Taqdirin qoʻl bilan yaratur odam
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Jondor tumani “Oxshix” mahallasida istiqomat qiluvchi Sobir Arabov tirikchilik vajidan ikki yilcha sovuq oʻlkalarga borib ishladi. Musofirchilik mashaqqatlarini chekdi. Endi u kunlar bola-chaqam deb yashayotgan bu yurtdoshimiz uchun oʻtmishga aylandi. S.Arabov ayni damda mahalladagi “Najmiddin Komil” masʼuliyati cheklangan jamiyatida mehnat qilmoqda.
— Korxonamiz mebel mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, — deydi jamiyat rahbari Kamol Rahimov. — Oilaviy ishlaymiz. Uch nafar shogirdim bor. Buyogʻini soʻrasangiz, oddiy duradgor usta edim. Uyda turib ishlardim. Keyin faoliyatni kengaytirish fikri tugʻildi. Mebel mahsulotlari tayyorlashga kirishdik. Davlatimiz yaratib berayotgan imtiyozlar tufayli, hokimlik va mahallamiz masʼullari qoʻllab-quvvatlashi bilan shu korxona taʼsischisiga aylandim. “Oxshix” kichik sanoat zonasining tashkil etilgani mahallamizning menga oʻxshagan duradgor-ustalari uchun ayni muddao boʻldi. Chunki avval tarqoq holda ishlardik. Endi ahvol tamoman oʻzgardi. Bankdan ajratilgan 1 milliard 200 million soʻm mablagʻ evaziga zamonaviy dastgohlar xarid qildik. Ishlab chiqarish sexi binosini tikladik.
Aytish joizki, duradgorlik va mebelsozlik mahallaning “drayveri” yaʼni oʻsish nuqtasi sanaladi. Bu yerda azaldan shu hunarga mehr qoʻygan, duradgorlik ortidan roʻzgʻorini but, bozorni toʻkin etib kelayotgan sulolalarning davomchilari yashaydi. Ular saʼy-harakati bilan hududda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida aytsa arzigulik ishlar amalga oshirilmoqda. Hududda “Najmiddin Komil” ga oʻxshab mebelsozlikka ixtisoslashgan oʻnga yaqin yirik korxona faoliyat yuritmoqda. Mahalliy yoshlar tajribali ustalarga shogird tushib, stol-stul, shkaf, divan, kreslo, oshxona jihozlarini tayyorlash sir-asrorlarini oʻrganmoqda. Yumshoq va qattiq mebellar buyurtma asosida nafaqat yon-atrofdagi tumanlar, balki qoʻshni viloyatlarga ham yetkazib berilmoqda. Korxonalarning jami yillik tovar aylanmasi 15 milliard soʻm atrofida. 40 turdagi mebel mahsulotlari ishlab chiqarilayotganining oʻziyoq koʻp narsani anglatadi.
Mahallada toʻrt ming nafarga yaqin aholi istiqomat qilmoqda. 684 ta xonadon bor. Hududda xizmat koʻrsatishning boshqa yoʻnalishlari ham rivojlanib bormoqda. Bu hozir dolzarb sanalgan bandlik masalasiga yechim topish imkonini bermoqda.
— Men ham Sobir akaga oʻxshab Rossiya Federatsiyasiga ishlagani borganman, — deydi mahalladagi “Intizor fayz mebel Buxoro” masʼuliyati cheklangan jamiyati ishchisi Fazliddin Hakimov. — Ketar chogʻimda qizcham olti oylik chaqaloq edi. Oradan ikki yildan sal koʻproq vaqt oʻtib, uyga qaytdim. Bu orada qizalogʻimning tili chiqibdi. Ammo meni yot kishidek qabul qilgani chatoq boʻldi. Anchagacha koʻnikolmadi. Hatto bir muddat “amaki” deb chaqirib yurdi. Men shunda uydan minglab chaqirim olisdaligimda farzandimga otalik mehr-u muhabbati yetishmaganini anglab, juda oʻksindim. Endi ona-yurtimdan uzoqqa ketmayman. Hozir oilam davrasidaman. Bolalarim tarbiyasiga vaqt topayapman. Muhimi, qoʻlimda hunarim bor. Ishlayapman. Xalqimiz “Qozonda bori choʻmichga chiqadi” deb bejiz aytmagan.
Fazliddindan farqli tarzda Bobomurod Asadov xorijga ishlagani ketsammi-ketmasam, degan ikki oʻt orasida. Tumandagi “Poʻloti” mahallasida yashovchi bu yigit ikki oycha Rossiya Federatsiyasida ishladi, ammo oilaviy sababga koʻra zudlik bilan uyga qaytishga majbur boʻldi. Bobomurodni mahalla binosida uchratib qoldik. “Bizga “bola puli” berilarmikan”, degan umidda kelgan ekan.
— Ikki farzandim bor, — deydi u. — Turmush oʻrtogʻim hech qayerda ishlamaydi. Yosh bolali. Oʻzim duch kelgan ishni qilib, uch-toʻrt soʻm pul topaman. Chaqalogʻimni hozir sunʼiy sut bilan oziqlantirishimizga toʻgʻri kelyapti. Kashani 187 ming soʻmga sotib olaman. Uch kunga yetadi. Shuning oʻziga bir oyda salkam ikki million soʻm sarflayapman. Otam, qarindosh-urugʻlardan nasiyaga pul olib turibman. Yelkamdagi qarz ham 6–7 million soʻmga borib qoldi. 25 yoshdaman. Ayni ishlaydigan paytim. Orzu-havaslarim bor. Shularni oʻylab, bahorda xorijga ishlagani ketsammikan, deb turibman.
Darvoqe, mahalla binosi ertalabdan odamlar bilan gavjumlashadi. Kimdir “bola puli”, kimdir moddiy yordam soʻrab kelgan, yana kimdir oilaviy nizo girdobiga tushib qolgan. Ari uyasiga aylangan xonada murojaatchilarning gap-soʻzlarini tinglab, hududda boqimondalik avj pallada, degan fikrga kelasiz.
Mahalla hokim yordamchisi Azizbek Rahmonovning taʼkidlashicha, koʻplab fuqarolar ongida “Bir chetga chiqib ishlab kelishim kerak”, degan refleks hosil boʻlgan. Aksariyati qoʻlimda hunarim bormi, begona yurtda til bilamanmi, ish joyi tayinmi, borsam qiynalib qolmaymanmi, degan savollarni oʻziga bermaydi. Oqibatda kutilmagan tashvishlar, muammolarga duch kelib, qiyin ahvolga tushadi.
Mahallada 2240 ta oila, jami 8360 kishi yashaydi. Hududda mavsumiy ishlaydigan ikkita gʻisht zavodini hisobga olmasa, yirikroq biror bir korxona yoʻq. Chogʻroq tikuv sexlari, issiqxonalar boru ular bilan bandlik masalasini hal etish mushkul. Daromadli ish topilmagach, mahalla fuqarolarining xorijga ishlagani ketishi odatiy hol boʻlib qolgan. Deylik, 2024-yilgi mavsumda 871 kishi xorijga mehnat qilgani joʻnagan. Toʻgʻri, ularning aksariyati sovuq tushishi bilan ortiga qaytdi. Hozir uyda, oilasi bagʻrida. Ammo yashirib nima qildik, koʻpchiligi koʻklam kelishi, kunlar ilishini kutmoqda. Ularning yana ishlagani oʻzga yurtlarga otlanishi ehtimoli katta.
— Hududimizda 14–30 yoshli 1701 nafar oʻgʻil-qiz bor, — deydi mahalla yoshlar yetakchisi Feruzbek Shonazarov. — Ularning asosiy qismi maktablarda, 325 nafari oliy oʻquv yurtlarida tahsil olmoqda. Xorijda ishlovchilar soni mavsum paytida 100 nafardan oshadi. Hozir ham 18 nafari chetda.
Qaytib kelganlar ayni paytda qanday ish bilan mashgʻul? Ularning bandligi toʻliq taʼminlandimi? Bobomurodga oʻxshagan qoʻlida hunari boʻlmagan yoshlarga kasb-hunar oʻrgatish ishlari qay ahvolda? Bugun–erta maktabni tugallab ishlamoqchi boʻlgan oʻgʻil-qizlarga qanday ish oʻrinlari taklif etiladi? Afsuski, aholi, jumladan yoshlar soni koʻp hudud sanalgan Poʻlotida shu kabi savollarga javob olish mushkul.
Fikrimizcha, bu masalalarga yechim topish uchun bandlik masalasini hal etishda yaxshi natija koʻrsatgan “Oxshix”ga oʻxshagan mahallalar tajribasini obdan oʻrganish, aholi oʻrtasida targʻibot ishlarini olib borish, tadbirkorlikni rivojlantirish, 40–50 ish oʻrniga ega korxonalar barpo etish zarur. Bunda “Mahalla yettiligi”ga viloyat, tuman masʼullarining, sohaga daxldor tashkilotlarning koʻmagi kerak boʻladi, albatta. Toki, oz emas, koʻp emas, 8 mingdan ziyod aholi yashaydigan “Poʻloti” har jihatdan namunali, ishsizlikdan xoli hududga aylansin!
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring