Tanzila Norboyeva mahallalarda xotin-qizlar bandligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi

Joriy yilning 18-aprel kuni Senat Raisi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva Toshkent viloyatining Yangiyoʻl va Zangiota tumanlarida boʻldi.
Qayd etish joizki, mamlakatimiz Prezidentining topshirigʻiga asosan Senat Raisi rahbarligidagi respublika ishchi guruhi tashabbusi bilan «Yangiyoʻl tumani tajribasi» boʻyicha 64 ta mahallaning har bir koʻchalari hamda xonadonlarida «mahalla yettiligi» ishtirokida xatlovlar oʻtkazildi. Xatlovlar jarayonida rasmiy daromadga ega boʻlmagan ishsizlar, kasb-hunarga oʻqitiladigan hamda tadbirkorlik qilish istagidagi aholi vakillarining roʻyxatlari shakllantirildi.
Xatlovda aniqlangan muammolar yechimi boʻyicha bugungi kunga qadar 301 nafari ishga joylashtirildi. Shundan 189 nafarini ayollar tashkil etdi. 87 nafar aholiga 1,9 mlrd soʻm miqdorida oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida imtiyozli kredit ajratilib, tadbirkorlikka jalb qilindi. 465 nafar aholi yoʻnalishlar kesimida oʻzini oʻzi bandligi taʼminlanib, 81 nafar ayol kasb-hunarga oʻqitildi.
T. Norboyeva dastlab Yangiyoʻl tumanidagi Tomorqachilikni rivojlantirish milliy markazida tashkil etilgan 67 nafar ehtiyojmand ishsiz fuqarolarga motokultivator topshirish marosimida ishtirok etdi.
Tadbirda Toshkent viloyati hamda tuman hokimlari, hokim oʻrinbosarlari, «mahalla yettiligi», mahalliy Kengash deputatlari, mahalla faxriylari, aholi vakillari ham qatnashdi.
T. Norboyeva aholi, ayniqsa, xotin-qizlar bandligini taʼminlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish, tomorqa yerlaridan unumli foydalanish va bu orqali yuqori daromad koʻrishni taʼminlash asosiy maqsad qilinganini alohida taʼkidladi.
Jumladan, Senat Raisining soʻzlariga koʻra, motokultivatorlarning topshirilishi aholining boʻsh turgan tomorqalardan samarali foydalanishiga, oʻz oʻzini band qilishga, oʻz tomorqasidagi yerni haydashdan tashqari mahalladagi boshqa aholi vakillarining yerlarini haydab berish orqali qoʻshimcha daromadga ega boʻlishiga, bundan tashqari, tomorqalardan samarali foydalanish evaziga respublikamizda oziq-ovqat xavfsizligiga hissa qoʻshishga xizmat qiladi.
Minitexnikalar topshirish jarayonida ushbu ishlar tashkil etilishdan oldin vaziyat tubdan oʻrganilgani, xalqning xohish va istaklari inobatga olingan holda ushbu chora-tadbir amaliyotga joriy qilingani alohida qayd etildi.
Qayd etish joizki, dehqon va qishloq xoʻjaligi sohasida mehnat qiladigan har bir fidoyi yurtdoshimizning joniga oro kiradigan narsa bu uni kerakli texniklar bilan taʼminlashdir. Buni bugun ushbu minitexnikalarga ega boʻlgan aholi vakillarining oʻzlari ham alohida taʼkidlab oʻtdilar.
Shundan soʻng Senat Raisi mahallalarda boʻlib, «mahalla yettiligi», aholi vakillari bilan suhbatlashdi. Ularning faoliyati, shart-sharoitlari bilan qiziqdi.
Jumladan, Yangiyoʻl tumanidagi «Niyozboshi» mahallasida «mahalla yettiligi» bilan suhbat jarayonida hududdagi holat, ishsiz xotin-qizlar bandligini taʼminlash, ularning jamiyatdagi faolligini oshirish borasidagi ishlarga eʼtibor qaratildi. Bu boradagi ijobiy natijalar koʻlamini oshirish uchun zarur boʻlgan koʻrsatmalarini berdi.
Suhbat davomida qayd etildiki, mahalladagi 526 ta xonadondan 420 tasida aholi oʻz tomorqa yerlarida issiqxonalar tashkil etib, pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri va turli xildagi isteʼmolda talab yuqori boʻlgan koʻkatlarni yetishtirish orqali yilning toʻrt faslida ham oʻzi va oila aʼzolarini ish bilan band qilib, ham barqaror daromadga ega boʻlib kelmoqda.
Shundan soʻng Senat Raisi Zangiota tumanining «Olmazor» mahallasiga tashrif buyurib, «mahalla yettiligi» bilan suhbatlashdi. Mahalla fuqarolar yigʻinida tashkil etilgan kutubxonadagi shart-sharoitlar, nafaqat yoshlar, balki yoshi katta insonlarni ham kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishini oshirish yoʻlida qilinayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Mahalladagi xonadonlarga kirib, aholining turmush sharoiti bilan yaqindan tanishdi, xonadon egalari bilan samimiy suhbatlar oʻtkazdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Boshqaruv sohasida xotin-qizlar ulushi necha foiz ekani ma’lum qilindi
- Prezident Shayxontohur tumanidagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida boʻldi
- “Real” braziliyalik yulduzini ashaddiy raqiblaridan biriga sotib yuborishi mumkin
- Maktab yerini koʻp qavatli uylar qurilishi uchun pullamoqchi boʻlgan mansabdorlar qoʻlga tushdi
- Dollarning soʻmga nisbatan qiymati yangilandi
- Shavkat Mirziyoyev Yangi Kamolon mahallasida boʻlib, aholi bilan suhbatlashdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring