DIPLOMATIK RENESSANS

11:45 10 Noyabr 2025 Siyosat
128 0

Arxiv foto

Yangi Oʻzbekistonning izchil tashqi siyosati uning global maydonda ishonchli va pragmatik hamkor sifatidagi maqomini mustahkamlaydi

Mavhumlik davridagi hamkorlik

Qayta tiklanishning yangi davri, ayniqsa, tashqi siyosat yoʻnalishida koʻproq namoyon boʻlmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan islohotlar tufayli Oʻzbekiston pragmatizm va oʻzaro manfaatli sheriklikka asoslangan diplomatik aloqalarni ham faollashtirmoqda. Davlatimiz xalqaro munosabatlarda ishonchli, masʼuliyatli va aniq maqsadlarga intilayotgan ishtirokchi boʻlib, muloqot ruhini belgilash va hamkorlikning kun tartibini shakllantirishga qodir.

Tashqi siyosat maydonida yuz bergan soʻnggi voqea-hodisalarda Oʻzbekiston yetakchilarga xos boʻlgan shunday rolni bajardiki, buni bemalol “diplomatik tantana” deb atash mumkin. Davlatimiz rahbari soʻnggi kunlarda, nisbatan qisqa vaqt ichida, olib borgan muvaffaqiyatli uchrashuvlarning asosiy mavzulari mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlariga tegishli koʻp milliardlik bitim va kelishuvlar, hamkorlikning gumanitar yoʻnalishi, sayyohlik almashinuvi masalalari boʻlib, bu muzokaralar butun dunyoda tan olingan, eng rivojlangan davlatlar va nufuzli tashkilotlar bilan olib borilgani ahamiyatlidir.

Har qanday voqea yoki yangilikni tushunish uchun shu voqeaning oʻzinigina emas, balki uning maʼnosi, magʻzini anglash muhim. Xoʻsh, bugun biz yashayotgan dunyoning voqeligi, haqiqati nimada?

Har qaysi media-mahsulot bilan tanishishni boshlar ekanmiz, koʻz oʻngimizda butun bir mamlakat yoki mintaqaning fojialari gavdalanadi. Yaqin Sharqda va Ukrainada odamlar halok boʻlishi davom etmoqda. Afrika qitʼasidagi katta-katta hududlarda yangi qarama-qarshilik oʻchoqlari paydo boʻlyapti. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etilayotgan dahshatli voqealarni kuzatib, yuraging orqaga tortib ketadi. Qarangki, bularning hammasi yadro urushi, bir millatning boshqasidan ustunligi, odamlar ongi bilan “oʻynashish”ga urinish kabi masalalar haqida shunchaki soʻz yuritish fonida yuz bermoqda.

Siyosiy sahnada ham shafqatsizlik bundan kam emas. Yangiliklar tasmasidan maʼlum boʻlishicha, davlatlar yaqinlashish oʻrniga, bir-birlari bilan munosabatlarni uzishmoqda. Tashqi siyosatda turbulentlik — qaltis silkinishlar mavjudligi haqidagi soʻzlarga oʻrganib ham qoldik. Bu esa dunyoda beqarorlik, mavhumlik mavjudligini, oddiy qoida va qonuniyatlar ishlamay qoʻyganini anglatadi. Voqealar rivojining murakkabligi va shiddati sababli jarayonlarni oldindan aytishning iloji yoʻq, tartib va tartibsizlik oʻrtasidagi mutanosiblik buzilgan. Ayni vaqtda yuz berayotgan hodisalar bu noaniqlik buhronining markazidir.

Xoʻsh, mana shunday sharoitda Oʻzbekiston qanday yoʻl tutmoqda? U ana shunday noaniqlik saqlanib qolgan vaziyatda mavjud munosabatlarni yanada mustahkamlamoqda. Ayniqsa, mamlakatimizning nafaqat tub manfaatlari, balki umumiy kelajagi mujassam boʻlgan mintaqamiz — Markaziy Osiyoda oʻzaro hamkorlikni kuchaytirmoqda.

Oʻzbekistonning yangi tashqi siyosat yoʻnalishi ochiqlikka asoslangan. Bu esa mamlakatimizning dunyodagi yetakchi davlatlar va kuch markazlari bilan oʻrnatayotgan munosabatlarida, yirik ishtirokchilar hamda bizning pragmatik manfaatlarimiz oʻrtasidagi muvozanatda oʻz aksini topmoqda.

Oʻzbekiston Prezidenti chinakam tashqi siyosiy renessansni boshidan kechirayotgan mamlakatning manfaatlariga tayanadi. Bunday siyosat hayotga tatbiq etilishining natijasi esa maʼlum: bu mamlakat iqtisodiyotiga kiritilayotgan xorijiy sarmoyalar hajmining karrasiga ortishi, xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar, shuningdek, turli sohalarda amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalar sonining koʻpayishidir. Davlatimiz rahbari tashqi sahnada chuqur oʻylangan strategiyani roʻyobga chiqarishda qatʼiyat, shijoat va kuchli irodani namoyon etmoqda.

Soʻnggi bir necha hafta ichida Prezidentimiz Ozarbayjonda Turkiy davlatlar tashkilotining sammitida, Tojikistonda esa “Markaziy Osiyo — Rossiya” formatidagi uchrashuv hamda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlarining yigʻilishida qatnashdi, Bryusselga tashrif buyurdi va bu yerda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim imzolandi. Shuningdek, Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi oʻtkazildi. Soʻngra davlatimiz rahbari Qatarda boʻlib oʻtgan ijtimoiy rivojlanish boʻyicha ikkinchi Butunjahon sammitida ishtirok etdi. Va nihoyat, muhim tarixiy voqea — Prezidentimizning AQSHga tashrifi boʻlib oʻtdi.

Nyu-Yorkdan Vashingtonga

Davlatlar yetakchilarining uchrashuvlarini kuzatish asnosida nafaqat imzolanayotgan hujjatlar va bitimlarni sinchiklab oʻrganish, suhbatlarni tinglash, balki yana oʻsha vaqtdagi tantana va marosimlarga eʼtibor qaratish muhim. Shu maʼnoda dadil aytish mumkinki, Prezidentimizning AQSH rahbari bilan Vashingtondagi uchrashuvi eng yuqori saviyada oʻtdi. Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlari yetakchilari ikki tomonlama strategik sheriklikni yangi bosqichga koʻtarishdi va bu bilan munosabatlarda yangi sahifani ochishdi.

Oʻzbekiston Prezidenti Oq uyning Faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib qoldirdi. Soʻng Oval xonada yetakchilar muzokara oʻtkazdi. Unda Oʻzbekiston bilan AQSH oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi. Joriy yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, jumladan, “S5+1” formatida Markaziy Osiyo va AQSH oʻrtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashildi.

Vashingtondagi uchrashuv bundan bir oydan koʻproq vaqt avval Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda AQSH Prezidenti Donald Tramp oʻrtasida BMT qarorgohida Bosh Assambleyaning 80-sessiyasi doirasida boʻlib oʻtgan uchrashuvning mantiqiy davomi boʻldi. Oʻshanda yetakchilar Oʻzbekiston — AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari va ustuvor yoʻnalishlarini batafsil muhokama qilgan edi.

Qoʻshma Shtatlar Prezidenti Oʻzbekiston yetakchisining 50 dan ortiq yirik Amerika kompaniya va banklari rahbarlari bilan oʻtkazgan uchrashuv va muzokaralari natijalarini yuksak baholadi. Oʻshanda fuqaro aviatsiyasi, togʻ-kon sanoati, muhim minerallar, moliya, innovatsiyalar, kimyo, energetika va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda shartnomalar va istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirildi. Ushbu loyiha va kelishuvlar ikki mamlakatda oʻn minglab yangi ish oʻrinlarini yaratishi taʼkidlandi.

Sentyabr oyida Nyu-Yorkda va noyabr oyida Vashingtonda boʻlib oʻtgan ikki uchrashuv orasida yuqori darajadagi delegatsiyalar oʻrtasida jadal fikr almashishlar boʻldi, katta tashkiliy ishlar olib borildi. Aynan ana shu saʼy-harakatlar yangi muzokaralarga aniq reja va loyihalar, investitsiya, texnologiya va sanoat hamkorligi doirasida chuqur oʻylangan takliflar asosida yondashish imkonini berdi.

Oʻzbekiston rahbari Donald Trampni ichki va tashqi siyosatda erishilgan yuqori natijalar bilan qutladi. Uning oʻtkir xalqaro va mintaqaviy mojarolarni tinch yoʻl bilan hal etishdagi shaxsiy hissasini yuqori baholadi. Oʻz navbatida, AQSH Prezidenti Oʻzbekiston rahbarining Amerika hukumati va yetakchi korporatsiyalari bilan uchrashuvlarini olqishladi.

Yetakchilar qoʻshma loyihalarni ilgari surishda institutsional mexanizmlarni yaratish va takomillashtirish muhimligini taʼkidlashdi. Muzokaralar soʻngida Oʻzbekiston Prezidenti amerikalik hamkasbini oʻziga qulay paytda Oʻzbekistonga rasmiy tashrifni amalga oshirishga taklif etdi.

“S5+1” sammitini alohida qayd etish lozim. Unda Oʻzbekiston Prezidenti ushbu formatni tashkil etgani uchun AQSH yetakchisiga minnatdorlik bildirdi. Bunday format oʻzining oʻn yillik tarixida mintaqaviy savdo, transport-energetika aloqalarini rivojlantirishning samarali mexanizmiga aylangani taʼkidlandi. Ushbu sammit Markaziy Osiyo va AQSH oʻrtasidagi strategik muloqotning yangi bosqichini boshlab berishi aytib oʻtildi. Bu borada aniq tashabbuslar taklif etildi.

Xususan, ishtirokchi mamlakatlarda navbati bilan joylashtiriladigan doimiy faoliyat yuritadigan Kotibiyatni taʼsis etish, davlat idoralari, kompaniyalar va moliya institutlari oʻrtasida tizimli muloqotni taʼminlash maqsadida vazirlar darajasida Investitsiyalar va savdo boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish, “Markaziy Osiyo investitsiyaviy sherikligi” jamgʻarmasini ishga tushirish tashabbuslari bildirildi. Markaziy Osiyoni Janubiy Kavkaz va Yevropa bilan bogʻlaydigan yirik transport-kommunikatsiya va energetika loyihalarini amalga oshirish, minerallarni qidirish, qazib olish va chuqur qayta ishlash borasidagi saʼy-harakatlarni samarali muvofiqlashtirish, shuningdek, tayyor mahsulotlarni global yetkazib berish zanjirlariga kiritish uchun Maxsus qoʻmita tuzish, qishloq xoʻjaligini Amerika texnologiyalarini joriy etgan holda modernizatsiya qilish maqsadida Mintaqaviy agrotexnologik innovatsiyalar sherikligini tashkil qilish takliflari ilgari surildi.

Oʻzbekiston Prezidentining AQSHning yetakchi muzeylarida Markaziy Osiyo mamlakatlarining madaniy merosiga bagʻishlangan qoʻshma koʻrgazmalarni uyushtirish tashabbusi gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Oʻz nutqi soʻngida Prezident Shavkat Mirziyoyev navbatdagi “S5+1” sammitini Samarqand shahrida oʻtkazishni taklif etdi.

Tashrifning amaliy dasturi doirasida amerika kompaniyalari, investitsiyaviy jamgʻarmalari va moliyaviy institutlari vakillari bilan uchrashuv ham boʻlib oʻtdi. Qatnashchilar orasida “Traxys”, “FLSmidth”, “McKinsey”, “Meta”, “Google”, “Amazon” va boshqa korporatsiyalarning top-menejerlari bor edi. Prezident qayd etganidek, soʻnggi sakkiz yilda AQSH bilan tovar aylanmasi 4-martaga koʻpaydi, Oʻzbekistonda 300 dan ortiq amerika kompaniyalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Davlat rahbarining fikricha, hamkorlik boʻyicha erishilgan bu daraja yanada kengroq istiqbolli yangi bosqichning boshlanishi, xolos.

Shuningdek, tashrif doirasida oʻzaro hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi. Unga koʻra, 2030-yilgacha yangi energetika tizimi yaratiladi, foydali qazilmalar Amerika texnologiyalaridan foydalangan holda qazib olinadi va qayta ishlanadi, AQSHning “Google”, “Meta”, “NVIDIA” kompaniyalari bilan raqamli sheriklik kengaytiriladi, “Apple Pay” va “Google Pay” toʻlov tizimlari joriy etiladi, Raqamli akademiya va startap-xablar tarmogʻi yaratiladi.

Prezidentimiz Qoʻshma Shtatlar kompaniyalarining investitsiyaviy takliflarini shaxsan qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Oʻzbekiston ishonchli hamkor va muvaffaqiyat kafolati boʻlib qolishini taʼkidladi.

Donald Tramp “TruthSocial” ijtimoiy tarmogʻida ikki mamlakat oʻrtasida ajoyib savdo-iqtisodiy kelishuv tuzilgani haqida xabar berdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevga konstruktiv suhbat uchun minnatdorlik bildirdi, Oʻzbekiston bilan hamkorlik munosabatlarini uzoq muddatli va strategik, deb atadi.

AQSH Prezidenti shuni ham taʼkidladiki, Markaziy Osiyo — nafaqat strategik jihatdan muhim, balki juda boy manzil, biroq avvalgi prezidentlar tomonidan bu tan olinmagan. Uning qoʻshimcha qilishicha, hozirgi maʼmuriyat ushbu xatoni toʻgʻrilash, Amerikaning mintaqadagi har bir mamlakat bilan hamkorligini kuchaytirish niyatida.

Bu soʻzlardan ayonki, AQSH mintaqaning muhimligini tan olgan holda unga boʻlgan eʼtiborni tiklamoqchi. Bunda Oʻzbekiston Prezidentining yondashuvi, ayniqsa, eʼtirofga loyiq. U tinchlik va barqarorlikni taʼminlashga, kelishmovchiliklarni bartaraf etishga harakat qiladi. Bu esa mamlakatimizni Markaziy Osiyoning tabiiy va ishonchli hamkoriga aylantiradi.

Ushbu fikrni taʼkidlagan siyosiy tahlilchi Djeyms Durso “The Hill” nashridagi maqolasida yozishicha, aynan Oʻzbekiston mintaqaning barcha toʻrt respublikasi hamda Afgʻoniston bilan chegaradosh boʻlib, u Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishda hal qiluvchi rol oʻynadi.

Vatanga xizmat qilish yoʻli

Mamlakatimiz nomi keyingi yillarda xorijiy ommaviy axborot vositalarida tez-tez uchrayapti, u siyosiy tahlilchi va sharhlovchilar tilidan tushmayapti. Ayniqsa, bu yilgi kuzda Oʻzbekiston butun dunyoda yana ham mashhur boʻldi. Bunga xizmat qilgan omillardan biri — YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi Samarqand shahrida oʻtkazilayotgani boʻldi. Mazkur voqea tarixiy ahamiyatga ega. Chunki keyingi 40-yil ichida konferensiya ilk bor Tashkilot shtab-kvartirasidan tashqarida oʻtkazilmoqda.

Unda 190 ta aʼzo davlatlardan va xalqaro tashkilotlardan kelgan 2 800 nafar vakil, jumladan, 70 ga yaqin yuqori martabali rahbarlar qatnashyapti. Sessiyaning ochilishida mamlakatimizga tashrif buyurgan Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich va Slovakiya Prezidenti Peter Pellegrini ham faxriy mehmon sifatida ishtirok etishdi.

Ekspertlar baholashicha, bunday katta anjuman uchun qadimiy Samarqandning tanlanishi bejiz emas. Yaʼni bu — Oʻzbekistonning global madaniyatlararo muloqot rivojiga, madaniy va tarixiy merosni asrab-avaylash va ommalashtirishga, Barqaror rivojlanish maqsadlarini ilgari surish ishiga katta hissa qoʻshayotganligi eʼtirofidir.

Oʻzbekiston Prezidenti oʻz nutqida taʼkidlaganidek, bunday nufuzli forumning mamlakatimizda oʻtkazilayotgani tashkilotga aʼzo davlatlarning Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli, jadal islohotlarga boʻlgan yuksak ishonchining yorqin ifodasidir. “Shonli sakson yillik yubileyini nishonlayotgan YUNESKO oʻtgan davr mobaynida taʼlim, ilm-fan, madaniyat, sanʼat, axborot sohasida global hamkorlik, oʻzaro ishonch va hamjihatlik borasida jahondagi nufuzli institut sifatida oʻzini namoyon etib kelmoqda”, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Samarqandning tanlanishi ramziy maʼnoga ega ekanini taʼkidlagan davlatimiz rahbari buni mazkur shaharning insoniyatning tarix solnomasiga gumanistik gʻoyalar, nodir bilimlar, sivilizatsiyalararo muloqot markazi sifatida kirgani bilan bogʻladi. Prezident aytib oʻtganidek, geosiyosiy keskinlik va harbiy mojarolar taʼsirida sayyoramizdagi noyob yodgorliklar, muqaddas qadamjolar va bebaho madaniy meros katta ziyon koʻrmoqda.

“Davlatlar oʻrtasida bilim va texnologiyalar, raqamli resurslardan foydalanish boʻyicha tafovut ortib bormoqda. Buning natijasida imkoniyatlar tengsizligi va qashshoqlik kuchaymoqda. Bunday murakkab vaziyat YUNESKOning asosiy vazifalarini toʻliq amalga oshirish boʻyicha saʼy-harakatlarimizni har qachongidan ham koʻproq birlashtirishni taqozo etmoqda”, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Oʻzbekiston YUNESKOning oliyjanob va ezgu maqsadlariga qatʼiy sodiq ekanligi, Sharq va Gʻarb, Shimol va Janub oʻrtasida uygʻunlik koʻprigi, barcha uchun ochiq va konstruktiv hamkorlik maydoni boʻlishga hamisha tayyorligi yana bir bor taʼkidlandi.

YUNESKO Bosh direktori Odri Azule Oʻzbekiston rahbariga mehmondoʻstlik va tarixiy tadbirni tashkil etganligi uchun minnatdorlik bildirdi. Oʻz mulohazalari bilan oʻrtoqlashar ekan, u Oʻzbekiston taklifiga binoan YUNESKO tarixida, 40-yilda ilk bor bosh konferensiya Parijdan tashqarida, Samarqandda oʻtkazilayotganini, unda ishtirokchi mamlakatlar soni 110 dan ortiq boʻlganini taʼkidladi. Odri Azule soʻzlariga koʻra, Samarqand — “Quyoshga yuz tutgan shahar”, bu — “madaniyatlar chorrahasida paydo boʻlgan xazina”. Shunday joyning tanlanishi YUNESKO missiyasining asosini tashkil etuvchi qadriyatlar, yaʼni muloqot, hamkorlik va ochiqlik ramzidir.

Bosh direktor Oʻzbekiston Prezidenti kiritgan tashabbuslarga alohida toʻxtalib oʻtdi. Uning soʻzlariga koʻra, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari xalqaro kun tartibining eng dolzarb yoʻnalishlariga tegishlidir. Bu yoʻnalishlar — inklyuziv taʼlimni va xotin-qizlarning liderlik qobiliyatlarini rivojlantirish, sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, hujjatli merosni asrash, iqlim oʻzgarishlariga qarshi kurashish. Bularning barchasi, — dedi Odri Azule, — respublikaning tashkilot gʻoyalari va qadriyatlariga sodiqligi, uning tinchlik, oʻzaro bir-birini tushunish va barqaror taraqqiyot maqsadlari yoʻlidagi qatʼiyatini tasdiqlaydi.

YUNESKO Bosh konferensiyasi prezidenti Xondker Muhammad Talxa ham Oʻzbekistonning saʼy-harakatlarini yuqori baholadi. Anjuman qatnashchilariga murojaat qilar ekan, u Alisher Navoiyning “Bilim va donolik insonning bezagidir”, degan soʻzlarini keltirdi hamda bu soʻzlar Oʻzbekiston Prezidentining yoʻlini juda yaxshi taʼriflashini aytdi. “Aynan bu inson bilim, ilm-fan va umum-qadriyatlar sari boshlangan yoʻlni mukammal ado etib kelmoqda. Va bu qadriyatlar, ayni vaqtda, YUNESKOning ideallari bilan chuqur uygʻunlikdadir”, dedi u davlatimiz rahbari faoliyatiga yuksak baho berib.

Xondker Muhammad Talxaning taʼkidlashicha, “Oʻzbekiston Prezidentining yoʻli haqiqiy davlat arbobining yoʻlidir. Ilmiy salohiyat, maʼmuriy donolik va oʻz mamlakati taqdiri uchun chuqur masʼuliyat hissini oʻzida birlashtirgan bu davlat arbobi oʻzining keng amaliy tajribasi va strategik qarashlariga tayanib, Oʻzbekistonni rivojlantirishning zamonaviy konsepiyasini shakllantira oldi va uni jamiyat manfaati uchun ishonch bilan amalga oshirishda davom etib kelmoqda. Hurmatli Prezident janoblari rahbarligida mamlakat barcha sohalarda misli koʻrilmagan taraqqiyotga erishdi. Oʻzbekiston oʻzini dunyoga ochdi hamda izolyatsiya, alohida chetlanish oʻrniga muloqot va amaliy diplomatiyani afzal koʻrdi. Inson qadr-qimmatini ulugʻlash tamoyillarini qoʻllab-quvvatlagan holda har bir fuqaroning farovonligini taʼminlash yoʻlidan borishni tanladi”.

YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasidagi nutqida davlatimiz rahbari mamlakatimiz YUNESKO bilan hamkorlikni kengaytirishni maqsad qilganini qayd etdi va mazkur yoʻnalishdagi qator tashabbuslarni ilgari surdi. Bular inklyuziv taʼlimni rivojlantirish va sohada sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng qoʻllash, YUNESKOning alohida ehtiyojli bolalar uchun Inklyuziv taʼlimni rivojlantirish platformasini joriy etish, Jahon professional taʼlim sammitini oʻtkazish, yurtimizda YUNESKO ishtirokida “Sunʼiy intellekt — maktab” namunaviy loyihasini amalga oshirish va Sunʼiy intellekt etikasi boʻyicha xalqaro ekspertlar anjumanini oʻtkazishdir.

Shuningdek, xotin-qizlarning yetakchilik qobiliyati va kompetensiyasini taʼminlash uchun global dasturlarni faol ishga tushirish hamda Samarqand shahrida barcha qitʼalarning mashhur tadqiqotchilari, sanʼat namoyandalari, pedagog va ixtirochi xotin-qizlarning Taʼlim, madaniyat va fan sohasidagi global forumini oʻtkazish takliflari ham kiritildi. Iqlim inqiroziga qarshi birgalikda samarali kurashish masalasi ham eʼtibordan chetda qolmadi. Noxolis axborotlarni tarqatish, jamoatchilik fikrini chalgʻitish va diskriminatsiyaga qarshi birgalikda samarali choralar koʻrish jiddiy zaruratga aylanayotgani aytib oʻtildi. Dunyoda dinlararo ziddiyatlar tobora kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda bagʻrikenglik, oʻzaro tushunish va totuvlik kabi umuminsoniy gʻoyalarni keng targʻib etish har qachongidan ham muhimligi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston yetakchisi tomonidan YUNESKO maqsadlari va missiyasi qoʻllab-quvvatlangani, uning xalqlar oʻrtasidagi ishonch va oʻzaro bir-birini tushunish tamoyillarini mustahkamlashga qoʻshgan hissasi anjuman mehmonlarining alohida eʼtirofiga sabab boʻldi. Ularning fikrini umumlashtirgan Xondker Talxaning taʼrificha, konferensiyaning yuqori saviyada oʻtkazilgani Oʻzbekiston Prezidentining tarixiy tashabbusi tufayli amalga oshdi.

Qirgʻizistonning Fransiyadagi elchisi va YUNESKO qoshidagi doimiy vakili Sodiq Sher-Niyoz aytganidek, Bosh konferensiyaning 43-sessiyasi Samarqand shahrida oʻtkazilgani — bu nafaqat Oʻzbekistonning gʻalabasi, balki butun Markaziy Osiyo va barcha turkiy tilli xalqlar uchun katta sharafdir.

“Oʻzbekiston uchun, bizning birodarlarimiz va butun mintaqa uchun faxr tuygʻusi toʻlib-toshdi, — dedi u. — Voqeaning ahamiyatini taʼriflab berish qiyin. Bugun Samarqandda butun dunyoning insonparvarlik elitasi yigʻildi. Bu yerda madaniyat, fan, taʼlim, tevarak-atrof muhofazasini rivojlantirishga, shuningdek, sunʼiy intellektni rivojlantirish yoʻllarini izlashga qaratilgan tarixiy qaror va rezolyutsiyalar qabul qilinmoqda”.

Diplomatning soʻzlariga koʻra, Prezident Shavkat Mirziyoyev kelgusi oʻn yillikda insoniyat oldida turgan strategik vazifalarni aniq koʻrsatib berdi. Bu yoʻnalishlar juda muhim va dolzarb, axir ular nafaqat mintaqaning, balki butun dunyoning gumanitar taraqqiyoti kelajagini belgilab beradi.

Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchichning fikricha, YUNESKOning tadbiri Oʻzbekistonda oʻtkazilishi ushbu mamlakatning jahon madaniy merosini asrashdagi rolining eʼtirofidir. U oʻzining Samarqandda boʻlishini katta sharaf hamda ushbu qadimiy shaharning noyob merosi bilan tanishish imkoniyati, deb hisoblaydi.

— Aminmanki, konferensiya YUNESKOning kelgusidagi tadbirlari uchun namuna boʻladi, u xalqlar oʻrtasidagi madaniy aloqalar va oʻzaro bir-birini tushunishga xizmat qiladi, — deb yakun yasadi soʻziga Serbiya rahbari.

Soʻnggi haftalardagi voqealar shuni tasdiqlaydiki, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan tashqi siyosat oʻzgacha sifat bosqichiga chiqmoqda. Oʻzbekiston nafaqat butunjahon siyosatining yangicha voqeliklariga moslashmoqda, balki oʻzi ham uning faol ishtirokchilaridan biriga aylanmoqda. Koʻrib turganimizdek, pragmatizm, milliy manfaatlar va jahonga ochiqlikni oʻzida birlashtirgan izchil va puxta oʻylangan strategiya roʻyobga chiqarilmoqda. Yetakchi davlatlar bilan birga tashabbuslarni dadil ilgari surish, global gumanitar va madaniy kun tartibidagi asosiy rolni oʻynash — bularning barchasi real natijalarga olib kelmoqda. Yangi Oʻzbekiston oʻzining ishonchli va hurmatli sherik sifatidagi maqomini isbotlayapti va bu maqom chinakam eʼtirofga sabab boʻlmoqda.

Jonajon Vatanimizning bugungi nurafshon tonglari, dunyoda tenglar ichra teng yuksalayotgani har birimizda faxr-iftixor tuygʻularini joʻshtiradi. Qalbni toʻlqinlantirgan gʻurur, quvonch va hayajon beixtiyor sheʼriy misralarga aylanadi:

Dunyoga yuz tutgan Oʻzbekiston bu,
Hali yozilajak minglab doston bu,
Ezgulik, obodlik har qadamida,
Faxr, iftixorli mangu boʻston bu.

Bu olam tan bergan shijoati bor,
Har neni yenguvchi matonati bor,
Fidoyi, tin bilmas, elparvar mudom,
Yurtboshi bor — baxtu saodati bor!

tkir RAHMAT.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер