Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyotni raqamlashtirish va tibbiy taʼlimni takomillashtirish rejalari bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-noyabr kuni Toshkent davlat tibbiyot universitetiga tashrif buyurib, mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirish, tibbiyot muassasalarida xizmatlar sifatini oshirish hamda tibbiy taʼlimni takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi.
Soʻnggi yillarda tibbiyot sohasining oʻziga 230 trillion soʻm yoʻnaltirildi. Buning hisobiga joylarda 187 ta yangi poliklinika va shifoxona ishga tushdi, 1 ming 244 tasi rekonstruksiya qilinib, jihozlandi.
Natijada birlamchi tibbiyot muassasalari quvvati 60 foizga oshib, tibbiy xizmat aholiga ancha yaqinlashdi. Ilgari asosan poytaxtda bajarilgan yuqori texnologik va diagnostika-davolash usullarining 400 dan ortigʻi hududlarda amalga oshirilmoqda. Yuzlab murakkab amaliyotlar viloyat markazlariga, kam invaziv operatsiyalar tuman darajasiga tushirildi.
Birinchi marta 45 ta tumanda buyrak koʻchirib oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Tibbiyotdagi bu oʻzgarishlarni millionlab odamlarimiz oʻz hayotida his etmoqda, xalqaro tashkilotlar tomonidan eʼtirof etilmoqda.
Soʻnggi yillarda yurtimiz tibbiyotida ilgʻor texnologiyalar joriy etilib, taʼlim jarayonlariga ham keng tatbiq qilinmoqda. Xususan, uchta oliy taʼlim muassasasi negizida Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etildi. Urganch davlat tibbiyot instituti faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Sakkizta tibbiyot oliy taʼlim muassasasi xalqaro akkreditatsiyadan oʻtdi. Bu sohada zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega kadrlar tayyorlash imkoniyatlari yanada kengaydi.
Toshkent davlat tibbiyot universitetida infratuzilma yaxshilanishi natijasida taʼlim oluvchilar soni 29 ming 864 nafarga yetdi. Oʻquv jarayonlari eng zamonaviy talablar darajasiga koʻtarildi, raqamlashtirish faol davom etmoqda.
Sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar natijalari haqida axborot berildi. Mamlakat boʻylab davlat tibbiyot muassasalari zamonaviy axborot-kommunikatsiya jihozlari bilan taʼminlandi, yagona raqamli infratuzilma shakllantirildi.
2024–2025-yillarda 3 mingdan ortiq tibbiyot muassasasi lokal tarmoq bilan taʼminlandi. Minglab yangi kompyuterlar xarid qilinib, texnik baza yangilandi.
Prezidentimizga DMED yagona elektron axborot tizimi imkoniyatlari ham taqdim etildi. Bu tizim orqali 36 million nafardan ziyod fuqarolarning tibbiy maʼlumotlari yagona bazada jamlandi. Tez tibbiy yordam xizmatida elektron boshqaruv yoʻlga qoʻyilib, chaqiriqlarga yetib borish vaqti 25-30 daqiqadan 10-15 daqiqagacha qisqartirildi. Yaqin kelajakda “Online-shifokor” xizmati joriy etilib, aholiga masofadan tibbiy maslahat berish imkoni yaratiladi.
Shuningdek, “Elektron retsept” tizimi faoliyati yoʻlga qoʻyilishi natijasida ortiqcha dori yozish holatlari 40 foizga kamaydi, dori vositalari aylanmasi shaffoflashdi. Barcha tibbiy maʼlumotlar biometrik himoya ostida saqlanib, shaxsiy maʼlumotlar xavfsizligi taʼminlanmoqda.
– Zamonaviy tibbiyot muassasalarini barpo etyapmiz, sohada sunʼiy intellektni joriy qilyapmiz, eng ilgʻor uskunalarni olib kelyapmiz. Bu oʻzgarishlar eng quyi boʻgʻingacha yetib borishi zarur. Eng muhimi, har bir tibbiyot xodimining malakasini oshirish, zamonaviy bilim va koʻnikmalar bilan taʼminlashga eʼtibor qaratishimiz lozim. Shundagina harakatlarimiz natija beradi, – dedi Prezident.
“Raqamli sogʻliqni saqlash markazi” faoliyati haqida ham axborot berildi. Unda barcha tibbiyot muassasalarining faoliyati real vaqt rejimida kuzatilib, surunkali kasalliklar va aholi salomatligi koʻrsatkichlari tahlil qilinmoqda.
Prezidentimiz tibbiyot tizimining raqamlashtirilishi bemorlar uchun qulaylik, shifokorlar uchun samaradorlik, davlat uchun esa shaffoflik va tejamkorlikni taʼminlash uchun muhim ekanini taʼkidlab, bu ishlarni jadal davom ettirishni topshirdi.
Tashrif chogʻida universitetdagi zamonaviy taʼlim muhiti va sunʼiy intellekt yordamida faoliyat yuritayotgan oʻquv laboratoriyalari bilan tanishildi. Reanimatsiya, oilaviy poliklinika, shoshilinch yordam, operatsiya, pediatriya, akusherlik va terapiya boʻyicha simulyatsion xonalarda talabalar amaliyot orqali bilim va koʻnikmalarini mustahkamlamoqda. Buning uchun yaratilgan sharoitlar va kelgusi rejalar haqida batafsil axborot berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyotni aholiga yaqinlashtirish, xizmatlar sifatini oshirish, bu jarayonda ilgʻor usul va texnologiyalarni qoʻllashni yanada kengaytirish yuzasidan mutasaddilar oldiga aniq vazifalar qoʻydi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring