Taqdirga basma-bas
Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Tinchlik Muaitbasov viloyat markazidan 150 kilometr olislikda — Konimex tumanining Yangiqazgʻan ovulida istiqomat qiladi. 2016-yil belining qattiq shamollashi asoratidan ikki oyogʻi ham ishlamay qolgan. Shuning ortidan unga 1-guruh nogironligi tayinlangan edi.
— Bir yil toʻshakka mixlanib qoldim, — deydi Tinchlik Muaitbasov. — Navoiy, Toshkentda bir necha bor davolandim, eshitgan tabibimga bordim. Koʻpam nafi boʻlmadi. Butun umr jismoniy mehnat qilgan odamga toʻshak tortish boʻlmas ekan. Ishtaha karnay, til toʻqmoqdek boʻlgach, biror ermak topay, deb mana shu besh sotix yerni oʻzlashtirdim.
Yangiqazgʻan ovuli Qizilqum va Nurota togʻ tizmalari tutashgan adirliklarda joylashgan. Tuprogʻi qumloq — ekin-tikinda koʻp suv va oʻta ehtiyotkorlik bilan oʻgʻitlash va oziqlantirishni taqozo etadi. Tinchlik ogʻa shularga amal qilib, oʻtgan yili pomidor, kartoshka, piyoz va qovun ekib, roʻzgʻorga yetgulik hosil oldi.

— Eng muhimi, salomatligim kundan-kunga yaxshilanib bormoqda, — deydi T. Muaitbasov. — Ertalab soat toʻrtlarda turib, ekin-tikinni tagini yumshataman. Bu yaxshigina badan tarbiya boʻladi. Koʻchatlarning rivojidan koʻnglim koʻtarilib, kun boʻyiga yetgulik kayfiyat olaman. Agar salomatligim shu taxlit yaxshilansa, nasib etsa, bir gektar yerni oʻzlashtirib bogʻ yaratmoqchiman.
Yangiqazgʻanliklar Tinchlik ogʻaning intilish va zahmatiga faqat havas bilangina qarab turgani yoʻq. Sidqidildan qilingan mehnat choʻl sharoitida oʻz mevasini berishi ular qalbida ham shijoat oʻtini yoqqan boʻlsa, ne ajab!
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Yanvar oyida yuz nafardan ortiq amerikalik oʻqish uchun Oʻzbekistonga keldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring