Tanzila Norboyeva Sirdaryoda parlament nazorati doirasida oʻtkazilgan oʻrganish natijalariga bagʻishlangan sayyor majlis oʻtkazdi
Maʼlumki, Oliy Majlis Senati tomonidan respublika hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan dasturlar ijrosi, joylardagi muammoli masalalar va ularni hal etishda ijro organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar doimiy ravishda oʻrganib borilmoqda.
Joriy yilning 17-fevral kuni Oliy Majlis Senati Kengashining Sirdaryo viloyatida boʻlib oʻtgan navbatdagi sayyor majlisida parlament nazorati doirasida oʻtkazilgan oʻrganish natijalari muhokama qilindi.
Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Majlisda Sirdaryo viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishda qator natijalarga erishilganligi qayd etildi.
Jumladan, 2023-yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 5,9 foizga, sanoatda 7,1 foizga, qishloq xoʻjaligida 6,4 foizga, xizmatlar koʻrsatishda 10,9 foizga va qurilishda 7,9 foizga oʻsgan. Aholi jon boshiga YAHM hajmi 23,8 mln soʻmni va oʻsish surʼati 3,8 foizni tashkil etgan.
Investitsiya dasturlari doirasida sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi sohalarida 964 ta loyiha ishga tushirilgan.
Viloyatda oʻtgan yilda 2022-yilga nisbatan qariyb 2 barobarga koʻp toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya va kreditlar oʻzlashtirilgan. 333,2 mln dollarlik sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti amalga oshirilgan.
Ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan yangi turdagi mahsulotlarni mahalliylashtirish boʻyicha 35 ta loyiha doirasida qariyb 1,6 trln soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilgan.
Aholini ish bilan taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilganligi natijasida 132,2 ming kishi doimiy, vaqtinchalik va mavsumiy ish oʻrinlariga joylashtirilgan.
Muhokama jarayonida senatorlar viloyatda amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga hal etilishi lozim boʻlgan masalalarga ham toʻxtalib oʻtdilar.
Jumladan, iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, investitsiyalarni faol jalb qilish, mahalliy sanoatni rivojlantirish va eksport prognoz koʻrsatkichlari ijrosini taʼminlashda ayrim tuman va shaharlarda koʻrilayotgan choralar yetarli darajada emas.
Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi boʻyicha oʻsish surʼatlari 2023-yilda Sayxunobod va Mirzaobod tumanlarida, qurilish ishlari hajmi boʻyicha esa Shirin shahri, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarida 1 foizni ham tashkil qilmagan.
Eksport prognozi koʻrsatkichlari 6 ta tuman va shaharda bajarilmagan. Eksport qiluvchi korxonalar soni Sirdaryo, Mirzaobod va Guliston tumanlarida oʻtgan yilga nisbatan kamaygan.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida ajratilgan kreditlar boʻyicha qarzdorlikni undirish ishlari Sirdaryo tumanida yetarli darajada tashkil etilmaganligi sababli qarzdorlik 2023-yil boshiga nisbatan 400 mln soʻmga oshgan.
Hududiy bandlik dasturi doirasida investitsiyalar va mahalliy sanoatni rivojlantirish hisobiga ish oʻrinlari yaratish rejasi Guliston tumanida 33 foizga va Mirzaobod tumanlarida 52,4 foizga bajarilgan, xolos.
Majlisda senatorlar tomonidan mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha qator taklif va tavsiyalar bildirildi.
Hududning salohiyati, geografik joylashuvi, tabiiy va mineral resurslarini hisobga olgan holda yangi turdagi yuqori texnologik, innovatsiya va fan yutuqlariga asoslangan mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar qabul qilish shular jumlasidandir.
Shuningdek, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga har oyda, dasturlar doirasida belgilangan topshiriqlar ijrosiga masʼul xodimlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida hisobotlar eshitish, dasturlar ijrosini taʼminlashda masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan mutasaddilarga nisbatan taʼsirchan choralar koʻrish zarurligi taʼkidlandi.
Muhokama yakunida Senat Kengashining oʻz yechimini kutib turgan muammoli masalalarni bartaraf etish yuzasidan tegishli qarori qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring