosatda, ayniqsa, tashqi siyosatda hissiyotlarga berilish, sub’ektiv yondashuvlar asosida ish tutish mumkin emas. Chunki siyosiy vaziyatga real va atroflicha baho berib, shu asosda aniq qadamlar tashlash kerak bo‘ladi. Bu bilan nima demoqchiman? Bugun Amerika Qo‘shma Shtatlari dunyoning eng yetakchi hamda katta ta’sirga ega davlatlaridan biridir. Xohlaymizmi-yo‘qmi, birovga yoqadimi-yo‘qmi, Amerika xalqaro moliya institutlarida, xususan, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa banki va shu kabi boshqa nufuzli tashkilotlarda hal qiluvchi ovozga ega. Qolaversa, AQSh siyosiy jarayonlarda, xavfsizlikni ta’minlashda, jahon iqtisodiyotida mavqei juda baland davlat sanaladi.
Shuning uchun okeanortidagi ushbu davlat bilan hamma hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni istaydi, lekin bu jarayon juda murakkab bo‘lib, barcha ham buni uddalay olmaydi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga rasmiy tashrifi O‘zbekiston hamda AQSh o‘rtasida strategik sheriklikni, birinchi navbatda, O‘zbekistonning milliy manfaatlariga to‘laqonli mos keladigan yo‘nalishlarda rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi. Fikrimcha, tashrifning eng muhim jihatlaridan biri shundaki, dunyoda, jumladan, Amerikada yangi O‘zbekiston vujudga kelgani tan olinmoqda. Yangi davlat, avvalambor, yangi imidjga, yangi xalqaro obro‘ga va yangicha hurmatga ega bo‘lgan davlat deganidir. Mubolag‘asiz aytish mumkinki, Amerikaga tashrif, ushbu mamlakat siyosiy elitasi bilan o‘tkazilgan muzokaralar buning yaqqol tasdig‘i bo‘ldi.
Ikkinchidan, O‘zbekiston Prezidentining bugungi kunda xalqaro miqyosda katta obro‘ga ega ekanligi, eng yetakchi davlatlar rahbarlari tomonidan yuqori hurmat bilan tilga olinayotgani tashrifning muvaffaqiyatli tashkil etilishida muhim rol o‘ynadi. Bunga, ayniqsa, AQSh Kongressidagi muloqotlar misolida guvoh bo‘ldik. Bilasizmi, AQSh Kongressi boshqa mamlakatlar qonun chiqaruvchi organlaridan farq qiladigan kuchli siyosiy institut hisoblanadi. Bu mamlakatda ichki hamda tashqi siyosatga daxldor barcha masala Kongress tasdig‘isiz, mazkur muassasa ma’qullamasa, amalga oshmaydi. Har qanday dasturlarni moliyalashtirish, u yoki bu lavozimga kadrlar tayinlashda hal qiluvchi gapni AQSh Kongressi Senati va Vakillar palatasi aytadi. Masalan, Prezidentimiz uchrashgan senator Orrin Xetchni oladigan bo‘lsak, u AQSh siyosiy iyerarxiyasida, ya’ni isteblishmentida to‘rtinchi pozitsiyada turadi. U nafaqat AQSh Senatining hal qiluvchi qo‘mitasi, ya’ni byudjetni tasdiqlaydigan va taqsimlaydigan qo‘mita raisi, shu bilan birga, AQSh Senati raisi o‘rinbosari sanaladi. Trent Kelli hamda boshqa kongressmenlar esa iqtisodiyot, xavfsizlik masalalarida katta mavqega ega siyosatchilar. Ularning Amerika tashqi siyosatiga ta’siri juda yuqori.
Prezidentimiz bilan muloqotda bo‘lgan amerikalik senator va kongressmenlar, birinchi galda, O‘zbekistondagi islohotlarga, jumladan, davlat boshqaruvini takomillashtirish, demokratiyani, iqtisodiy erkinlikni ilgari surish borasidagi ishlarga nihoyatda yaxshi baho berishdi. Ilgarigi tajribamdan bilamanki, Kongressdagi suhbatlar, muzokaralar juda og‘ir o‘tar edi. Doimo savollar, tanqidiy mulohazalar o‘rtaga tashlanardi. Bu gal — tajribamda birinchi marta Amerika Qo‘shma Shtatlarida olqishdan boshqa gap eshitmadik. Misol uchun, kongressmen Trent Kelli o‘tgan yili sakkiz kishilik delegatsiyaga rahbarlik qilib, yurtimizga tashrif buyurgan edi. U mamlakatimizga uzoqdan, yuzaki baho bermayapti, balki barcha tashkilotlar mutasaddilari bilan uchrashib, o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishgani asosida islohotlar mislsiz tarzda rivojlanib borayotganini, Shavkat Mirziyoyev yetakchiligida amalga oshirilayotgan oqilona, qat’iy hamda uzoqni ko‘zlangan yangilanishlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Amerikalik siyosatchining aytishicha, aynan keng ko‘lamli islohotlar evaziga O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi ishonch avvalgi davrlardagiga nisbatan keskin mustahkamlandi.
Senator Xetch ham O‘zbekiston rahbarini dunyoning eng yirik siyosiy arboblari safida e’tirof etdi hamda Shavkat Mirziyoyevning dovyurak va puxta siyosatini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
O‘zbekiston tarafi ham Kongressning AQSh ijtimoiy-siyosiy hayotidagi tutgan o‘rnini inobatga olgan holda, bu muassasa bilan tizimli ravishda munosabat o‘rnatishga qiziqish bildirmoqda. Prezidentimiz AQShda O‘zbekiston bilan parlamentlararo aloqalarni ilgari surishga qaratilgan kokus, ya’ni hamkorlik guruhini ta’sis qilish tashabbusini bildirdi. AQShlik kongressmenlar mazkur tashabbusga katta qiziqish bilan qarab, bu taklifni yaqin kunlarda ko‘rib chiqajaklarini aytishdi. Chunki, ularning fikricha, mazkur hamkorlik mexanizmidan AQSh Kongressi ham manfaatdordir. Shu sababli Oliy Majlis va AQSh Kongressi o‘rtasidagi hamkorlik guruhini tuzish maqsadga muvofiqligi qayd etildi. Bu nima uchun kerak? Avvalambor, ushbu mexanizm ikki tomonlama parlamentlararo muloqotni, o‘z navbatida, o‘zaro ishonchni mustahkamlash hamda ikki tomon uchun manfaatli masalalarni muhokama qilishda muhim o‘rin tutadi. Shu bilan birga, ma’lumki, tashrif doirasida 12 ta muhim hujjatga qo‘l qo‘yildi. Ochig‘i, bunaqasi hech qachon bo‘lmagan. O‘z-o‘zidan ikki tomonlama munosabatlarimizning huquqiy poydevori salmoqli ravishda kengaydi. Buni hayotga tatbiq etishda parlament nazoratining roli beqiyos.
Parlamentlararo do‘stlik guruhining tuzilishi, shubhasiz, Amerika va O‘zbekistondagi munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratadi.
Xulosa o‘rnida aytganda, o‘zaro munosabatlardagi tarixiy voqea bo‘lgan mazkur tashrif milliy manfaatlarimizga uyg‘un ravishda ikki tomonlama hamkorlikni yangi pog‘onaga ko‘tarishi, shubhasiz.
Qobil XIDIROV yozib oldi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Barselona” La Ligada navbatdagi gʻalabasini qoʻlga kiritdi
- Bugun 2026-yilgi Jahon chempionatiga qurʼa tashlanadi
- Prezident poytaxtda transport tizimini yangilashga doir muhim qarorni imzoladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring